Kategoriya: Hikoyalar
Davlatni aldasang Jigokuga tushasan
Davlatni aldasang, «jigoku»ga tushasan degan gapi juda o‘yga soldi odamni
Bahodir Iskandarov,
Shinjuku shahri, Yaponiya. 2019 yil 7 may
«Bugun ertalab ishga ketayotgan edim. Metroda bir bolakayga ko‘zim tushdi. Boshini kitobdan ko‘tarmay ketdi, ancha joygacha. Havasingiz keladi-vey.
Chidab turolmadim. Yonida joy bo‘sh ekan. O‘tirib savolga tutdim. Yapon xalqiga sumimasen (uzr) deb uzoqdan gap boshlamasangiz qo‘rqib ketadi. Men ham uzr deb, savolga tutdim. Javob bergisi kelmay javob berdi.
– Qanaqa kitob o‘qiyabsan?
– Maktabdan bergan uyga vazifamni qilayapman.
– Nega uyda qilmading?
– Uyda ham qildim. Bu yerda ham qilaman. Bilasizmi? Men ko‘p kitob o‘qishim kerak.
– Nimaga?
– Otam bilan onam ajrashgan. Onam meni, juda ham qiynalib katta qilyabdi. Baitoda (soatbay ishlash) ishlab juda ham qiynalayabdi. Men hozir zo‘r o‘qisam kelajakda o‘zimni kaishamni (kompaniya) ochib, onamlarni shachou (kompaniya boshlig‘i) qilib tayinlayman. O‘zimizni uyimiz bo‘ladi… Meni “boqishdan qiynalaman, bola kerakmas” deb ajrashib ketgan otamga ham yordam qilaman, deydi…
Ko‘zlarimga yosh keldi…
Noto‘g‘ri savol berib qo‘yganimdan hijolat bo‘lib, chalg‘itmoqchi bo‘lib, gapni bo‘ldim.
– Satoukun, (ismi Satou ekan, -kun qo‘shimchasi erkalab chaqirishda ishlatiladi) dars qilishni yaxshi ko‘rasanmi?
– Ha, juda ham. Onam aytganlar menga, dars qilsam, yaxshi odam bo‘lsam, odamlarga yordam bersam davlatga ziyonim tegmasa «tengoku»ga tusharkanman.
– «Tengoku» nima?
– «Tengoku»ni bilmaysizmi? Men sizni kiyimlaringizni? Qo‘lingizdagi kitobni ko‘rib aqlli odam deb o‘ylagandim. Ie, ha siz gaikoujinsiz-ku (xorijlik) shunga tushunmadingiz, shekilli. «Tengoku» degani odam o‘lgandan keyin boradigan joy. Yaxshi odamlar «Tengoku»ga tushadi. Yomon odamlar «Jigoku»ga.
Bu gaplarini eshitib, Jannat va Do‘zax haqida gapirayotganini fahmladim. Yana savolga tutdim:
– Satoukun, Jigokuga (do‘zax)ga qanday odamlar tushadi?
– Davlatdan, aldab pul undirganlar, masalan: o‘qimay, ishlamay, “pulim yo‘q, pul beringlar” deb faqat davlatdan pul undiradiganlar tushadi. Yomon odamlar tushadi. Dadamni ham tushadi deb aytishdi menga. Lekin, men xohlamayman.
Bo‘ldi, men keyingi bekatda tushaman. Bay bay. – O‘qishlaringa omad. Ukajon, Ilohim barcha orzularinga erishgin…
Bola tushib ketdi. Qarasam ancha bekat o‘tib ketibman. Kun bo‘yi bola bilan bo‘lgan suhbat haqida o‘yladim. Hali boshlang‘ichda o‘qiydigan bolani, fikrlashi-yu, aqlliligiga tasanno aytdim. Farzand tarbiyasiga qoyil qoldim.
Yaponiya davlatini ancha muncha davlatlardan ildamlab ketganini sababini tushungandek bo‘ldim. O‘qimasa hech kim bo‘lolmasligini, oddiy soatbay ishda ishlab o‘tib ketishini tushungan, kelajakda katta kompaniyani yuritaman, deb bolaligidan qattiq harakat qilgan Satoukunlar rivojlantirgan ekan, Yaponiyani. Juda ko‘p Yaponni ko‘rasiz o‘zimni kompaniyamni ochaman, deb qattiq o‘qib, soatbay ishlab, uxlamay yurganliklarini. Shu sababdan Yapon kompaniyalari dunyoda kuchayib ketgandir, balki.
Davlatni aldasang, «jigoku»ga tushasan degan gapi juda o‘yga soldi odamni.
Baraka top, Satoukun. O‘zingdan necha barobar yoshi katta akanga, «jigoku», «tengokudan», hayotdan, tirishqoqlikdan, kitob o‘qishdan dars berib qo‘yganing uchun…
Mohi Ramazon oylarida duo qilaylik azizlar, bizni yurtimizdan ham shunday, bolajonlar chiqib, yoshlar chiqib, katta – katta kompaniyalar ochib, kuchli olimlar chiqib, ota-bobolarimizni munosib vorislari chiqib O‘zbekistonimizni Yaponiyadek, boshqa rivojlangan davlatlardek yuqori cho‘qqilarga olib chiqsin, Ilohim.
KO'P KO'RILGAN
9-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022
5-sinf yangi elektron darsliklar
19 sen, 2022
7-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022