Demokratiya shunaqa bo'ladimi?
Yoxud bo‘riboyvachchalar davri
Yoshligimda maktabda bir o‘qituvchi meni urganida uyga yig‘lab kelib dadamga aytsam “Ajab bo‘pti. Seni bekorga urmagan. To‘xta mendan ham nasibangni ol” deb quvganlar. Hozir esa bolalarni urish tugul qattiqroq gapirib qo‘ysa darrov telefonga tasvirga olib Internetga chiqarvoryapti. Keyin esa Internetdagi bekorchi to‘da o‘sha muassasaga va o‘qituvchiga malomatni boshlab yuborishadi. Buning ustiga ota-onasi ham o‘qituvchiga yopishadi. Shumi demokratiya?!
Bir tanishim kollejda o‘qituvchi bo‘lib ishlardi. Unga bolalarga hatto “Ikki” baho qo‘ymaysan degan talabni qo‘yishgani uchun bo‘shab ketvordi... Shumi demokratiya?!
Uyimiz yaqinida bo‘riboyvachchalar, ya'ni boylarning bolalari o‘qiydigan “Vunderkind” degan qimmat maktab ochildi. O‘zim qattiq non va quruq buxonka yesam ham to‘lovlarini to‘lab kichkina o‘g‘limni shu yerda o‘qitaman deb niyat qilib yuruvdim. Qo‘shnim o‘sha yerda o‘qituvchi edi. Bir kuni hol-ahvol so‘rasam o‘sha maktabdan uni bo‘shatib yuborishibdi. Nega bo‘shatishdi, deb so‘rasam, dars qilmagan bir bolaga qattiqroq gapirgan ekan maktab ma'muriyati bo‘shatib yuboribdi. Keyin “Bolangizni u yoqda o‘qita ko‘rmang, “O” bo‘lib chiqadi. Sharoit, jihozlar, juda zo‘r, oylik-maoshi juda katta, lekin, o‘qitish yaxshi emas, bolalarning ko‘ngliga qarash eng asosiy vazifa” dedi. Shumi demokratiya?!
Uning gaplarini aniqlash uchun o‘sha yerda farrosh bo‘lib ishlaydigan ayoldan so‘radim. So‘rasam ba'zi kunlar shundoq yeyilmagan qimmatbaho ovqatlarni, go‘shtlarni pomoyga to‘kamiz, dedi. Albatta shundoq bo‘lgach o‘sha yerni bitirib chiqqan bo‘riboyvachchalar mansabdor bo‘lgach “Biz ko‘p go‘sht iste'mol qilyapmiz” deydigan yoki O‘zbekistonni Venesuellaga qiyoslab gapiradigan burnining tagidagini ko‘rmaydigan rahbar bo‘lib yetishadi-da. Yoki Nurbek aytganidek, Fransiyada ocharchilik boshlanganida Fransiya qirolichasi Mariya Antuanettaning huzuriga saroy ayonlari kirib “Xalq och, non yo‘q” desa qirolicha “Non yo‘q bo‘lsa, pirojniy yeyishsin” degan ekan. Aynan shu kabi bo‘riboyvachchalar yetishib chiqadi shunaqa joydan. Shumi demokratiya?!
Nusximiz bugungi holatimizdan ma'lum. Ota-onalarimiz bilan avtobusda ketayotganimizda kattaroq yoshdagilar o‘tirib ketishi uchun bizni turg‘azib yuborishar edi. O‘zimizdan bir yosh katta kishi uchun ham joy berardik. Hozirgi ota-onalar esa bolasi o‘tirib ketayotgan bo‘lsa keksa kishi chiqsa “Tur bolam, joy ber” demaydi. Bolasini papalab, taltaytirib o‘stiradi. Shumi demokratiya?!
Amerikadan qaytib kelgan bir tanishim aytuvdi. Oilang bilan u yerda yashab bo‘lmaydi. Chunki maktabda ota-ona bolani ursa yo qattiqroq do‘q qilsa qaysi telefon raqamiga, qaerga murojaat qilishni, sudga berishni darslikka kiritgan, dastur qilib o‘rgatadi, degandi. Shu narsalar asta-sekin bizga ham kirib kelayapti. Shumi demokratiya?!
Biz farzandlarimizni terisi juda yupqa, tishi mayda qizbolasifat qilib tarbiyalamayapmizmi?! “Bo‘riboyvachcha” atamasi ishlatishda “Shum bola” asaridagi Sariboyning arzandasi ismidan foydalandim...
Fasebookdan olindi
KO'P KO'RILGAN
9-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022
5-sinf yangi elektron darsliklar
19 sen, 2022
7-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022