Kategoriya: Salomatlik
Go‘daklarda mayda motorikani rivojlantiramiz
Onalarning hammasi bolalarda qo‘llarning mayda motorikasini rivojlantirish kerakligini biladi. Biroq hamma ham buni qay tarzda bajarish kerakligini va umuman mayda motorika o‘zi nima va uning qanday o‘ziga xos xususiyatlari borligini bilmaydi. Motorikani rivojlantirish uchun bolalar bilan qanday mashg‘ulotlar, o‘yinlar va mashqlarni o‘tkazish kerak Mayda motorika – bu qo‘l-oyoqlarning kaftlari va barmoqlari bilan mayda va aniq harakatlarni bajarish qobiliyati. Mayda motorika sohasi ko‘p sonli turli-tuman harakatlarni o‘z ichiga oladi: oddiy ishoralardan tortib (masalan, o‘yinchoqni ushlab olish) to juda murakkab harakatlargacha (masalan, yozish va rasm chizish).
Mayda motorika tug‘ilgan paytdanoq rivojlana boshlaydi. Oldiniga go‘dak o‘z qo‘llarini o‘rganadi, keyin ularni boshqarishga o‘tadi. U buyumlarni butun kafti bilan ushlaydi, keyin esa faqat ikkita (katta va ko‘rsatkich) barmog‘i bilan oladi. So‘ngra bolani qoshiq, qalam, mo‘yqalam kabi buyumlarni to‘g‘ri ushlashga o‘rgatishadi.
Mayda motorikaning juda muhim xususiyati bor. U bolaning asab tizimi, ko‘rish qobiliyati, diqqat-e’tibori, xotirasi va idrok qilishi bilan bog‘liq. Bundan tashqari, bolaning nutqi rivojlanishi uchun ham mayda motorikani rivojlantirishga katta e’tibor qaratish lozim.
Mayda motorikani rivojlantirish uchun mo‘ljallangan mashg‘ulotlar, o‘yinlar va mashqlar
Mayda motorikani rivojlantirish uchun ko‘plab mashg‘ulotlar, o‘yinlar va mashqlar mavjud. Ularni quyidagi guruhlarga ajratish mumkin: barmoq o‘yinlari, mayda buyumlar bilan bog‘liq o‘yinlar, shakl yasash va rasm chizish, barmoqlarni massaj qilish.
Quyida eng oddiy va samarali o‘yinlarni ko‘rib chiqamiz:
Kaftlarni massaj qilish
Bu mayda motorikani rivojlantirishning har qanday yosh uchun mos keladigan eng oddiy va universal usuli. Siz barmog‘ingiz bilan bolaning kaftlarini silaysiz va ularni massaj qilasiz. O‘z harakatlaringizni «Hakka-qarg‘a» hazilnamo muqaddimasi bilan birga bajaring.
«Ladushki»
Hammamiz bolaligimizdan «Ladushki-ladushki» o‘yinini bilamiz. Bu o‘yin go‘daklarni barmoqlarini yoyishga va chapak chalishga o‘rgatadi.
Qog‘oz yirtish
Bu mashq 7 oyni to‘ldirgan bolalarga to‘g‘ri keladi. Kichkintoyga bir necha varaq yumshoq rangli qog‘oz bering. U qog‘ozni bajonidil ushlab ko‘radi, qo‘llarida aylantiradi va yirtadi. Bu mashg‘ulot unga juda katta zavq bag‘ishlaydi.
Sahifalarni varaqlash
Bir yoshdan so‘ng qog‘oz yirtishni rasmlari ko‘p kitobcha yoki jurnal sahifalarini varaqlashga almashtirish mumkin.
Munchoqlar
Bolalarga mayda buyumlarni ushlash yoqadi, bu juda foydali. Shuning uchun bo‘yningizga turli o‘lcham va shakldagi munchoqlari bor biror-bir taqinchoqni taqib oling. Go‘dak ularni zavq va qiziqish bilan ushlay boshlaydi.
Bir-biriga kiruvchi kosachalar
Ulardan minoralar qurish , bir-birining ichiga kiritish mumkin. Ushbu o‘yin bolada buyumlarning o‘lchami haqidagi tushunchani shakllantiradi.
Yormalar
Kosachaga istalgan yormani soling va uni bolaga bering. U yormani qo‘li bilan ushlab ko‘radi yoki barmoqlari orasidan to‘kadi. Ushbu o‘yin mayda motorika va taktil hissiyotlarni yaxshi rivojlantiradi.
Qumda rasm solish
Patnisga qum seping. Bolaning barmoqchasini o‘z qlingizga olib, uni qum bo‘ylab yuriting. Rasm chizishni chiziq, to‘g‘ri burchak, doira kabi oddiy shakllardan boshlab, ularni asta-sekinlik bilan murakkablashtirish mumkin.
Qopqoqlarni burab yopish
Bankalar, butilkalarning qopqoqlarini burab ochib-yopish kabi oddiy mashg‘ulot barmoqlarning epchilligini rivojlantiradi. Farzandingizga turli o‘lcham va shakldagi idishlarni taklif qiling, bu o‘yinni turli-tumanroq qiladi.
Tugmani taqish, yechish, iplarni bog‘lash
Bolani kiyintirish jarayoniga jalb eting. Tugmalari va molniyalarini o‘zi taqsin va yechsin. Bu nafaqat qo‘l harakatlarini rivojlantiradi, balki bolani mustaqillikka ham o‘rgatadi. Shuningdek bolaga bog‘ichlari bor biror-bir keraksiz botinkani ham berib qo‘ying, u qo‘llar uchun ajoyib trenajor rolini o‘taydi.
Yumshoq narsalarga shakl berish
Shakl berish turli yoshdagi bolalarga mos keladi. Ular plastilin, loy va xamirdan turli narsalarni yasashlari mumkin.
Rasm chizish va bo‘yash
Punktir chiziqlardan iborat rasmlarning konturlari ustidan chizib chiqish hamda turli shakldagi obyektlarni bo‘yash juda foydali. Shuningdek vertikal yuzalar – devor, doska, oynada chizish ham foyda beradi. Shu bois bola chizishi uchun maxsus doska osib qo‘ygan ma’qul.
Mozaika va pazllarni yig‘ish
3 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun yirik qismlardan iborat pazllar va mozaikalar tanlanadi. Pazllar bolaning tasavvurini ham mashq qildiradi.
Qirqish
Kichkintoyga bolalar uchun mo‘ljallangan qaychi, qalamsimon yelim, rangli qog‘oz va karton xarid qiling. Uni turli narsalarni yasashga o‘rgating. Suratlarni qirqib, yopishtiring, qor uchqunlarini yasang va hokazo. Bu bolaning nafaqat mayda motorikasini, balki tasavvur qilish qobiliyati va ijodiy tafakkurini ham rivojlantiradi.
Bu muhim! Mayda motorikani rivojlantirish uchun mo‘ljallangan o‘yinlar faqat kattalarning nazorati ostida olib borilishi hamda bunday mashqlarni muntazam ravishda bajarish zarur.
Bola bilan har kuni shug‘ullaning, tez orada farzandingizning harakatlari ravon, aniq va o‘zaro mutanosib bo‘layotganini ko‘rasiz.
KO'P KO'RILGAN
9-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022
3-sinf yangi elektron darsliklar
17 sen, 2022
4-sinf yangi elektron darsliklar
19 sen, 2022