Kategoriya: Hikoyalar
Kelining yomon bo‘lsa, o‘g‘lingdan
Ushbu maktubni o‘qib iztirobga tushdik. Nomani yozgan onaxonga achindik. “Qars ikki qo‘ldan”, deyishadi. “Balki, onaxonning ham aybi bordir?” degan xayolga ham bordik. Ammo nima bo‘lganida ham ota-ona oldida biz farzandlarining qarzimiz uzilmasdir. O‘ylaymizki, bu noma barcha o‘quvchini sergak torttiradi...
Albatta, bu dunyo biri kam. Bunga ushbu sahifani har doim kuzatib, amin bo‘lyapman. Ana shunday dili kemtik bo‘lganlardan, yuragi dardga to‘lganlardan biri o‘zimman. Men ham qalbimda saqlab yurganlarimni siz bilan bo‘lishib, yengil tortmoqchiman...
Bilasizki, har bir ota-ona farzandining kamol topishini, yaxshi inson bilan oila qurib, baxtli-saodatli yashashini istaydi. Mening ham orzum shu edi. Ammo o‘g‘limni uylantirayotganda “Yashaydigan u bo‘lsa, nima qilaman ko‘rib?” debman.
Aslida ota-ona farzandi taqdiriga aslo befarq bo‘lmasligi lozim ekan. Bir kun kelib bu beparvoligingiz o‘zingizga balo bo‘larkan.
Afsuski, men o‘shanda e'tiborsiz bo‘ldim. O‘g‘limga ishondim. Shuning uchun kelinimni ilk bor to‘y kuni ko‘rdim. Ichim uzildi: kelinimning o‘ng oyog‘i kalta, nuqsonli, tug‘ma skolioz kasalligi bilan tug‘ilgan ekan.
O‘g‘lim esa harbiy. Bilasizki, harbiylikka yetti muchasi sog‘, alpqomat, pahlavon yigitlarni olishadi. Maqtanish emas, o‘g‘lim o‘ktam yigit. Kelinim esa qizlik davridan og‘ir mehnatdan va jismoniy tarbiya fanidan ozod etilgan ekan. Shahodatnomasida ham shu fandan baho qo‘yilmagan.
U turmushga chiqayotganda o‘z xastagini o‘g‘limdan yashirgan.
Nima ham derdik? Taqdir deymiz-da! Peshanasiga shu bitilgan ekan, dedik, baxt tiladik. Shukrki, ikki farzandli bo‘lishdi.
Ammo to‘ng‘ichini tuqqanidan so‘ng kelinimning mushak-bo‘g‘inlari o‘ng tomonga qiyshayib, lapanglab, yuradigan bo‘lib qoldi.
Ikkinchi farzandiga homiladorlik paytida tos suyagi bolaning boshini qisib qo‘yib, natijada nevaram nosog‘lom tug‘ildi.
Hozir shu nevaram tutqanoq dardiga giriftor bo‘lib, ko‘karib, behush bo‘lib og‘zidan safro keladi. Keyin tez-tez tili ichiga tushib ketib, o‘zini bilmay qoladi.
— Boshqa tug‘mang endi. Nima qilasiz, o‘zingizni ham bolani ham qiynab, — deyishga majbur bo‘ldim kelinimga.
Rosti, nevaramga qarab ezilaman-da. Axir sog‘lom onadan sog‘lom bola tug‘iladi. Shunday emasmi? Balki shu gaplarim kelinimni menga dushman qilgandir?
O‘g‘lim va kelinim ikki yilgina biz bilan birga turishdi. To‘qqiz yildan buyon harbiy shaharchada, “dom”da yashadi. Kelinim o‘ziga xon, o‘ziga bek bo‘lib xohlagancha turmush kechiradi. Biznikiga bir haftada yoki ikki haftada kelishar edi. Tabiiyki, hovli uyda domga qaraganda ish ko‘p bo‘ladi. Kelinim esa yengil hayotni orzu qiladi. Shu bois bir-birimizni tushunmay qolamiz. Bir kuni ikkimiz aytishib qoldik.
Sal o‘tmay o‘g‘lim ishdan keldi. Kelinim unga nima deganini bilmayman. Kutilmaganda o‘g‘lim vajohat bilan baqirdi:
— Bu uyda tinchlik bormi, o‘zi?
Bu ham yetmagandek, choynak va tuvakni otib yubordi. Chil-chil sindi ular. Kelin bu ahvolni ko‘rdi. Ammo vaziyatni eriga tushuntirmadi.
Hatto o‘g‘lim meni, otasini bo‘lmag‘ur so‘zlar bilan haqorat qilganida ham miq etmadi. Agar u aqlli, mulohazali kelin bo‘lganida eriga “Nega ota-onangizga baqirasiz?” demasmidi?!
Aksincha, shundan so‘ng kelinim men bilan tez-tez urishadigan odat chiqardi. Urishganda ham behurmat qilib, senlab muomala qilardi. Og‘zidan bodi kirib, shodi chiqadi.
Chidolmadim.
— Boringlar, “dom”da yashayveringlar! Bizni bo‘ri yemaydi! — deya ko‘ch-ko‘ronini yuklab berdim.
Mana shunga ham to‘rt yil bo‘layapti. Afsus, bu ham ularni o‘zgartirmadi.
“Kelining yomon bo‘lsa o‘g‘lingdan ko‘r”, deyishgani bejizga emaskan. Bunday deyishimga sabab...
Nafaqadagi o‘qituvchiman. Turmush o‘rtog‘im qirq yil haydovchilik qilgan. Ammo hozir insul't, to‘shakka mixlanib qolgan. Topganimizni bolalarimizga dedik, ularni o‘qitdik. Ikki qizimni turmushga ham berdik. Ikkimiz ham farzandlarimizning barchasiga o‘ta mehrli bo‘lganmiz. Aytganini, muhayyo qildik...
Balki shuning uchun hamma istaklari so‘zsiz bajarilgani uchun o‘g‘lim bemehr bo‘lgandir? U butkul, tanib bo‘lmas darajada o‘zgargan.
Bir kuni shamollab qoldim.
— O‘g‘lim kelgunga qadar qaynotangizga qarab turing, — deya iltimos qildim. O‘zimning holim yo‘q edi.
— Qaysi kelin qaynona-qaynotasiga qarayaptiki, men qaramayman?! — dedi u baqirib. — O‘sha uyda chirib, o‘liklaring qolsin!
Ana shu gaplarni aytsam, o‘g‘lim menga jahl qildi. Kelinim esa uning oldida turib shang‘illadi:
— Hayvon, hozir bo‘g‘ib o‘ldirib qo‘yaman!
U shunday deb o‘dag‘aylab men tomon keldi. Qotib qoldim.
Men kelinimdan emas, kunu tun o‘g‘limdan xafa bo‘lib yig‘ladim.
Axir ota-ona omonat. Bunday bemehr o‘g‘ildan qalbim g‘am-g‘ussaga to‘ldi. Unga ayolining hurmacha qiliqlarini aytsam, unga lom-mim demaydi. Shundanmi, kelin boshimga chiqib oldi.
Eng yomoni ikkisi ham meni va turmush o‘rtog‘imni nazar-pisand qilishmaydi. Oxiri yig‘lab dedim:
— Ota-onaga qanday karomat ko‘rsatsang, ertaga o‘zlaringga qaytib keladi! Bu dunyo — hisobli dunyo! Qaytar dunyo!
Koshki bu gaplarim ularga kor qilsa...
O‘g‘lim ota-onasi qarib, ko‘zidan nur, belidan kuch-quvvat ketganida madad bo‘lish o‘rniga bu tarzda xo‘rlasa, qanday chiday?
Ba'zan jahl ustida o‘g‘limning ustidan shikoyat qilib, ishxonasiga borsammi, deyman. Yana bolam-da, uni o‘ylayman. Axir ishdan haydab yuborishadi-ku, deyman. Tag‘in qo‘rqaman ham. Pichoq suyakka yetganda o‘ziga “Ustingdan ishxonangga shikoyat qilaman” degandim. O‘shanda o‘g‘lim o‘zimga dag‘dag‘a qilgandi:
— Agar ustimdan arz qilib borsangiz, o‘zimni o‘zim o‘ldiraman!
Bu gapdan keyin qaysi ona qattiq gapirishga jur'at etadi?
O‘g‘limga hatto mashina ham olib berganmiz. Mashina ham birovlarga xizmat qiladi, bizga emas...
Nima qilishni bilolmay boshim qotib qoldi. Tunlarni uyqusiz o‘tkazmoqdaman. Hozir uyga kelin kelmaydi-yu, o‘g‘lim kelib turadi. Har bir gaplari ko‘nglimga nashtarday sanchiladi. Dil yarasining bitishi qiyin bo‘larkan.
Bu gaplarni “qo‘shniga aytsang qo‘shadi, ovulga aytsang oshadi”. Shuning uchun yuragimda saqlab yuribman. Sizlarga esa barcha farzand o‘qisin va ularga saboq bo‘lsin deb yozdim.
Bolalarim, ota-onangiz g‘animat. Ular bir umr boshingizda nasihat qilib yo tashvish bo‘lib turmaydi. Kun keladi izlarini ham topa olmaysiz.
KO'P KO'RILGAN
9-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022
8-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022
11-sinf yangi elektron darsliklar
19 sen, 2022