Kategoriya: Hikoyalar

Poyezddagi suhbat


Kupega qotma, qorato‘ri, qorday oppoq, siyrak sochi doka ro‘moli tagidan chiqib turgan bir keksa ayol kirdi. U bir qo‘lida chamadon, bir qo‘lida besh-olti yashar qizaloqni ushlab olgan. Eshik oldida turib menga, so‘ng polkaga qaradi. O‘rnimdan tez qo‘zg‘alib, keksa onaga salom berib, qo‘lidan chamadonni olib, yuqori polkaga qo‘ydim.
— Rahmat bolam, baraka top, umring uzoq bo‘lsin, — deya duo qildi, so‘ng qo‘lida ushlab turgan qizaloqning peshonasidan o‘pib o‘rta qavatdagi o‘rindiqni ko‘rsatdi:
— Lolaginam, senga shu yerga joy qilib beraymi, tashqarini tomosha qilib ketaverasan.
— Mayli, oyijon. Qo‘limni qo‘yvoring. Qani bir chiqib ko‘ray-chi, qanaqa joylar ekan. Yaxshi bo‘lsa-chi, unda tomosha qilib ketaveraman, oyijon.
— Kelaqol, yaxshisi yonimda, manavi pastdagi o‘rindiqda ketaver. Poezd ham tez yurib qoldi. Mabodo qalqib ketsa bormi, unda seni ushlab bo‘lmaydi. Oyog‘imning naq ostiga ag‘darilib tushma yana, qo‘zichog‘im.

Lola allaqachon o‘rta polkaga chiqib olib, tashqarini zavq bilan tomosha qilardi. U lentaga bog‘langan ikki o‘rim sochini selkillatib gapirdi:
— Bu yerdan tushmayman, rosa tomosha joy ekan. Yiqilmayman, yiqilsam-chi, oyijon, siz ushlab qolasiz, xo‘pmi?

Kampir menga qarab kuldi. Nevarasining bu qiziq so‘zidan mamnun kurindi. O‘rnidan turib qizalog‘ining ostiga odeyal to‘shadi, boshiga kattagina yumshoq tugunni qo‘ydi.
— Rahmat, oyijon, endi men derazadan qarab ketaman, — dedi Lola. Uning ingichka ovozi chinniday jaranglab eshitildi.

Men termosni deraza yoniga qo‘yib, provodnik to‘shab ketgan o‘rindiqda chordona qurib o‘tirib olib, choy ichishga tutindim. Onaxonga piyolada choy tutdim.
— Rahmat, bolam, — deb u choyni qulimdan olib, piyolani nevarasiga uzatdi, — choy ichasanmi?
— Yo‘q, oyijon, bir dona konfet beraqoling. Kampir monpase qutisini uzatdi. So‘ng o‘zi choy ichishga tutindi. Men bamaylixotir o‘tirgan bu qariyaga, so‘ng tashqarini tomosha qilib ketaetgan nevarasiga bir-bir qarab, buvilik qanday tabarruk va tashvishli davr deb o‘yladim ichimda. Kishi qarib qo‘liga hassa tutgan bunday paytda shunday nevaralari bo‘lsa, hassani ham unutsa kerak. «Belimning quvvati, ko‘zimning nuri» deb shuni aytadilar-da, dedim ichimda.

Choy pirovard bo‘ldi. Men bir mizg‘ib oldim. Ko‘zimni ochsam kampir ko‘zoynak taqib olib, nevarasiga jun qo‘lqop to‘qib o‘tiribdi. U gohi-gohida deraza oynasidan tashqariga qarab, xomush qolardi. So‘ng yana to‘qishda davom etardi. Men yostiqdan boshimni ko‘tarmay, kampirning nimadandir dardli, tashvishli ekanini sezib borardim.
— Oyi, dam olmaysizmi, toliqib qolasiz, — dedim yostiqdan boshimni ko‘tarib.
— Charchash nimaligini bilmayman, bolam. Bekor o‘tirsam, zerikib qolaman. Innaykeyin yo‘lda hech uyqum kelmaydi. Shunaqa g‘alati odamman, bolam, — qo‘lqopdan ko‘zini olmay gapirdi kampir. So‘ng boshini yuqoriga ko‘tardi. Nevarasi yostiqqa boshini qo‘yib uxlab qolibdi. Kampir yana to‘qishga tushdi.
— Toshkentda kimingiz bor? Bu uxlab qolgan qizaloq nevarangizmi? — kampirning yuragidagi yashirin dardiga hamdard bo‘lgim, unga qo‘limdan kelsa yordam bergim keldi.

Kampir asta boshini ko‘tardi, tuqishdan to‘xtadi, so‘ng chuqur uh tortib, yorildi:
— Aylanay bolam, Toshkentda kimlaringiz bor deb so‘radingiz. Gapning sirasini aytsam, u yoqda hech kimim yo‘q. Men hozir Andijonga boryapman. O‘z uyimga. Bu qizaloq kim bo‘ladi, deb so‘radingiz. Aslini aytsam, u menga hech kim bo‘lmaydi.

Kampirning ko‘zlari yiltirab ketdi. Men o‘zimni koyidim. O‘rinsiz so‘roqlarimdan uyalib boshimni xam qilib o‘tirdim. Kampir menga ko‘z qirini tashlab, yana so‘zida davom etdi.
— Haligi gaplarim yolg‘on, bolam, — dedi yuzi yorishib, so‘ng pishillab uxlab yotgan Lolaning ustini yaxshilab o‘rab quydi. O‘rniga o‘tirib yana so‘zladi: — bu nevaram bo‘ladi. Toshkentda kelinim bor. O‘shanikidan kelyapman.
— Andijonda kimlaringiz bor. Otamiz bormilar? — dedim.

Kampir derazadan tashqariga xomush tikilib qoldi. Yuzi qish havosiday salqib turardi.

O‘zimni koyidim. Savol bermay o‘tirsam bo‘lmasmidi, deb xafa bo‘ldim.
— Andijonda hech kimim yo‘q. Erimdan yosh kelinligimda ayrilganman. Bir yashar o‘g‘lim — Tohirjonim bilan qolganman. Tohirjonimning dadasini dushmanlar traktorga bog‘lab o‘ldirib ketishgan. Men oyimlarnikiga ketgan edim. Tohirjonimni kimning eshigiga olib boraman deb, yolg‘iz o‘tishni o‘yladim. Chok tiqdim. Mehnat qildim. O‘g‘lim katta bo‘ldi. O‘qitdim. Institutni bitkazdi. O‘sha o‘zi o‘qigan institutda uni muallimlikka olib qolishdi. U, o‘z qo‘lida o‘qib yurgan Dilbar degan qizga bir yildan keyin uylandi. Lekin ko‘p o‘tmadi. Urush boshlandi. O‘g‘lim frontga ketdi. Men kelinim Dilbar bilan qoldim. O‘g‘lim haqida qora xat keldi. Qora kunlar boshlandi. Kelin menga, men kelinga qarab yig‘lardik. Kelin erga chiqmadi. O‘n besh yil kutdi o‘g‘limni. Qiyin bo‘ldi bechoraga. «Men roziman, yosh umring bunday yolg‘izlikda o‘tmasin», dedim. Ko‘nmadi. Oxiri kelinim bilan xayrlashib, Toshkentdan Andijonga, o‘z uyimga ketdim. Kelinim bir kuni meni qidirib bordi. Rozi-rizoligimni olib kelib mana shu Lolaxonning dadasiga — Sobirjon degan xotini o‘lgan muallimga turmushga chiqdi.

Sobirjon ochiq ko‘ngil, mehribon kishi. Lekin meni ko‘rsa tortinib turadi. Menga balki shunday ko‘rinar. Har holda o‘z o‘g‘limday emas. Kelinim esa meni onam deb o‘zidan nari qo‘ymadi.

Lekin men... o‘zingiz tushunasiz... gohi-gohida chidab turolmayman. Dod falak, dastingdan, deb yuborgim keladi. Yana insofga kelaman. Kelinimni o‘ylab ketaman. Unda nima gunoh. Urush bo‘lmasa, o‘g‘lim Dnepr buyida halok bo‘lmasa, kelinim birovga xotin bo‘larmidi. Yana insofli ekan, mana yigirma yildirki, meni esidan chiqarmaydi, deb o‘zimni o‘zim ovutaman. Mana shunaqa dunyo, bolaginam. Ichimni judolik kemirib, umrimning qolgan kunlari o‘tyapti.

Men kampirning tamshanayotganini sezdim. Uning eski dardi ochilib, ichi kuyayotgan edi. Yulakka chiqib, bakdan termosga choy damlab keldim. Kampir issiq choyni ho‘plab, uzoq xomush o‘tirdi. So‘ng mening boshimdagi chandiqni ko‘rib, asta so‘radi:
— Bolam, siz ham urushda bo‘lganmisiz? — Uning nursizlanib qolgan, yoshlangan ko‘zlari mehr bilan tovlanganday ko‘rindi. U hozir o‘g‘lining o‘rniga meni qo‘yib, jonimga achinayotganday edi.
— Ha, oyi, ko‘pchilik qatorida men ham urushda bo‘lganman. Bu chandiq Dneprni kechib o‘tganimda bo‘lgan.

Kampir boshimni egib chandiqni ko‘rdi. So‘ng ko‘zini artib gapirdi.
— Boshing toshdan ekan bolam, uzoq yashaysan. Sizlarni kursam o‘g‘limni ko‘rganday bo‘laman. Endi boshqa urush bo‘lmasin, omon bo‘linglar.

Kampir termosni qo‘limdan olib, o‘zi choy quyib ichdi. Men jim o‘tirardim. Xayolimda Dnepr jangi namoyon bo‘lar edi. Daryoni kechib o‘tish uchun bo‘lgan janglarda ko‘p yigitlarni yo‘qotgan edik. Ularning orasida balki Tohirjon ham bo‘lgandir.

Men yigirma yildan buyon kampirni o‘z yonidan jildirmagan, boshqa erga chiqqanda ham uni yo‘qlab eslab yurgan kelinni, marhum jangchi bevasini o‘ylay boshladim. Uni ko‘rgim, bilgim, ana shunday oqsoch ota-onalar nomidan unga rahmat aytgim keldi. Axir u haqiqiy inson, o‘z erining ruhiga vafodor kelin ekan. Kampir yo‘taldi. Choyga rahmat aytdi. Meni xayolim joyida emasligini bilib o‘zi gap ochdi:
— Ketgan qaytib kelmaydi, bolam. Lekin o‘g‘limning xoku g‘uborini ko‘rolmay o‘rtanaman. Qabrini quchoqlab, ko‘nglimni bo‘shatsam mayli edi. Ko‘rsam balki u yerdan qaytmasmidim. Men ham u yerda o‘g‘lim yonida qolarmidim. Ko‘zimning nuri qolmayapti. Uni yumilgan desam ham bo‘laveradi. Lekin o‘g‘lim qabrining yulini bilolmayman, uni juda-juda olisda deyishadi...
— Dafn etishgan joylarini ma'lum qilishgandir qismidagilar.
— Ma'lum bolam, o‘sha yerlik maktab bolalaridan hozir ham xat olib turaman. Lekin u yerga borishning yo‘lini bilolmayman. Bir o‘zim qayoqqa ham bora olardim.
— Men yozda otpuskaga chiqaman. Siz soldat oyisisiz. Demak mening ham oyimsiz. Endi sizni oyi deyman, rozi bo‘lsangiz o‘zim o‘sha yoqqa sizni olib boraman, — dedim. Kampir bosh chayqadi. So‘ng yuzi yorishdi.
— Hozir kelinimnikidan shu masalani pishitib kelyapman. Yordam beraman deganingiz uchun bu keksa boshimni egib qulluq qilaman sizga, bolam. Lekin kelinim dardimga malham izlayapti. Sizga aytgan gapimni unga ham aytganman. Kelinginam bechora ikkilanmay xo‘p degan. Yozda Kievga olimlik ishi bilan borishi kerak ekan. Shunda meni o‘zi bilan birga o‘sha yoqqa olib bormoqchi bo‘ldi. Lekin eri bilan maslahatlashib, uning roziligini olishni aytdi. Eri ko‘nsa kerak. Nevaram Lolaxonning boshidagi tugunchada sovg‘alarim bor. Ularni menga kelinim olib berdi. Hammasi junli issiq kiyimlar. Tohirjonim yetgan joyga kiyib borar ekanman. Ha, bular safar sarposi.
— Keliningiz qizingizdan ham afzal ayol ekan. Bunday kelinlarga ming rahmat aytsa arziydi.
— O‘g‘lim o‘rnida ko‘raman. Bechora kelinim bir marta kuydi, ikkinchi marta kuymasin deyman. Huzur-halovatini, bola-chaqasining rohatini ko‘rsin. Dunyoda menday yolg‘iz qolmasin. Baraka topsin, bolaginam. Uni kechalari ham, kunduzlari ham duo qilaman.
— Keliningizning ismi kim, qaerda ishlaydi? — Mening bu savolim kampirni cho‘chitmadi, yo faxrlantirdimi u:
— Institutda muallim bo‘lib ishlaydi, ismi Fazilat, — dedi g‘ururlanib.
— Fazilat.

Kupe yorishganday bo‘ldi. Poezd Fazilat ismini takrorlab, kuylab yugurib yelayotganday tuyuldi. Deraza oynasidan qaysi bir shaharning parpirab yonib turgan chiroqlari ko‘rindi. Lola uyqusidan uyg‘onib, bizlarga salom berdi.

Muallif: Nazarmat

Reklama
Reklama