Kategoriya: Hikoyalar
Real voqea
ZARINA ISMLI QIZNING MAKTUBI ASOSIDA…
(Real voqea)
Men opamning taqdirini aytib bermoqchiman. Bu xuddi qo‘rqinchli tushga o‘xshaydi. Opam bir yigit bilan bir-birlarini qattiq sevishardi. Yigit opamni bir zum ham yolg‘iz qoldirgisi kelmasdi. Shunchalik sevardiki, xatto tunu kun eshigimiz tagidan ketmasdi. Men uni issiq kunda ham, sovuq tunda ham ko‘p bora uyimiz qarshisida ko‘rardim. Ammo dadam bilan oyim bu haqida bilib qolishgach opamga qattiq shart qo‘yishdi: yo u, yo biz... Opam xonasida rosa yig‘ladi o‘sha kuni. Bu ko‘z yoshlar yetaklab kelgan dardni opamning ko‘zlaridan boshqa hech qaerda uchratmaganman. Keyin o‘sha yigit bilan umuman ko‘rishmay qo‘ydilar. Aminman, opam endi faqat Xudodan dadamning rozi bo‘lishini so‘raydigan bo‘lgandi. Ko‘p o‘tmay boshimizga musibat tushdi. Opam og‘ir xastaligini bildik. Unda miya saratoni borligini eshitganimizda uyimizda deyarli hamma tushkunlikka tushgandi. Dadam opamni ko‘p doktorlaga ko‘rsatdilar. Ular zudlik bilan operatsiya qilish lozimligini aytishardi. Bu orada o‘sha yigit ko‘p marta telefon qildi. Tabiiyki, opam unga bu haqida aytishimizni umuman xohlamasdilar. Yigit Moskvaga ketyotganligini bilgach, yana rosa yig‘ladilar. Men o‘shanda tushunganman. Inson o‘zidan ham battar yo‘votishdan qo‘rqadigan insonlar bo‘larkan dunyoda. Har holda opamning ko‘zidan (katta ehtimolki, qalbidan ham) oqayotgan ko‘z yoshlari shundan dalolat berardi. Opamga oxirgi marta u bilan ko‘rishish uchun ruhsat berishdi. O‘sha kecha opam bilan birga chiqdik. Opam u bilan yonma-yon turib, bir og‘iz ham gapirmadi. U faqat yig‘ladi. Yigit esa opamni yupatardi: «Men tezda qaytaman, jonim, yig‘lama»,- derdi u. O‘shanda u opamni so‘nggi bor ko‘rib turganligini qaerdan ham bilardi. U ketgach opam meni quchoqlab, qulog‘imga shivirlaganida butun vujudim muzlab ketdi. Opam aynan shunday dedilar: «Nega aynan men?»... Yigit ketgach opam u bilan telefonda ham gaplashmadi. Ehtimol qo‘rqqandir. Unga hammasini aytib yuborishdan qo‘rqqandir. Uni operatsiya qilishadigan kun ham keldi. O‘sha kun kutish zalida o‘tirib, Xudodan opamning tirik qolishini so‘radim. Qizil chiroq o‘chib, doktor chiqqach esa... dadamning toshdek qotganlariyu, oyimning ezilib yig‘laganliklari yodimda qolgan xalos. Opamni qabrga qo‘ydik... Ancha vaqt o‘tgach, tongda dasturxon atrofida o‘tirganimizda o‘sha yigit Moskvadan telefon qildi. Men javob berdim. Unga opam vafot etganligini aytdim. U gapimni oxirigacha eshitmasdan go‘shakni qo‘yib qo‘ydi. O‘sha kuni yarim tunda eshik taqilladi. Dadam eshikni ochganlarida qarshisida o‘sha, opam sevgan yigit turardi... Uning ko‘zlarida men opamning ko‘zlarida ham ko‘rmaganim o‘ta kuchli alam bor edi. O‘sha kuni ilk bora dadamning yig‘laganlarini ko‘rdim. Ehtimol ko‘z yoshlari bir vaqtlar ularni majburan ayirganliklari uchun pushaymonliklaridandir... Ehtimol yigitning ko‘zlarida opamning yuzlarini ko‘rgandirlar...!!!
KO'P KO'RILGAN
9-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022
5-sinf yangi elektron darsliklar
19 sen, 2022
7-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022