Kategoriya: Hikoyalar
Sirdoshning siri
Torgina yo‘lakdan palataga kirgan Po‘lat ranglari oqarib ketgan onasining karavotiga yaqin bordi-da, so‘ngra singlisi Go‘zalga: «Nima gap?» degandek qaradi. Palataga kimdir kirganini sezgan Dilorom aya asta ko‘zlarini ochdi:
— Mahbubani topdinglarmi?..
— Ha, oyi, hozir kelarkan…
— Xudoga shukr!..
Ayol yengil tin oldi-da, yana ko‘zlarini yumdi. Shunda Po‘lat singlisini asta chetga tortdi:
— Nima gap o‘zi? Mahbuba opa kim, unda nima ishi bor ekan?
— Bir paytlar kursdosh bo‘lishgan ekan… shunga ko‘rgilari kelyapti, shekilli…
Shu payt yo‘lak boshida bir ayol ko‘rindi. «Ana, kelyapti», dedi Po‘lat va ayolning istiqboliga shoshdi.
— Assalomu alaykum, xolajon.
— Qaysi palatada yotibdi? — so‘radi salomga alik olgach ayol.
Go‘zal yo‘l boshladi. Ayol ichkariga kirdi-da, bir paytlar o‘ta go‘zal, xushchaqchaq bo‘lgan kursdoshi Diloromning ahvolini ko‘rib, ko‘ngli buzilib ketdi.
— Dilorom, tuzukmisan, o‘rtoqjon?!
Tanish ovoz, buning ustiga, o‘sha o‘t-olov bo‘lib yonib yurishgandagi so‘rashishlardan bemorning ko‘zlari allanechuk yaltirab ketdi.
— Bormisan, Mahbuba?..
Go‘zal onasining o‘rnidan turishiga ko‘maklashdi. Ikki o‘rtoq quchoqlashib ko‘rishdi. Ko‘zlar namlanib, lablarga tabassum yugurdi.
— Ahvolimizni qara, — dedi Dilorom Mahbubaning oqargan sochlaridan ko‘zlarini uzmay.
Ayolning bu gaplarida yillar davomida qalbiga singib ketgan afsus ohangi bor edi.
* * *
— Dili, hoy Dili, tura qol, o‘rtoqjon, yana uxlab qolibmiz, birinchi para No‘'mon domlaning darsi-ya, kech qolsak, naq haydab yuboradi…
Dilorom kerishib, arang ko‘zlarini ochdi.
— Uf-f, bugun ham o‘qishmi, a? Yana No‘'mon domlaninng darsi bilan boshlanishiga o‘laymi?
— Javramasdan tur tezroq. Nonushta qilishga vaqt yetmaydi, yo‘ldan ul-bul olamiz…
Mahbuba dugonasining sumkasiga daftarlarni solayotganida Dilorom erinibgina kiyindi va ular yo‘lga tushishdi.
— Dugon, bugun ham sizlarnikida qolay. Yotoqxonada uxlagandek bo‘lmayman, qizlar kechasi uxlashmaydi, tonggacha g‘ala-g‘ovur, negadir boshim og‘riydigan bo‘lib qolgan. Keyin oyingning qo‘llari biram shirin, ayniqsa, toshkentcha oshni juda do‘ndiradi, — dedi Dilorom Mahbubaga.
— Mayli, o‘rtoqjon, istaganingcha turaver, men ham bir o‘zim zerikaman, birga dars tayyorlaymiz. Istasang, yotoqxonadan biznikiga ko‘chib kel, — dedi Mahbuba.
Bu gap Diloromga yoqib tushgan bo‘lsa-da, dadasining «Kimnikida turibsan? Ular qanday odamlar?» deb tergashidan cho‘chidi.
— Yotoqxonaga ham unda-bunda borib turmasam bo‘lmaydi, o‘rtoqjon, bilasan, bir-ikkita tanish qizlar ham shu yerda turishadi, agar u yerda bo‘lmasam, qishloqqa borib gapirib yurishmasin.
— O‘zing bilasan, unda…
Ikki dugona darsga arang yetib kelishdi.
— Mahbuba, qara, Abdulla yana sendan ko‘zini uzmayapti, — dedi Dilorom yigit tomonga qarab birinchi para oxirlayotganda.
— Darsda jim o‘tirsang-chi, — dedi Mahbuba norozi ohangda.
— Qarasang-chi, ko‘zini uzmayapti-da.
— Mayli, qo‘yaver!..
Dilorom yigitga qarab yuzini bujmaytirib masxara qildi-da, daftariga egildi.
Tanaffus paytida Abdullaning doim yonida yuradigan do‘sti Ravshan Mahbubaning qo‘liga qog‘ozcha tutqazdi.
— Mana buni tez oling, dugonangiz ko‘rmasin ekan.
Mahbuba qog‘ozni oldi-yu, qaerga yashirishni bilmay qoldi. Buni Dilorom sezdi.
— Ha-a, mensiz nimalar qilyapsizlar?
— O‘zingizga tegishli bo‘lmagan narsaga nima qilasiz aralashib? — dedi Ravshan.
— Nega endi?! Dugonamga tegishli narsa meni befarq qoldirmaydi, bildingizmi? — deya Dilorom Mahbubaning qo‘lidagi qog‘ozni tortib oldi va tezda o‘qib, qaytib dugonasiga uzatdi.
— Ma, Abdulla senga nimalardir yozibdi.
Mahbuba qog‘ozchani ochib ham ko‘rmay nari uloqtirdi.
— Nega otasan? — astoydil jahli chiqdi Diloromning. — Yigit sen bilan gaplashmoqchidir, balki, nimadir degisi kelayotgandir.
— E-e, qo‘ysang-chi!
Mahbuba jadal yurib ketdi. Dilorom esa yerda yotgan qog‘oz parchasini oldi-yu, dugonasining ketidan yugurdi.
— To‘xta, Mahbuba!
* * *
Kechki ovqatdan keyin xonaga kirgan ikki dugona darsga tayyorlana boshladi.
— Mahbuba, — dedi Dilorom dugonasiga havas qilib. — Senga maza-da, o‘rtoqjon. Poytaxtda yashaysan, ishing ham, yashashing ham shu yerda bo‘ladi… Men esa o‘qishni bitirganimdan keyin Buxoroga ketishimga to‘g‘ri keladi. Chunki dadam bilan kelishuvimiz shunday.
— E, qo‘ysang-chi, har kimning peshonasidagi bo‘ladi…
— Qaragin, dugon, agar Abdullaga tegsang, Xorazmda yashaysan, dadasi katta ishbilarmon odam. Maza, hamma narsang yetarli bo‘ladi.
— Meni u yoqlarga uzatishmasa kerak.
Qiz shirin entikdi.
— Abdulla yuragingdan urgan, shekilli, a?! — dedi buni ko‘rgan Dilorom.
— Nimalar deyapsan? Men shunchaki…
— E, bo‘ldi, o‘rtoqjon, demak, xorazmcha shevani hozirdanoq o‘rganaver!
— E, bor-e, dars qilaylik…
Dugonalar darsini qilib bo‘lishgach, uxlashga yotishdi. Mahbuba esa uyqusi kelmay dugonasiga tikildi. Biram sharttaki, sho‘xki. «Tavba, qiz bola ham shunaqa bo‘ladimi?» o‘yladi ichida.
Mahbuba ikki o‘g‘ilning orasida o‘sgani uchunmi yoki ota-onasi Mahbubaning qulog‘iga «Qiz bola unday bo‘ladi, bunday bo‘ladi, qiz bola ko‘chada o‘z-o‘zidan kulavermaydi», deb uqtirishgani boismi birovga ortiqcha so‘zlamasdi ham. O‘qishga kirganida dugonalarini, kursdoshlarini ko‘rib, tamoman boshqa dunyoga tushib qolgandek bo‘ldi. Mana, Dilorom. Bir gapirib, o‘n kuladi. Yigitlarni lolu hayron qoldirib, bitta gap bilan mot qilib ketadi. Mahbuba esa uning aksi, hatto unga gap otgan yigitlarga jo‘yali javob qaytarolmaydi ham.
Issiqqina o‘rinda pishillab uxlab yotgan dugonasining qiliqlarini eslagan Mahbuba kulib qo‘ydi-da, o‘zi ham uyquga ketdi.
Shu tariqa kunlar o‘ta boshladi. Abdulla Mahbubaga dil izhorlarini yozar, Ravshan esa xatni tashib charchamasdi. Sevishganlar dam kinoga, dam muzqaymoq yeyishga borishar, ularning gapi kechga qadar tugamasdi. Kursdagilar ham Mahbuba bilan Abdullaga havasla qarashardi.
— Mahbubaxon, ayting-chi, mendan oldin ham kimnidir yoqtirganmisiz? — so‘radi Abdulla uchrashuvlarning birida. — Yuragingizda faqat men bo‘lishni istayman, shuning uchun savolim ko‘nglingizga og‘ir botmasin.
— Yo‘q, hech qachon bo‘lmagan, — dedi Abdullaning samimiy yuziga boqqancha qiz.
— Agar sizga sovchi qo‘ysam, berishadimi Xorazmga?
Qizning uyalganidan yuzi olovlandi:
— Bilmadim!.
— Agar menga berishmasa, dunyom qorong‘i bo‘ladi…
* * *
Yangi yil bayrami yaqin edi. Kursdoshlar orasida bayramni qanday nishonlash haqida har xil fikrlar tug‘ila boshladi. Kimdir kafeda qilamiz, desa, yana kimdir, «Biror kimning xonadonida bo‘lsin», deb g‘ala-g‘ovur qilishdi. Shu payt Dilorom shartta stulga chiqib oldi-da, «Bayram ziyofati kafeda bo‘ladi, tamom-vassalom, hamma boradi, shikoyat va e'tirozlar qabul qilinmaydi!» dedi qat'iy ohangda.
Mahbuba yana shalvirab qoldi. Chunki shu vaqtgacha unga na biror to‘y va na kafega borishiga ruxsat bermagan. Kichik majlis tugagach, Dilorom Mahbubaning yoniga yugurib keldi:
— O‘rtoqjon, sen xavotir olma, o‘zim ota-onangdan so‘rab beraman, — dedi.
Ota-onasining fe'lini yaxshi bilgan Mahbuba esa indamay bosh irg‘ab qo‘ya qoldi.
Yangi yil bayramiga ikki kun qolganda Dilorom Mahbubalarning uyiga keldi.
Mahbubaning otasi kamgap inson edi. U obdan Diloromning so‘zlarini tingladi-da, Mahbubaga ko‘z qirini tashladi. Bu nigohni Mahbuba juda yaxshi tushunardi. Onasi esa yerga qarab, indamay o‘tiraverdi.
— Xolajon, amakijon, o‘zim bilan birga borib keladi, ertaroq qaytamiz uyga, o‘sha kuni shu yerda yotib qolaman, — bu oiladagi qonun-qoidalarni tushunmagan qiz hamon bidirlardi.
Mahbubaning umidsiz yuziga qaragachgina hammasini tushundi.
Kechki ovqatdan so‘ng ikkala qiz Mahbubaning xonasiga kirib ketishdi. Mahbuba bir necha kun oldin bayramga borish uchun yangi kiyim sotib olgandi. U jahl bilan dazmollab shkafga osib qo‘ygan ko‘ylagini yulib oldi.
— Unday qilma, o‘rtoqjon, mayli, bormay qo‘ya qol, — dedi Dilorom ham hafsalasiz.
* * *
Bayramning ertasi kuni eshik taqilladi. Eshikni Mahbubaning oyisi ochdi.
— Assalomu alaykum, xolajon, Yangi yilingiz bilan! — bu Diloromning ovozi edi.
— Ha, kel, qizim, o‘rtog‘ing ichkarida, xonasiga qulflanib olgan.
Mahbuba Diloromni intiq kutardi. Eshikdan u kirib yelgach, yig‘idan qizarib ketgan yuziga tabassum yugurdi.
— Voy, o‘rtoqjon, bormisan, bayraming bilan!
Ikki o‘rtoq bir-birini qutlab, karavotga o‘tirib olishdi.
— Mahbuba, bekor bormading-da, o‘rtoq, hammasi zo‘r bo‘ldi. Faqat sen bormading, qolgan hamma bordi. Abdulla tinmay seni so‘raydi. Hatto-chi, kelmoqchi ham bo‘ldi bu yoqqa. Arang to‘xtatib qoldim. Boshim aylanib ketdi. Xullas, maza qildik, bir umr esimdan chiqmaydi bu bayram.
Mahbuba shirin entikdi. Abdullaning tabassumi, uni zimdan kuzatishlarini ko‘z oldiga keltirdi.
— U ketdi, — dedi so‘zining so‘ngida Dilorom.
— Qayoqqa?..
— Xorazmga-da, ta'til vaqtida dam olib keladi. Bilasanmi, u sen oldin kimnidir sevgansanmi, yo‘qmi, shuni so‘radi.
— Nega sendan so‘radi? — Mahbuba yalt etib dugonasiga qaradi.
— Qaydam?! Ziyofatda birinchi muhabbat haqida gap ketganda bir paytlar sinfdoshing Azim bilan sevishganing haqida… — dedi Dilorom boshini egib.
— Nima?! — Mahbuba sapchib tushdi.
— Shunchaki, gap orasida aytib qo‘yibman, o‘rtoqjon. Nima bo‘pti, yoshlikda kim ham sevmaydi deysan?..
— Nima qilib qo‘yding, Dili?
— Nima qildim? Shunchaki aytdim, xolos. Shunga arazlaydimi yoki seni tashlab ketadimi?
— U… U yolg‘onni yoqtirmaydi, bir marta aldagan odam yana aldaydi, derdi. Abdulla endi qaytib kelmaydi!..
— Tavba, nega? — Dilorom yotgan joyidan turib, o‘tirib oldi.
— U qaytmaydi! «Agar bir marta yolg‘on gapirsangiz, hecham kechirmayman», degan. Chunki uning oilasida hech kim yolg‘on gapirmaydi.
Mahbuba ortiq gapirmadi. Kechagina akasining kutilmaganda «Shu o‘rtog‘ing menga yoqmaydi-da», degan gapi nima uchundir qulog‘i ostida jarangladi. Dugonasining gapirmayotganini ko‘rgan Dilorom hovliga chiqdi. U yerda Mahbubaning kelinoyisi bilan allanimalar haqida gaplashib, chaqchaqlashdi. Mahbuba esa xayol ko‘chasiga kirgancha hamon dong qotib turardi. «Eh, Dilorom, nimalar qilib qo‘yding, senga ishonib sirlarimni aytsam-u, sen bo‘lsang», — deya unsiz yig‘lardi qiz.
* * *
Qishki ta'til tugadi hamki, Abdulladan darak bo‘lmadi. Mahbuba Diloromga, u esa dugonasiga termilardi. Bir kuni guruh sardori: «Abdulla endi kelmas ekan, o‘qishini boshqa joyga ko‘chiribdi, hujjatlarini dadasi olib ketdi», dedi. Shu-shu Abdulla suvga tushgan toshdek yo‘q bo‘lib qoldi. Na xat bor, na xabar…
* * *
Mana, oradan yillar o‘tib, ikki dugona farzandli, uning ketidan nabirali ham bo‘lishdi. Dilorom kenja o‘g‘lini uylantirgach, qattiq og‘rib qoldi. Negadir Mahbubani ko‘rgisi, undan kechirim so‘ragisi kelaverdi va bolalariga tayinlab, uni toptirdi. Mana, sochlari oqargan, yuziga ajin tushgan ikki dugona bir-birining diydoriga to‘yguncha suhbatlashishdi.
— Meni kechir, o‘rtoqjon, — dedi Dilorom u bilan xayrlashayotgan chog‘da. — O‘shanda ahmoqlik qilib, siringni fosh etmaganimda, sen Abdulla bilan baxtli bo‘lgan bo‘larmiding… Bilasanmi, bir umr shuni o‘ylab o‘tdim. Yotsam ham, tursam ham shu dard meni qiynadi. Men ham baxtli bo‘lmadim. Erimning avvaliga ishi yaxshi edi, ishi ortga ketgach, ichkilikka berilib ketdi. Xullas, bolalarimnig yeb-ichishi, kiyinishi o‘zimga qoldi. Xudoga shukr, mana, hammasini uyli-joyli qildim. Navbat kenjamga kelganida biroz qiynaldim. Ko‘rib turganingdek, endi yotibman… Balki, so‘nggi nafasimni olayotgandirman, agar sen kechirdim, desang…
— Nimalar deyapsan, o‘rtoqjon? Seni ko‘rib turganimdan juda ham xursandman, men hatto baxtliman ham. O‘sha paytlar g‘o‘rlik vaqtimiz bo‘lgan. Abdullaga meni berishmasdi ham. Shunday ekan, ko‘nglingni xotirjam qil, o‘rtoqjon.
— Yo‘q, sening sevmagan kishing bilan turmush qurishingga men sababchiman.
— Unday dema, dugonajon, mana, bir-birimizni topdik, endi bordi-keldi qilaylik, bolalarimiz bir-birini tanishsin…
Hali-hanuz samimiyligu soddaligini yo‘qotmagan dugonasining gaplarini eshitib, Dilorom siniqqqina jilmaydi va «Inshaolloh!» deb qo‘ydi.
* * *
Ikki kundan so‘ng Mahbuba dugonasini ko‘rgani yana keldi va uning jonlantirish bo‘limida ekanini eshitib, yuragi orqaga tortib ketdi.
— Oyim kechasi og‘irlashib qoldi, — dedi Po‘lat. — Negadir yoshlik paytlarini ko‘p eslaydi. Sizni ranjitib qo‘yganini bot-bot takrorlaydi.
— Men u kunlarni esimdan chiqarganman, bolam. Agar o‘ziga kelsa, aytib qo‘y bu haqda o‘ylamasin.
— Xo‘p bo‘ladi, xolajon…
* * *
Oradan bir necha kun o‘tib, Mahbuba ayaning darvozasi taqilladi.
— Ki-im? — deya mehmonning istiqboliga chiqdi bir qiz.
— Menman, aylanay, — eshikdan o‘sha davrlardagidek xushchaqchaq, ammo qo‘llariga aso olgan Dilorom aya kirib keldi.
KO'P KO'RILGAN
9-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022
5-sinf yangi elektron darsliklar
19 sen, 2022
7-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022