Kategoriya: Hikoyalar

Ayolning makri


Bir kishi yo‘lda ketayotsa, bir quduqqa duch keldi. Quduqning oldida ayol ham bor edi. Kishi ayolga yaqinlashdi. Ayol esa bundan qo‘rqib ketdi.

Shunda erkak: “Qo‘rqma! Sendan bir narsani so‘ramoqchiman. Ayolning makri nima o‘zi?” dedi.

Ayol biroz o‘ylanib turdi-da, keyin baland ovozda baqirib yig‘lay boshladi. Hatto uning ovozini o‘sha atrofdagi qishloq ahli ham eshitdi. Erkak qo‘rqa-pisa ayoldan nega bunday qilganini so‘radi.

Ayol: “Ovozimni qishloq ahli eshitib, bu yerga kelishsin va seni o‘ldirishsin deb shunday qildim” dedi.

Erkak: “Men bu yerga senga aziyat yetkazish uchun kelmadim-ku! Senda zakovat alomati borligini sezib, makr haqida so‘radim, xolos-ku! Yomon niyatda senga biror gap aytdimmi?” dedi.

Ayol o‘rnidan turdida, qo‘lidagi chelakdagi suvni ust-boshidan quydi. Erkak uning bu ishidan ajablandi. Undan nega bunday qilganini so‘radi. Ayol endi gapirmoqchi edi, qishloq ahli kelib qoldi. Erkak ulardan qo‘rqib, “Bular hozir meni o‘ldirishsa kerak” deb o‘yladi.

Ayol qishloq ahliga: “Bu odam meni shu quduqdan qutqarib olib chiqdi” dedi.
Odamlar boyagi kishiga tashakkur ayta boshladilar. Barchalari uning ishidan hursand bo‘lib, unga ko‘p sovg‘a-salomlar in'om etdilar. Erkak ayoldan nega shunday qilganini so‘radi.

Ayol: “Ayol kishi mana shunaqa bo‘ladi. Agar unga ozor bersang, seni o‘ldiradi. Agar u sendan rozi bo‘lsa, seni baxtli qiladi” deb javob berdi.

Nozimjon Hoshimjon tarjimasi

Reklama
Reklama