Badbashara


– Menga turmushga chiqing, – dedi bir quchoq gullarni ko‘targan ko‘rimsizgina bir yigit universitet malikasi Go‘zalga yaqinlashib.


Qomatiga qul, g‘ururi osmon qiz esa kamsuqum yigitga qiyo ham boqmay, yonidan beparvo o‘tib ketdi. Qirmizi atirgullarning bo‘yi egildi. Yigit qizning orqasidan homush boqib qoldi.


– Said yaxshi yigit, esingni yig‘, Go‘zal, tekkaningga yarasha, shunday ilmli yigitga tegasanda, orqangdan qanchadan beri bir og‘iz gapingga intizor bo‘lib yuradi... – dedi Nozima dugonasini insofga chaqirib.


– Kim, menmi? Shunga-ya?! Kelib-kelib shu badbasharaga tegamanmi?! «Tuya hammomni orzu qilibdi». Shunchalik yaxshi ekan, o‘zing tegib qo‘ya qol.


– Bu gapingga hali afsuslanasan!


Go‘zal o‘zi istaganday xushbichim yigitga turmushga chiqdi. Qachon qarama, chiroyli qizlar davrasida suyakni ko‘rgan itday yaltoqlanib yuradigan xotinboz eriga tikilib, negadir u qirmizi atirgullarni ilingan o‘sha badbasharani tez-tez eslardi...

Reklama
Reklama