Blogger kim?


Assalomu alaykum! Hurmatli saytim foydalanuvchilari. Bugungi kunda hayotimizda eng ko'p va tez-tez uchrab turadigan holatlardan biri bloggerlar va ular haqida yaxshi yomon fikrlarga to'qnash kelyapmiz. Blogger so'zi O'zbekistonga endigina kirib kelgan atama emas aslida. Oldin blogger desa ko'pchilikning ko'z oldiga "paynetchi' yoki "kompyuterchi" tasavvuri kelar edi. Ya'ni bekorchi degan fikrlardan ham yiroq emas edik. Bugunga kelib esa ular "xalq qahramoni" sifatida gavdalanmoqda. Bunga sabab so'nggi paytlarda bloggerlarimiz tomonidan mamlakatimizdagi ba'zi sohalarda uchrab turgan muammolarni olib chiqib, hal etilishini yuqori tashkilot egalaridan so'rashmoqda va hal etilmoqda. Butun bir xalqimizga ta'sir ko'rsatadigan buyruq va qarorlarni muhokama qilib, kamchiliklarini yoritib berishyapti. Albatta ularning urinishlari bekor ketmayapti, aybdor shaxslar o'zlarining izohlarini beryapti va o'z yechimi topayotgan holatlarni ham ko'ryapmiz. Nega-ki, internet orqali ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlardagi axborotlar yashin tezligida tarqalmoqda, ko'plab yurtdoshlarimiz so'nggi paytlarda muntazam ravishda internetdan foydalanishmoqda.

O'zbekistonda bloggerlikga e'tibor qanday?

O'zbekistonda bloggerlarga shu qadar e'tibor kuchaydi-ki, hatto qonun darajasiga olib chiqildi. Bunga misol Saida Mirziyoyevaning sahifasidagi 2019 yil 3 avgust kungi postida bloggerlarga jurnalistlarga berilgani kabi huquqlar berilishi haqida qonun loyihasi haqida aytib o'tdi. Post quyidagicha edi:

"Bugungi kunda biz tomondan mamlakatimiz OAV va blogerlarini qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq normalar ishlab chiqilmoqda.
Jumladan, qonun hujjatlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish masalasi ko‘rib chiqilmoqda:
- Jurnalistning professional faoliyatiga to‘sqinlik qilish, uning so‘rovi asosida axborotni (hujjatlarni) taqdim etmaslik, o‘z vaqtida taqdim etmaslik yoxud bila turib yolg‘on yoki noto‘g‘ri axborot taqdim etishda ifodalangan tarzda to‘sqinlik qilish, shuningdek, jurnalistga bosim o‘tkazish, uning jurnalistlik faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlik kiritish;
-Blogerlarga jurnalistlar kabi huquqlar berish.
Shu munosabat bilan "O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida" O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ymoqchimiz. Unda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi va "Axborotlashtirish to‘g‘risida"gi Qonuniga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar taklif etilgan.
Ushbu loyiha bo‘yicha har qanday taklif va mulohazalaringizni kutib qolamiz. Ular hujjat loyihasini takomillashtirish jarayonida o‘rganib chiqiladi va inobatga olinadi.
Taklif, g‘oya va tavsiyalaringiz uchun avvaldan minnatdorlik bildiraman.
Qonun loyihasi bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin:
https://regulation.gov.uz/ru/document/5679 "

Ushbu qonun hujjatida blogger kim degan tushunchaga quyida izoh berilgan.

Shu o'rinda yana bir e'tiborga molik holatlardan biri 27 iyunь - Matbaa va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning tegishli farmoni asosida bir guruh jurnalistlar bilan bir qatorda @davletovuz va @xushnudbek kanali yurituvchilari "Shuhrat" va "Kelajak bunyodkori" medallari bilan mukofotlandi.

@Xushnudbek kanalidan olingan post.

«Блогерлар ҳам одамми, ака» деган гаплар ўтмишда қолди

So‘nggi yillarda menga eng ko‘p aytilgan gaplar ro‘yxati bilan tanishing:

- Siyosatga qarshi chiqma!

- Oqimga qarshi suzma!

- Hukumatni tanqid qilma!

- Bu ketishda tepadagilar seni aniq “sindirishadi”!

- Nima qilasan rahbarlarning ko‘ziga yomon ko‘rinib?

- Qamab qo‘yishmasa go‘rga edi...

- va h.k.

Mana, misol uchun yaqindagina kunduzi chiroq yoqib yurish masalasiga oid maqolamdan keyin bir hurmatli akamiz quyidagicha shaxsiy xabar yuboribdilar (so‘zma-so‘z keltiraman):

«Odamlarni isyonga da’vat etish, davlatning qonun-qoidalariga ishonchsizlik kayfiyatini uyg‘otish kabi ayblar qo‘yilishi mumkin sizga. Yoshlik qilib, istiqbolingizni kuydirib qo‘ymang».

Ba’zan shayton yuragimga qutqu solganidan, “rostdan hammaga yomon ko‘rinib zarilmi menga?” deb o‘ylab qolardim. Hukumat vakillariyu, vazirlar, hokimlaru tashkilot rahbarlarini ko‘rgani ko‘zi, otgani o‘qi bo‘lmasa kerak, kelajagimni barbod qilishga arziydimi shu blogerligim derdim. 2014-2017 yillarda bitta tanqidim tufayli TVdagi ayrim rahbarlar meni ba’zi telekanallarning “qora ro‘yxatiga” kiritib qo‘yishganini ham yaxshi eslayman (tovba, xuddi TVga chiqmasam o‘lib qoladiganday, menga “zapret” qo‘yishganiga balo bormi? Lekin bugun amin bo‘ldimki, bularning barchasi ichki qo‘rquvimiz xolos. Tsenzurani o‘zimiz o‘ylab topganmiz, o‘zimiz kuchaytirganmiz va o‘zimiz uni eng yuqori cho‘qqiga olib chiqqanmiz. Chunki hammaga hadik bilan qaraymiz, hammadan qo‘rqamiz, ovozimizni birovlar emas, birinchi bo‘lib aynan o‘zimiz bo‘g‘amiz!

Bugun tarixda ilk bor 2 nafar bloger davlat mukofotlari bilan taqdirlandi: men hamda @davletovuz kanali muallifi. Bir qarashda Telegramdagi eng “g‘alamis”, Hukumatni eng ko‘p tanqid qiladigan, birovlar ko‘zi bilan qaraganda “xalqni eng ko‘p gij-gijlaydigan” ikki nafar bloger. Ammo tasavvurlarimiz yana bizni aldadi, "yuqoridagilar" blogerlarga umuman boshqacha, xayrixohlik ko‘zi bilan qarashar ekan.

 

Davlat mukofoti berilgandan keyin men yoki Davletov.uz darrov “bizda hammasi yaxshi, hammasi zo‘r, yashasin musaffo osmon” degan pozitsiyaga o‘tmasligimizni, aksincha bundan ilhomlanib, yanada o‘tkirroq mavzularda tahliliy va tanqidiy qalam tebratishda davom etishimizni rahbarlar ham juda yaxshi bilishadi. Aslida ularga aynan shu kerak. Bu mukofot ovozni o‘chirish emas, aksincha uni yanada balandroq ko‘tarish, qolgan fuqarolarni ham qo‘rqmasdan “gapirishga” undash ekanligini yaxshi anglashimiz kerak.

Davlat rahbari mazkur Farmon orqali bizdan aynan shuni so‘ramoqda, shu jamiyat rivoji uchun erkin va hur fikrli, niyati xolis bo‘lgan insonlarning ko‘payishini xohlamoqda.

Blogger kim?

Blogger - xabar va materiallarni to'plash, tahlil qilish, tahrirlash, tayyorlash va tarqatish bilan shug'ullanuvchi hamda ularni axborotdan foydalanuvchilar tomonidan, shu jimladan, muhokama qilish uchun internet jahon tarmog'idagi o'z veb saytiga yoki veb sayt sahifasiga joylashtiruvchi jismoniy shaxs.

Shunday ekan blogger degan tushunchaga aniq va tog'ri izoh berishni o'rganaylik. Blogger g'iybatchi yoki isyonchi emas, blogger bu muammolaringizni hal qilib berishga majbur yoki hal qilib beruvchi "avliyo" emas, blogger bu paynetchi yoki kompyutershik emas, blogger bu saviyasi, bilimi yo'q bekorchi emas, blogger bu soliq to'lashga majbur yuridik shaxs emas, blogger bu noqonuniy faoliyat olib borayotgan qonunbuzar emas, blogger bu 100 foiz aniq to'g'ri fikrlaydigan mutaxassis ham emas. 

Blogger - yuridik bo'lmagan jismoniy shaxs ham bo'lishi mumkin.

Blogger - biror voqea hodisa, biror predmet yoki buyumlarni, firma yoki brendlarni, hudud yoki joylarni hullas qanday soha bo'lishidan qat'iy nazar ma'lumotlar asosida o'zining mustaqil fikrini bildiradigan shaxsdir.

Bloggerlar ichida jurnalistlar va jurnalistlarga teng kela oladigan ziyoli odamlar ham ko'p. Ularga hech kim oylik to'lamaydi. O'zining proyekti uchun o'zi jon kuydiradi. Odamlarga nima kerakligini mustaqil tahlil qiladi, o'rganadi, ahamiyatli tomonlarini izlab topadi, foydali tomonlarini topishga harakat qiladi, hatto diplom ishi, ilmiy ish kabi o'sha mavzuning ichiga chuqur kirib borishga majbur bo'ladi, ko'p mehnat sarflaydi. Rahbar tomonidan biror topshiriq berilganda topshiriqni rahbarga o'tkazish uchungina, qo'ldan chiqar egasiga yetar tarzida ham tayyorlash mumkin. Lekin bloggerlikda unaqasi ketmaydi. Sifatsiz axborotga shunchaki e'tibor qaratilmaydi va 0 effekt beradi. Boshlagan ishi rivojlanmaydi, aytilgan maqsadga erisha olmaydi tamom, hammasi tugaydi. Shuning uchun sifatga e'tibor berishga majbur. Ba'zida 1 tagina posti yoki maqolasi bilan mashhur bo'lib ketadi, lekin keyingilari u kabi bo'lmasa-da, keraksiz va sifatsiz bo'lsa millionlab a'zosi bo'lsa-da birortasi ham qolmaydi. Aytingchi qaysi ishda shunday mashaqqat bor? 

Ammo hamma sohada bo'lgani kabi noto'g'ri yo'nalishdagi, chalasavod bloggerlar ham bor. Ularning ham o'zining auditoriyasi ya'ni yomon ma'lumotlarni istab topib ko'radigan insonlar ham bor. Misol uchun youtubedagi pul topish haqidagi videolarni olaylik, ko'p saytlar 1-2 marotaba arzimas pul ishalashga yo'l beradi, lekin sayt ichidagi hisob raqamidagi pulni olib chiqishga kelganda shart qo'yadi. Shartni bajarish uchun real pulini internet hamyoni (Webmoney, Yandex dengi, PayPal va boshqalar) yoki visa kartasidagi pulni sayt ichidagi hisob raqamiga qo'yadi. Pulni olib chiqishga kelganda yana iloji yo'q. Shu kabi "loxotron" saytlarga bloggerlar video qilib odam chaqiradi. Nega deysizmi? Ular yo shu sayt egasi, yoki o'zlari ham hali beri aldanganini bilmay o'zi orqali kelgan va pul ishlaydigan odamlar hisobidan foiz ulush olish niyatidagi (referal) kimsalar bo'lishi mumkin. Xuddi shunaqa videolar ichida shunday holatni ko'rdim-ki, rus tilidagi ana shunaqa aldoqchi saytni videosini topib o'zbek tiliga tep-tekis tarjima qilib, videosi ustiga o'zini ovozini yozib qo'ya qolibdi. U videoga ishonib, bir nechta odamlar pulini yo'qotganliklarini kommentlarda yozib qoldiribdi. Video tayyorlagan ahmoqni qarang-ki, hatto ana shunaqa yomon kommentlarni ham o'chirib yubormapti. Chunki kallasi bor odam youtubega kirib kanal ochayotganda u saytning qonun qoidalarini o'rganadi, kommentlarni qanday ko'rish, qayerdan o'chirish kerakligini ham o'rganadi. Bu kabi ahmoqlarga odamlarning yo'qtishlari, videosi orqasidan bo'ladigan yomon oqibatlari bir pul. Kimdir ularga aql o'rgatgan, youtube kanal ochasan va boyib ketasan deb. Ko'proq podpischik  bo'lishi va ko'proq ko'ruvga ega bo'lishi uchun vijdonini sotishga ham tayyor. Pul va mashxurlik keltirsa bo'ldi. Ular hatto o'zlari kirib, ishlab ko'rmagan bo'lsa-da, men faloncha pul topdim deb, photoshopda ishlagan rasmlarni ko'rsatadi. Bu bir misol holos, pul yo'qotilsa qayta topiladi, lekin qayta topilmaydigan narsalar, ortga qaytarib bo'lmaydigan holatlar bor. Yaxshi bilib bilmay o'ta og'ir vaziyatni keltirib chiqaradigan bloggerlar ham yo'q deb bo'lmaydi. Shaxsan men bunaqalarni misol keltira olmasamda, ular mavjud ekanligini bilamiz. Kimdir kimningdir ustidan kuladi, yillar davomida misqollab to'plagan obro'si va mehnatini kulga soviradigan bloggerlar ham bor. Xo'sh ularni nima qilish kerak. 1-2 ta yomon bloggerni deb hamma bloggerga yomon munosabatda bo'lish kerakmi yoki ularni yo'qotib yuborish kerakmi? Yo'qotishning iloji yo'q. Hammada so'z erkinligi bor. Hamma gap bizning o'zimizda. To'g'ri va not'g'ri, yomon va yaxshi axborotni farqlay olishimiz kerak. 

Blogger bo'lish uchun nima qilish kerak?

Xo'sh blogger bo'lish uchun nima qilish kerak? "Birinchi o'rinda odam bo'lish kerak" deya javob bergan bo'lardim. Negaki insonni boshqa mavjudotlardan ajralib turadigan joyi bu uning onggi. Allomalarimiz gapi bilan aytganda:

Odamlar bor odamlarning naqshidur,

Odamlar bor xayvon undan yaxshidur.

Ommaviy axborot madaniyatiga e'tiborli bo'lishimiz kerak. Odam biror gapni gapirayotganda yoki post qilib yozayotganida oqibati nima bo'lishi haqida o'ylash kerak. 

Blogger bo'lish uchun avvalo o'zingiz yaxshi tushunadigan va eng muhimi sevib ishlaydigan, o'rganib olishingizga ko'zingiz yetadigan biror sohani tanlash kerak. Ana shu sohani asoslarini fan sifatida jiddiy qarab ma'lumotlar topib o'rganish kerak, Hech bo'lmasa oz bo'lsada ma'lumotga ega bo'lish kerak. O'sha tanlagan mavzuyingizning odamlarga ayni bugungi kundagi kerakli jihatlarini topa olishingiz kerak bo'ladi. Yoki odamlarga kerak bo'layotgan ma'lumotni o'qib o'rganib u haqda ma'lumotga ega bo'lishga intiling.

Biror gapni gapirishdan oldin unga asosingiz bormi, yo'qmi shunisiga qarab yozing. Nafaqat har bir so'zingiz, balki so'zlar ostida kelib chiqadiga bir nechta ma'nolari uchun javob berishingizga to'g'ri keladi. Shuning uchun ur'gu beradigan so'zlaringizga katta ahamiyat bering. 

Shov-shuvni ahmoq ham qila oladi, jinniga ham mashxurlik kelaveradi, lekin halol va to'g'ri tanlangan va ko'p mehnat sarflangan yo'l o'zini oqlaydi. Kutilgandan-da ko'proq natijaga erishiladi.

Blogger bo'lish uchun siyosatga yoki yangiliklarga aralashish va izohlash shart emas.

Shunchaki kundalik hayotdagi holatlarni ushlay olishi kerak. Va ana shu holatni to'g'ri izohlay olish, xalqqa, ommaga to'g'ri yetkazib berishni bila olish kerak. Ko'pchilikning fikrini inobatga olgan holda izohlash kerak, man-manlik ketmaydi. Siz jang maydoniga tushmayapsiz, siz omma oldiga chiqyapsiz, sizga qarab turgan odamlarning fikri, qarashi, tashvishi, hayollari turlicha ekanligini inobatga oling.

Hammaga kerak deb juda kerakli narsani ham yoritaverish ham natija keltiravermaydi. Masalan ozon qatlamini yemirilishini olaylik. Tog'ri u ko'pchilikni hayotini hal qiladi, lekin qorni och odamga bu axborotni nima keragi bor. U odamning bugun bor, ertaga nima bo'lishi uni qiziqtirmaydi. 

Hullas kerakli yo'nalish tanlab olingach, o'zingizga kerakli odamlardan auditoriya yig'ing. Bloggerlik internetsiz "Bloggerlik" bo'lishi qiyin. Shunday ekan internetni yaxshi o'rganing, ijtimoiy tarmoqlarni ishlatishni, boshqarishni o'rganing. Fikr almashishingiz mumkin bo'lgan odamlar bilan do'stlashing. Siz tanlagan mavzuga daxldor yoki e'tibor qarata oladigan odamlarni topib aloqa o'rnating. Masalan do'stlikga qo'shing, kanal, guruh yoki sahifangizga taklif qiling. Odamlarni sizning post va maqolalaringizga berayotgan javobiga asoslanib ishingizni davom etkazing. Kimdir ko'ngil uchun yoki siz bilan aloqani uzmaslik uchun yaxshi munosabat bildirishi mumkin. Yoki kimdir yomon munosabat bildiradi. Yaxshi munosabatlarga nisbatan yomon munosabat bildiruvchilar doim ko'p bo'ladi. Bundan ruhingizni tushurmang. Bu degani e'tibor bermang degani ham emas. Yaxshi va yomon izohlarning mazmun mohiyatiga e'tibor bering. Ular bunday deyishiga nima sabab bo'lgan, nimadan kelib chiqib bunday deb yozishmoqda, o'rganing, tahlil qiling. Shundagina o'z ustingizda ishlab, muvaffaqiyatga erisha olasiz.

Blogger pulga sotiladigan odamlarmi?

Aslida odatda bloggerlar ko'pincha xalqni muammosini hal qilishga, har qanday maqsaddan oldin avvalo kimgadir yaxshilik qilishni o'ylaydi. Lekin xalqimiz orasidagi shunday misollarga duch kelyapman-ki, bloggerlardan shaxsiy muammosini hal etib berilishini so'ramoqda. Shikoyati mazmun-mohiyatiga qaralsa u qadar nohaqlik ko'rinmaydi. Umuman olganda odatda bunday nizoli holatlarni yuridik shaxslar va idoralar orqali amalga oshiriladi. Bir kishining muammosi asosida murojaat tayyorlash mumkindir, lekin bu muammoning qanday ekanligiga bog'liq. Butun jamiyatga qanday ta'siri bor? Advokat bilan blogger yoki xabar tarqatuvchi "jarchi" o'rtasidagi farq qanday ekanligini anglagan holda bloggerga murojaat etilgandagina maqsadga erishish mumkin.

Bloggerlar uchun alohida bir tashkilot yo'q, ularga hech kim oylik to'lamaydi. O'zining mablag'i hisobiga rivojlanadi.Y axshi sifatdagi kamerasi yoki telefoni, kompyuteri, internet harajatlarini gapirmay qo'ya qolaylik. Pulga sayt ochadi, kanal ochadi, pulga rasmlar tayyorlatadi, raskrutka ya'ni tarqatish uchun pulga odam yo'llaydi, videosi yoki posti uchun kerak bo'ladigan inventar yoki biror narsani sotib olishi kerak bo'ladi. Tayyorlagan ma'lumoti natija keltirishini ko'p vaqt kutishiga to'g'ri keladi. Xo'sh ketgan vaqti va mehnatini haqqini kim to'laydi? Bu ham biznesmenlik deganday gap. O'z biznesi uchun vaqt va mablag' sarflaydi, bor kuchi bilan harakat qiladi, evaziga daromad topishi kerak. Deyarli ko'pchilik bloggerlar reklamadan daromad olishni ko'zlaydi. Ho'sh reklama kelmadi, shuncha odam ko'rdi, foydalandi, muammosini hal qilib berdi, rahmatlar kelyapti, lekin sarflagan harajatlari qanday qoplanadi? Blogiga sarflagan vaqtini boshqa ishga sarflasa pul keladi-ku. Hamma boshqa ishga o'tib ketaversa, bloggerlikni kim qiladi. Blogger faqatgina pul uchun emas umumiy foyda, yorqin kelajak va yaxshi jamiyat uchun ham harakat qiluvchi lider, jonkuyar odamlar ham bo'lishi mumkin. Shaxsan men biror ma'lumot izlaganimda o'zbek tilidagi ma'lumotni topa olmayman, topganimda ham qoniqmayman, boshqa varianlarini ham ko'rgim keladi. Rus yoki ingliz tilidaginisi topiladi. Lekin menga va men qatori ko'plab o'zbeklarga o'zbek tilidagi ma'lumotlar kerak. Bu oddiy bir misol holos.

Buni tagida katta-katta muammolarning hal etilishi, hamma uchun foydali ishlar yotadi.

Bo'lishi mumkin bloggerlar ichida pulga maqola yozib yoki video qilib beradiganlari. Shoirlarni ichida ham buyurtmaga she'r yozib beradiganlari bor. Ho'sh odam o'zi qilolmadi, bloggerga aytdi, yuqorida aytib o'tganimdek, bloggerning sarflagan vaqtini va mehnatini harajatini kim qoplaydi. O'rniga boshqa ish qilsa pul keladi-ku, nimaga kimdir aytgan ishni shunchaki qilish kerak. Agar u ish butun dunyoni yoki butun xalqni muammosini hal qilib bersa, pulga qilmasligi mumkin. Lekin bir yoki bir nechta shaxsini muammosini ko'tarib chiqib, hal qilib berishga majbur emas. Umuman hech qaysi blogger hal qilib berishga majbur, qarzdor emas, hatto pul olgan taqdirda ham. U ommaga yetkazib beruvchi shaxs edi, yetkazib berdi, vazifasini bajardi. Hal etish ana shu muammoni keltirib chiqarayotgan yoki o'sha majburiyatni bo'yniga olib nizom asosaida ishlayotgan mas'ul shaxslarga tegishli. Bloggerning vazifalari va belgilangan majburiyatlari haqidagi normativ hujjatlar bor yoki yo'qligi, bo'lsa qanday hujjatlar ekanligi haqida keyingi maqolalarimda yoritishga harakat qilaman.

 


Ko'p ko'rilgan maqolalar


20 ta eng oson soch turmaklari. Rasmlar asosida


Har kuni bir xil soch turmagini qilish joningizga tegdimi? Kundalik hayotdagi ko’rinishingizga o’zg...

9-sinflar uchun elektron darsliklar


2018-2019  o'quv  yilida  yuklandi.  Yuklab  olish  yozuviga  bosish   orqali  ko'chirib   olishingi...

2 kunda bola shamollashini tuzatib yuborish.


Bolaning shamollashini 2 kun davomida tuzatib yuborish. Bahor va kuz mavsumida shamollash xavfi uchu...

8-sinf uchun elektron darsliklar


2018-2019  o'quv  yilida  yuklandi.  Yuklab  olish  yozuviga  bosish   orqali  ko'chirib   olishing...