Reklama
Reklama

Borligingizga shukr, yaxshi odamlar


Bozorga kiriboq, rastalar bo‘ylab yurar ekanmiz, e'tiborimni shu sovuqda yupunroq kiyinib olgan ona-bolaga o‘ziga tortdi. O‘g‘li qizimdan kichikroq, nari borsa 13-14 yoshlarda edi. Ikkinchi bor rastalarni aylanar ekanmiz, yana o‘shalarga ko‘zim tushdi. Ular ham bizdek biror poyabzal tanlay olmayapti degan xayolga bordim.
Va nihoyat qizimga narxi qimmatgina bir etik yoqdi, sotuvchi yigit bilan narxini pasaytirib bering deb tortishib tursam, yonimizda qizi bilan turgan bir yigit ham “Opa aytgan narxda bersangiz, man ham olaman” dedi.
Bu orada haligi yupinroq kiyingan ona - bola ham bizga yaqin kelib, bir qishgi poyabzalni tanlashdi. Sotuvchi bilan narxni kelishish ham qolib ularni kuzata boshladim. Narxini so‘rab, sekin ortga surilib, ona-bola gaplashdi-da, o‘zaro kelisha olishmadi shekilli, o‘g‘lini ko‘zi yoshga to‘ldi, ular bizdan uzoqlasha boshlashdi, negadir ularni to‘xtatgim keldi. “Opa, poyabzal o‘g‘lingizga yoqmadimi” so‘radim. Opa to‘xtadilar “Yo‘g‘a, bizga yoqdiku-ya, avval un olvolibmiz, pulimiz kamroq edi, shunga...”, opani ko‘zlarida mayuslik, o‘g‘liga bir poyabzal olib berolmaganidan, aybdorlik hissi shundoqqina bilinib turardi. Beixtiyor gapirib yubordim “Ertalabdan beri poyabzal tanlab olishmagani shundan ekanda”...
Yonimda turgan yigit “Opa, o‘sha opani siz chaqiring, manga noqulay” dedi. Bu orada ular nariroq ketib bo‘lishgan edi. Nega deb ham so‘ramadim. “Hoy opa, opa...”
Ona bola qaytib kelgunga qadar xaridor yigit sotuvchiga “Tanlagan poyabzalidan ham yaxshirog‘ini berib yuboring, pulini man beraman” dedi. O‘sha paytda yigitning so‘zlaridan shunchalar xursand bo‘ldimki, ko‘nglim boshqacha bir quvonchga to‘ldi.. Sotuvchi yigitning javobidan esa, shu yurtda tug‘ilganimdan, oramizda shunday yaxshi insonlar borligidan faxrlandim. “Aka, poyabzalning eng yaxshisi,chidamlisi, issiqni ushlab turadigani shu, yarmini bering, yarmi mandan o‘sha yigitchaga exson bo‘la qolsin”...
Ular qaytishdi, o‘shandagi xolatlarini to‘liq ta'riflab berolmayman, endi yigitchaning ko‘zlaridagi quvonchga, opaning ko‘zlari esa yoshga to‘lgan edi...
Alloh rozi bo‘lsin sizlardan yaxshi insonlar, borligingizga shukur...

 

Muallif: Malika A'zamjonovna