Kategoriya: Hikoyalar

Erkakning izzat nafsi sinmasin


ODAMGA ZIYRAKLIK VA FAROSAT HAM KERAK, DIPLOMLARDAN TASHQARI.



Yemakxonada o‘tirgandik. Bir odam telefonda gaplashib bo‘lib, quvonchdan qiyqirib sakradi va ofisiantni chaqirib:


— Hammaga mening nomimdan tandir kabob tarqating!

O‘n sakkiz yillik intiqlikdan keyin bugun men ota bo‘ldim! - dedi.


Uch-to‘rt kundan keyin erkakni 5-6 yoshli bolachaning qo‘lidan tutib bolalar xiyobonida sayr qilib yurganini ko‘rdim. Uni tanigan zahoti yoniga borib, o‘sha kungi ishini eslatdim va yonidagi bolachaga ishora qildim. Erkak tortinib, xijolat chekib shunday dedi:


— O‘sha kuni yemakxonada mening oldimdagi stolga kelib o‘tirgan keksa er-xotin o‘zaro suhbati qulog‘imga chalindi. Onaxon choliga “Tandir kabob yeylik, anchadan beri yegim kelib yurgandi”, dedi. Otaxon esa ayolidan ko‘zlarini olib qochib “Hozir tandir kabob ololmaymiz, pulimiz faqat sho‘rvaga yetadi, xolos” deya siniqqina javob qildi. Shu orada men telefonda gaplashganday bo‘lib, hammaga tandir kabob buyurtma qildim.


— Faqat o‘sha keksa juftlikka olib bersangiz bo‘lardi, hamma xo‘randalarga buyurtma qilishning nima keragi bor edi?- deya so‘radim undan.
Erkakning javobidan ko‘zlarim yoshlandi:


— Faqat ularga olib berganimda otaxon ayolining oldida xijolat bo‘lardi. Shuning uchun hammani birday mehmon qildim. Mening pulim ketsa ketsin, bir erkakning izzat-nafsi sinmasin!

 

Internetdan olindi.

Reklama
Reklama