Kategoriya: Hikoyalar
Ishlamaydigan ayol
«ISHLAMAYDIGAN» AYOL
(hikoya qilishgan)
Yaqinda qizimdan SMS oldim.
- «Dada, bir narsaga hayron qolaman, -deb yozibdi qizim. — Bir o‘zingiz ishlab bizni qanday boqqansiz?
Bitta oylikka to‘rtta farzandni o‘qitgansiz, ichirgansiz, yedirgansiz, kiydirgansiz…
Biz kuyovingiz bilan ishlab, ming bir tejab-tergab, qizimga kecha zo‘rg‘a pal'to oberdim».
— « Xudo bergan, qizim, Xudo bergan, -deyman unga. Lekin ichimdagi gapni unga aytmayman. Biz ham bitta emas, ikkita bo‘lib ishlaganmiz demayman.
Deyolmayman.
Ishonmaydi, lof deb o‘ylaydi.
Xayol uzoqlarga olib qochadi…
«Men davlat idorasida 133 so‘m oylik olardim, — deya ichimda qizim bilan gaplashaman, — keyinchalik u 150-200 ga ko‘tarildi.
Oylik olgan kunim uyga bozor qilsam, onang quvonish asnosida dakki berardi: kartoshkani qimmat opsiz, sabzi Qo‘yliqda yarim bahosida sotilyapti, sholg‘omni yupqa po‘stlisidan oling, chiqitga kamroq chiqadi.
Tabiiyki, bu gaplardan keyin bozor ham onangning zimmasiga tushadi.
Chunki ,onang biladiki, mening boyvachcha fe'lligim bilan oyning ikkinchi yarmida qo‘ni-qo‘shnidan qarz izlashga to‘g‘ri keladi. Uyimizda gilam bo‘lmasada, olachamiz bor edi, lekin to‘rtta bolaning to‘p-to‘pidan keyin ham uyimiz ozoda turardi.
Oshxonadan tortib balkongadovur chinniday yaraqlardi.
Hamma narsa botartib edi va hozirgacha shunday.
Vaholanki, uyimizda cho‘rimiz yo‘q edi.
O‘sha sen, shuningdek, boshqalar ham peshonasiga «ishlamaydi» degan tamg‘a bosgan Onang bor edi...
Akangning kiyimini ukang, sening kiyimingni singling kiyib katta bo‘ldi. Kiyimlaringning yamog‘i bo‘lishi mumkin edi, lekin kiri yo‘q edi.
Ichki kiyimlar qariyb sotib olinmas, mashinkada onangning o‘zi tikardi...
Nevaralar paydo bo‘lganda onang bo‘xchadan akangning bolaligidan qolgan eski kiyimlarini, garchand kennoying burnini jiyirsada, chaqaloqqa kiydirgandi.
Onang tikkan ko‘rpachayu yostiqlar, darpardayu dasturxonlar endilikda eskilik sarqiti bo‘lib qaysi bir tokchalarda yotibdi...
Vaholanki, ortiqcha kiyim sotib olishga bizning qurbimiz yetmasdi, tikuvchiyu ko‘rpachiga berishga oyligim kamlik qilardi.
Bilasan, uyimizdan mehmon arimasdi.
Viloyatlardan yo‘li adashib Toshkentga kelgan borki, biznikida mehmon bo‘lardi.
Ular vaqt ham, imkoniyat ham tanlamasdi, to‘g‘ri bostirib kelaverardi.
Yarim oqshom bo‘lishiga qaramasdan, qarangki, xuddi mehmon kutib o‘tirganday bir pasda dasturxon bezalardi. qand-qurs, piroshka-somsa deganday…
Dasturxondagi taom va shirinliklarning yarmi «Made in Mom» edi.
Aniqrog‘i, ishlamaydigan onangning «ishi» edi.
Chunki oshpaz yollashga mening oyligim yetmasdi.
Ukalaring bugun kiygan kiyimini maktabdan yirtib yoki kir-chir qilib kelardi.
Afsuski, o‘shanda bizning shaxsiy tikuvchimiz ham, kir yuvish mashinamiz ham yo‘q edi.
«Ishlamaydigan» onang kiyimlarni tikib, yuvib, ertalabgacha quritib, dazmollab farzandlariga kiydirib, maktabga jo‘natardi.
Chunki, ukangning ikkita ko‘ylagi yo‘q edi.
Bor-yo‘g‘i bitta bo‘lardi, uyam akasining eskisi.
«Ishlamaydigan» onang darsdan keyin to‘rtta farzandining har biri bilan individual dars qilardi.
Ko‘zining nurini to‘kib, sizlarga ertaklar o‘qib berardi, qayta-qayta mashqlar bajartirardi.
Ana shularning hosilasi o‘laroq, hammalaring o‘qib, kasb-hunarli bo‘ldinglar.
Ha, bugun ignaga ip o‘tkazolmay qolgan onangning ko‘z nurlari sizlarning bolaligingiz qat-qatlariga sochilib ketgan.
«Xudo bergan» degan so‘zlarimning ma'nisiga endi tushungandirsan.
Xudo menga boylik bermadi, Xudo menga sen aytgan «ishlamaydigan» onangni berdi!
Va onangga qo‘shib hamma narsani in'om etdi menga Allohim!
Qator-qator farzandlar berdi!
Ularning har biriga yarasha aql-idrok berdi.
El-yurt o‘rtasida obro‘-e'tibor berdi, birovdan kam qilmadi...
Topganimga baraka berdi! Qator-qator to‘ylar qildim, birin-ketin mashinalar mindim.
Birovning qo‘liga qarab qolmadim.
Onang bilan shaharma-shahar, ijarama-ijara yurgan kunlarim evaziga Allohim qo‘sha-qo‘sha uylar berdi.
Hammasiga sekin-sekin, sabr-qanoat bilan erishdik, ammo birovning haqiga xiyonat qilmadik, kimsani ranjitmadik, yolg‘on gapirmadik, Xudodan qo‘rqdik.
Men nimaiki martabaga erishgan bo‘lsam uning to‘qson foizida qariyb bir umr «uy bekasi» tamg‘asi ostida yashagan Onangning xizmatlari bor!
Internetdan olindi
KO'P KO'RILGAN
9-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022
3-sinf yangi elektron darsliklar
17 sen, 2022
4-sinf yangi elektron darsliklar
19 sen, 2022