Kategoriya: Hikoyalar

Juda ibratli voqea


Yaxshilikning afzali – kulfatga uchraganga berilgan yordamdir.

Katta tezlikda kelayotgan mashina g‘iyq etib to‘xtadi.


—Nima bo‘ldi, odamning yuragini yordingiz? -so‘radi ayol eriga qarab.


—Yo‘limdan nimadir chiqqandek bo‘ldi... -erkak asta mashinadan tushib old tarafga yurdi. Xotini ham ortidan bordi.
Mashina g‘ildiraklari tagida kichkina kuchukbola ingrab yotardi. Oyog‘ini bosib ketgan ko‘rinadi... Erkak ax dedida, xotiniga nima qildik, degandek boqdi.


—Hayriyat odam emas ekan, -yoqasiga tufladi ayol.

-Yuring ketdik, kechikyapmiz...
Shu payt yo‘l chetida katta it ko‘rindi. Lo‘killab ular tomonga chopdi. Ayol ko‘rqqanidan mashina eshigiga suyandi va erini shoshirdi. Ammo it odamlarga qiyo boqmay, kuchukchani iskadi. So‘ng alamli bir alfozda uvladi.


—Bolasi shekilli... -boshini qashladi erkak. Arang nafas olayotgan laychaga qo‘lini tekkizdi.


—Dilnoz, qara, hali tirik... balki shu atrofda biror mol do‘xtiri...


—Ey, buncha ko‘ngilchan bo‘lmasangiz! Bitta itga shunchami? Bo‘lsangizchi, ota-onam kutib qolishdi!
Homilador ayolini betoqat qilmaslik uchun erkak majbur mashinaga o‘tirdi. Ketarkan, ko‘zgu orqali orqaga qolib ketgan mahzun ona it va norasida kuchukchadan ko‘zini uzolmadi.


—Ishqilib, omon qolsin...


O‘sha voqea anchagacha esidan chiqmadi erkakning. Oradan besh oy o‘tib xotini o‘g‘il tuqqach esa unutib ham yubordi... Ammo to‘rt yildan keyingi bir mudhish voqea unga o‘sha kunni eslatdi.


Ko‘chada o‘ynab yurgan o‘g‘ilchasini mashina urib ketibdi. Haydovchi qo‘qqanidan qochib qolibdi. Bir kishi uni shoshilinch kasalxonaga olib boribdi. Ota-ona jon holatda jonlantirish bo‘limiga kelishdi.


—O‘g‘lingizning joni omon, faqat... bir oyog‘i... nogiron bo‘lib qolishi mumkin.
 Onasi ayuxannos soldi, ota esa boshini changallab yerga cho‘kib qoldi. Boshi gir aylanib ko‘z oldiga ingrab yotgan kuchukcha keldi.


—Baxtingga... o‘sha kuchukcha omon qolgan bo‘lsa kerak, yo‘qsa... -dod solayotgan xotiniga pichirladi u.
 Ayol ham birdan sergaklandi va o‘zini erining oyoqlari tagiga tashladi.

 

Facebookdan olindi

Reklama
Reklama