Kategoriya: Hikoyalar
Kasal bilan kar
Anchadan beri kasal yotgan odamning bir kar qo‘shnisi bo‘lib, u shu paytgacha bemorni ko‘rgani kelmagan edi. Bir kuni boshqa bir qo‘shnisi karga: "Bemor qo‘shningni ko‘rgani bormadingmi?" dedi. Bu gap karga ta'sir qilib, darhol qo‘shnisini ko‘rgani bordi. Yo‘lda o‘z-o‘ziga: "Ha, menda karlik, qo‘shnimda esa kasallik bor. U sekin gapiradi, men esa hech eshitmayman. U bilan qanday gaplashaman," deb o‘ylabdi. So‘ngra: "Kasalning gaplarini yuz ifodasidan bilib olaman," dedi. Masalan, unga: "Qandaysan?" deyman. U esa: "Yaxshiman," deb tabassum qiladi. Men ham unga: "Alhamdulilloh, juda ham xursandman", deyman. Yoki kasal menga: "Qiynalyapman, og‘riq azob beryapti," deydi. Men ham: "Alloh shifo bersin", deyman. Keyin yana aytaman: "Nima yeyapsan, nima ichyapsan". U ham: "Sho‘rva yoki sut", deydi. Men ham unga: "Osh bo‘lsin", deyman. Yana so‘rayman: "Qaysi tabib qarayapti?". Aniqki, kasal ham javob beradi: "Falonchi tabib qarayapti". Men yana: "U tabib g‘oyatda qo‘li yengil, yaxshi davolaydi", deyman, deb o‘ylay-o‘ylay qo‘shnisinikiga kirdi. Yotog‘ining bosh tomoniga yaqinlashib, kasalga salom berdi:
—Qalaysan, qo‘shni, — dedi. Kasal og‘ir qimirlab, tabassum qilib:
—Kasalim og‘ir, qo‘shnijon, o‘lyapman, — dedi. Kar bu gapni eshitmasdan, uning tabassumiga qarab:
— Oh, oh, juda xursandman. Xudoga shukr, — dedi.
Kasal karning kutilmagan bu so‘zidan ranjidi. O‘zo‘ziga: "Bu odam dushman ekanda, bunday deyapti", deb ming‘illadi. Shu payt kar xastaga yana dedi:
—Nima yeb, nima ichyapsan? Kasal g‘azablanganidan:
—Zahar yeb, zahar ichyapman, — dedi.
Kar bu so‘zni eshitmasdan, uning yuziga boqib:
— Osh bo‘lsin, — dedi.
Qo‘shnisi juda g‘azablandi. Kar so‘zida davom etdi:
—Qaysi tabib kelib turibdi? Kasal jahl bilan javob berdi:
—Azroil kelib ketyapti, — dedi. Kar davom etdi:
— Oh, oh. Uning qo‘li yengil, yaxshi davolaydi. U shunday deb kasalning yonidan chiqib ketdi. Ketayotib o‘z-o‘ziga: "Xudoga shukr, kasalning ham holini so‘rab qo‘ydim", dedi.
KO'P KO'RILGAN
9-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022
5-sinf yangi elektron darsliklar
19 sen, 2022
7-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022