Kategoriya: Hikoyalar

Ovchi va bo'ri


Bir kuni ovchi yigit  miltig‘ini yelkasiga  ilib, bo‘ribosar itini  yetaklab toqqa ovga  chiqibdi. Tog‘da bir  nechta bedana va kaklik  otibdi. Ovi baroridan  kelgan ovchi yigit xush  kayfiyatda tog‘dan pastga  tushayotgan mahal ko‘zi  bir g‘orga tushibdi. Asta  g‘orga kirib, ne ko‘z  bilan ko‘rsinki,  ichkarida urg‘ochi bo‘ri 2  ta bolasini emizib  yotganmish. Ovchi yigitni  ko‘rgan ona bo‘ri  tishlarini ko‘rsatib  irillabdi. Yigit  shosha-pisha urg‘ochi  bo‘rini miltig‘i bilan  otib tashlabdi.  Bo‘ribosar esa bo‘ri  bolalarini g‘ajib  tashlabdi. 


Ovchi yigit  oqshomda uyiga qaytib  kelibdi. Do‘stlarini  uyiga chaqirib ziyofat  beribdi. Ziyofat yarim  tungacha davom etibdi.

Tongda ovchi yigit  hovlidagi shovqindan  uyg‘onib ketibdi.  Yugurib tashqariga chiqsa ne ko‘z bilan ko‘rsinki,  hovlining o‘rtasida  buzoqdek keladigan  bahaybat erkak bo‘ri  turar, yonida esa ovchi  yigitning 5 yoshli qizi  bo‘rining dumidan  tortar va:

- Dada qarang, kuchuk,  kaatta kuchuk! - deb  baqirardi.


Yigitning vujudi  soniyada muzlab  qolgandi! U kecha tog‘da  o‘zi o‘ldirgan bo‘ri  bolalarining otasi edi! Yigitning shuurida "Tamom! Qizchamdan  ayrildim! Bo‘ri qasos  olgani keldi!" degan  fikr yarq etibdi. Shunda  erkak bo‘ri asta  qizaloqning ustiga  engashib, uning  yuzlarini iskabdi va  yigitga qarab mungli  ovozda uvlabdi. 


Masofa  qanchalik uzoq bo‘lmasin, yigit bo‘rining  ko‘zlaridan oqqan yoshni  ko‘rib turardi! Bo‘ri  chaqmoqday tezlik bilan  yugurib devordan  sakrabdi va ko‘zdan  g‘oyib bo‘libdi. Ovchi  yigitning rangi oqarib  ketgan, bo‘lishi  muqarrar bo‘lgan  mudhish voqeadan  qo‘rqqanidan butun  vujudidan ter quyilar,  oyoqlari qaltirar, tili  kalimaga kelmasdi.  Arang qadam bosib  borib, qizchasini  quchoqlab, ho‘ngrab  yig‘lab yubordi! Ha, bo‘ri uning farzandini  avaylagan edi! Hatto shu  tilsiz, ongsiz, eng  vahshiy jonzot ham  bolaga rahm qilgandi! U  esa inson bo‘la turib  bo‘ri bolalariga  achinmagandi.


 Yigit  miltig‘ini toshga urib  sindirib tashlabdi va  qaytib ov qilmaslikka  qasam ichibdi...

Reklama
Reklama