Kategoriya: Hikoyalar
Oyijon, ovqat bermaysizmi?
Taqdirning taqozosi ila turmush o‘rtog‘im bilan yo‘llarimiz ayro tushib, besh nafar voyaga yetmagan norasiydalarim bilan turmush so‘qmoqlarida yolg‘iz qoldim...
Farzandlarim yosh bo‘lgani, va oldin hech qaerda ishlamaganim uchun ro‘zg‘or yuritishda qiynaldim. Topgan ishlarim vaqtincha bo‘lib ko‘pga bormas, yana ish qidirishimga to‘g‘ri kelar, bu hol menga tinchlik bermasdi.
Qish kunlarining birida...
Xullas, qish kunlarining birida uyda bir tishlashga bo‘lsa ham hech narsa qolmadi. Uch-to‘rt kundan beri tuz totmagan go‘daklarim xarxasha qilishga o‘tdi. Kichik qizim "Oyi, bugun ham ovqat bermaysizmi?! Oshqozonim qornimni tishlab olyabti" deb bolalarcha samimiylik bilan yig‘lab aytgan gapi hamon yodimdan chiqmaydi. Yordam so‘rashim mumkin bo‘lgan qarindoshlarim ko‘p bo‘lsa-da, negadir botinib shikoyat qilolmasdim. G‘urur dersiz balki. Aslida, “yordam berishni rad qilsa, holim boshqalarga oshkor bo‘lgani qoladi” degan andisha meni bundan to‘sardi. Bolalarim oldida ilojsiz ahvolda qolishning o‘zi ochlikdan og‘irroq edi. O‘sha kuni tongda katta qizim "Oyi, qo‘shnilardan so‘rasaq-chi, hech bo‘lmasa amakimiznikiga borsak-chi!?" deb turib oldi. Bir tarafdan bolalarimga ichim achisa, ikkinchi tarafdan kunyasi "qo‘rqoq" deya atalgan andisha qurgur tinchlik bermasligini o‘ylab hayolga toldim...
Qizimning “Oyi, biror narsa qiling!” deyishi meni o‘zimga keltirdi.
“Qizim, kel, yaxshisi Allohdan umidimizni uzmay, bugun ham sabr qilaylik, ajrini ham inshalloh shunga yarasha beradi. Hozir kimga ham borardik, shundoq ham holimiz hammaga ayon-ku, istaganlarida allaqachon xabar olgani o‘zlari kelishardi. Qo‘y, bandasiga yalinib obro‘ni tushirgandan ko‘ra, Rizqlarning Egasiga ixlos bilan iltijo qilaylik” dedim. Qizimga ham duo qilishni buyurdim, so‘ng o‘zim “Allohim, fazling bilan bizlarni boyit, O‘zingdan boshqalardan behojat qil, bandanga ishimizni tushirma” deb duolar qila boshladim... Qizim baribir bolada, ko‘zi jiqqa yoshga to‘lib “Qachon!? Qachon beradi!?”–derdi, ovozida zarda va araz aralash ohangni sezilardi...
Uni ovutish uchun “Beradi, albatta beradi, sen ishonsang bas” derdim.
Ichimda “Bolalarimni qiynadim, bu ahvolda islomdan ko‘ngillarini sovutib qo‘ymasam edi, kattalarning ham qabul qilishi qiyin vazifani shularga yukladim, bugun amakisiga bormasam bo‘lmas” deb o‘ylab qoldim...
Peshindan keyin qo‘ng‘iroq bo‘lib qoldi. Bir dugonam ekan. “Opa, pastga tusha olasizmi, shoshib turgandim, ishim bor sizda” dedi, harchand qistasam ham uyimga kirmadi, pastga tushdim. “Opa, bozorga ketayotib sizni o‘yladim, anchadan beri hayolimdan ketmaysiz, sizga ataganim bor edi, dasturhon yozib ehson qilmoqchi edim, baribir to‘qlar keladi-da ehsonimga, undan ko‘ra shuni sizga bersam, duo qilsangiz” deb qo‘limga pul tutqazdi...
O‘sha kuni birin-ketin yo‘qlab uyimga ko‘pchilik keldi.
“Qizim, buyog‘iga endi nima deysan, uyalib qolmadingmi, aldamabmanmi, Allohdan so‘rasang berarkanmi?”-deb hazillashib qo‘ydim. O‘shal kun dasturxonimiz obod bo‘ldi. Ko‘zimiz quvonchdan kulsa-da, ko‘nglimiz Xoliqqa yig‘lardi...
U kundan keyin bunday voqe'alar ko‘p bo‘ldi...
Maktub shunday bitildi. Men buni har gapida “fiy sabiylillah” degan shiorni ko‘tarib olgan saxiylar, dasturxonining atrofini boylar to‘ldiradigan zodagonlarga “atrofingizga bir qarab qo‘ying, saxovatpeshalar” deb, juda-juda yetkazgim keldi...
Fotima Mustafo.
KO'P KO'RILGAN
3-sinf yangi elektron darsliklar
17 sen, 2022
7-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022
9-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022