"Qishloqilik o'qituvchi"ning hayotiy hikoyalari

 

Ertalab shaxsiy haydovchim ertaroq keldi. Yap yangi Mers 600 ga o'tirib ishxonaga jo'nadim. Yo'l yo'lakay elektron pochtamga kelgan habarlar bilan tanishdim. Amerika, Yaponiya, Singapur tashqi ishlar vazirligidan iltimosnomalar kelibdi. O'qitivchilariga yangi pedagogik va informatsion texnoligiyalardan master klas o'tib berishimni so'rashibdi. Men 3 oydan so'ng qabul qilishim mumkinligini, ungacha vaqtim juda tig'izligini yozib yubordim.
Ishxonaga yetib keldim. 5 qavatli mahobatli binoning kiraverishida menedjer (maktabimiz direktori) qo'li ko'ksida kutib oldi. Kayfiyatim, oilam, sigir buzog'im hamma hammasini so'rab ko'zlarimga termulib turibdi. 
Men pedagogikadagi yangiliklar haqida gapirib, rivojlanayotgan Angliya va Germaniya o'qituvchilariga yaqindan yordam berilishi yuzasidan tavsiyalar berdim. 
O'qituvchilar xonasida 2 ta assistent kutib olishdi. Biri achchiqqina kofe damladi. Ikkinchisi bugun 2 soat darsim borligi, darsga barcha jixozlar tayyorligi haqida axborot berdi. Jarrohlar operatsiyaga kirganlaridek sinf xonasiga yo'l oldim. 
(Axir insonlarning hayot mamot masalasiga javobgarman)
Sinf xonasida 10 nafar o'quvchi va assistent askarlardek kutib olishdi. Dars boshlandi. Kondinsionerning salqin havosida 
uyqu elita boshladi. 
"Dadasi turing, sigirimiz yechilib ketibdi..." ayolimning ovozidan uyg'onib ketdim.
P.S. Indamadim.

 

 

Men ham gapiraman...

Quvonchli habar!!!
Ertalab 2 ta gazetadan shaxsiyga taklif keldi. Yozganlaringiz bizga maqul. Matbuotda chiqaramiz, faqat kimligingizni, manzilingizni yozib yuboring. 
O'ynab qo'yay! Zo'rku!!! Ammo, lekin, biroq...
P.S. Xullas "Kichkina tabib"dagi xolatdaman.
Men ham gapiraman...

 

 Bizning maktab birinchi...


-"Maktabimiz eng ilg'or maktablardan. Poytaxtdagi uncha muncha maktablardan ustunlik tomonimiz bor. Pedagoglarimiz o'z kasbining ustasi. Bizda o'qiydigan har bir bola eng baxtli o'quvchi. Sharoitlar yetarlicha. Boshqa maktablar, hattoki markazdagi maktablar o'quvchilari havas qilishadi!" O'ynab qo'yay, o'ynab qo'yay. Direktorimizning bu so'zlaridan ruhlanmay bo'ladimi?! Qishni sovuq xonalarda issiq palto bilan o'tkazgan kunlarimiz esdan chiqib ketdi. 
P.S. Shunday maktabimiz turganda direktorimizning farzandlari markazdagi maktabga qatnab o'qishiga baribir tushunmayman...

Internetga kirishga hohishim yo'q

 Shu internetga kirishga juda xohishim yo'q edi. Lekin direktorimiz yig'ilish qilib hamma o'qituvchi feysbukka kirishi kerak, yuqoridan topshiriq bo'ldi degani uchun kirdim. 
Profilni Tosh Mat traktorchini 7 - sinfda o'qiydigan o'g'li telefonida ochib berdi. 
Endi internetda ishlaydigan yangi telefon olish kerak. 50 ming so'mlarga beradimi?

Po'rim bo'lib kiyinib olganmiz. Ayniqsa zavuchimizning galstugi menga ko'rk bag'ishlab turibdi. Biroz yog' tekkanini, g'ijimligini e'tiborga olmasa juda chiroyli.
Lekin tuflim oyoqni qisib qo'yyapti. Ukamni tuflisini kiyib olganman. U xozir Rossiyada. Oyiga arzimagan 600 dollar pul jo'natadi.
2 soat dars o'tilmadi. Axir hammamiz komissiyani kutyapmiz. O'quvchilarni xonaga "qamab" tanaffusga ham chiqarmayapmiz. Xojatxonaga esa umuman...

MOL DO'XTIRI 100 FOIZ HAQ EKANSIZ...


Bugungi aksariyat "..." larni ko'rib shu hulosaga keldim.
Nafas olmayman...
Ertalab mashinada kerilib ketayotganimni qishlog'imiz mol do'xtiri ko'rgan ekan.
Qaytishda ko'rishib qoldik. 
Yosh bolaga o'xshaysizda ukam degandi xursand bo'lib ketdim. Aka, bu gapni Sizdan kattalar ham aytgan, yosh boladek samimiy, quvnoq yuramizda desam nima deydi deng?!
- Insonning terisi har kuni yangilanib turadi, nechadir gramm teri to'kiladi. Mana Sen ukam, maktabda ishlaysan, 1000 ta bola o'qisa bir kunda 1 grammdan eski teri to'kiladi, 1 yilda 365 kg teri qoldiqlari maktab partasida qoladi. Sen nafas olasan, tabiiyki nafas orqali terini yutasan. Qarab turibsanki yosh boladek yolg'onchi, maqtanchoq, xo'rozqandga ham aldanadigan bo'lib qolasan...
p.s. Indamadim... Ahmoqroq desangiz ham roziman Mol do'xtiri amaki...

Direktor bo'laman.


Bugun ertalab direktorning kotibasi meni shaxsan direktorimiz xonalarida kutib turganini, tez kirishim kerakligini aytdi.
(To'g'risini aytsam maktabda kotiba nima ish qilishini va nima uchun maosh olishini xozirgacha bilmayman)
Direktor xonasiga ming bir hayronlikda kirib bordim. Direktor o'rnidan turib kutib oldi. Endi ukajon Sizni yo'qlashimning sababi Siz juda iqtidorli kadrsiz. Bir hafta zavuchlik qilganingizda bunga guvoh bo'ldim. Endi men charchadim. Bir ikki yildan keyin o'rnimga Sizga o'xshagan yosh, g'ayratli kadr direktor bo'lishini xohlayman. 
Yuqoriga ham tayinlab qo'ydim. Tayyor turasiz, deb kuzatib qo'ydi.
O'ynab qo'yay, o'ynab qo'yay!!! Direktor bo'lmasdan shunchalik, direktor bo'lsam nima qilaman a?!
P.S. Yanagi hafta direktor saylovi. Direktor xonasiga kirib chiqqan ko'pchilik o'qituvchilarning yuzida meniki kabi sirli tabassum. Direktorimiz yaxshi odamda. 
Bir ikki yil g'ir etadi o'tadi ketadi. Nima dedingiz qarindosh?!

Tomim ketib qoldi yoki ... tomib qoldi.


Hajviya
Aqlli inson bo'lsangiz hozir yozadiganlarimga ishonmaysiz.
Tunov kuni kechqurun soat 16.30 da direktor huzurida yig'ilish bo'ldi. Hamma telefonini qo'liga olib "falonchi pismadonchiyevga" layk bosadi, ma'naviyatchi suratga oladi va telegramda yuqoriga jo'natiladi degan topshiriq berildi. Hamma hayron. Kimga, nima uchun layk bosadi? 
Bir birimizga qaraymiz, ma'naviyatchiga qaraymiz, u direktorga qaraydi. Direktor darg'azab.
- "E, qanaqa odamsizlar. Layk bos degandan keyin bosadida. Nima ekanini ertaga so'rab bilib olamiz".
Qisqasi 70 ta oqqituvchi layk bosdi. Direktor hafa. Ja'mi 250 ta layk bosish topshirig'i berilgan ekan. Qoravul, bog'bon, kutubxonachi bosdi. Yana 177 ta layk kerak. Direktorni "kallasi" ishlab qoldi. Hamma zudlik bilan uyiga boradi, xotin, bola chaqasini telefonidan layk bostiradi.
1 soatdan keyin hisob kitob qilinadi.
P.S. Qanday kunlarga qoldik Qoravoy?...
Sizlarda ham shunday bo'lganini hech kimga aytmang -a!

Tovuq oldin paydo bo'lganmi, tuxummi?...


Maktablarda o'quv yili yakunlanishi bilan eng katta muammo-tamirlashni qanday, qaysi mablag' hisobiga bajarish ko'ndalang bo'ladi.
Jamiyatning aksariyat qismi ikki frontga ajraladi. 
Ota-onalardan pul yig'ish kerak va zarur deydiganlar hamda yo'q, ota-onalardan pul yig'ish jinoyat deydiganlar.
Bu masala sarlavhada keltirilgan muammoning huddi o'zginasi.
Maktab - bu farzandlarimizning jonajon maskani. U yerda ulg'ayishadi, kamol topishadi. Biz farzandlarimiz uchun yashayotgan ekanmiz-demak har qanday masalani muammo qilmasdan zudlik bilan yechishimiz, turli munozaralarga chek qo'yishimiz kerak.
Ikkinchi tarafdan maktab davlat ta'minotida bo'lsa, nima uchun ota onalardan pul yig'iladi degan savol ham o'rinli. Lekin, birinchi bandda aytilganidek farzandlar kamoli uchun hamma narsaga tayyormizmi, ortiqcha gap so'zlarni yig'ishtirib, o'zimiz yeng shimarib, maktabga borib ta'mirlab berganimiz yaxshi.
Eng qizig'i maktabda hammamizning-o'qituvchining, shifokorning, muhandisning, deputatning, huquqshunosning, dehqonning farzandlari o'qiydi.
P.S. Agar hamma ota-ona yakdil bo'lsa qonun ustivorligi ta'minlanadi, ortiqcha yig'di-yig'dilar bo'lmaydi, o'qituvchi may oyi kelsa yurak hovuchlab o'tirmaydi, tatilda dam olishning o'rniga oxak chelakni ko'tarib sinf xonasini oqlamaydi. Yana o'zingiz bilasiz...

Eng katta maoshni MEN olaman!


Oddiy qishloq o'qituvchisiman. Sobiq o'quvchilarim orasida muhandislar, hisobchilar, huquqshunoslar, diplomatlar va hattoki deputatlar bor.
Ular har safar maosh ko'tarilayotganda bir xil e'tiroz bildirishadi. 
-"Bizning maoshimizni qanchalik ko'p ko'tarishingiz mumkin, bundan biz xursand bo'lamiz. Lekin, ustozimizning maoshidan ko'p olishga vijdonimiz yo'l qo'ymaydi!"
P.S. Vijdonli, andishali shogirdlar bor bo'lsin!

Katta katta maosh olayotganlarning ustozlari qancha maosh olishar ekan a?...

*******************

Bizchi?


Retro hajviya.
Kecha katta yig'ilish bo'ldi.
Yig'ilishni ma'naviyatchimiz kirish so'zi bilan ochdi. Sohada olib borilayotgan ijobiy ishlar haqida gapirib so'zni direktorimizga berdi.
Direktorimiz salmoqli nutqini yuzida tabassum bilan boshladi:
- Hurmatli o'rtoqlar. Sohada olib borilgan ijobiy islohotlar natijasida yashash sharoitlarimuz tubdan yaxshilandi. Yangi uy quryapmiz, shahardan zamonaviy uylardan oldik, barcha xonalarni zamonaviy mebellar bilan jixozlayapmiz, tatilda chet eldagi kurortlarda hordiq chiqarayapmiz, yangi mashinalar sotib oldik. Biz yaxshi yashayapmiz...
Shu payt o'rnimdan turib "Bizchi?..."" deb yuboribman.
P.S. Biz yaxshi yashayapmiz...

 Yolg'onchiman...


Ko'cha ko'yda, choyxonada, avtobusda, gap gashtakda, yo'lu cho'lda o'quvchlarimning ota-onalari so'rab qolishadi: 
- Bizning erkatoyimiz qanday? O'qishlari yaxshimi? Javob berishimni kutmay yana qo'shib qo'yishadi:
- O'zi shu farzandimiz juda boshqacha chiqdi-da. Kitob o'qimasa ham hamma narsani biladi! Telefonni bizdan yaxshi biladi...
Ehhhhh... Men nima deyman? Ha, yaxshi o'qiyapti deymanda...
10-sinfda o'qisa ham karrani bilmasligini, quyosh sharqdan chiqib g'arbga botishini tasavvur ham qila olmasligini, ingliz tili tugul ona tilida o'z fikrini to'liq yoza olmasligini qaysi til bilan aytaman...
Yomon baho qo'ysam hech bir ota ona rahmat demasligini, aksincha qo'lini bigiz qilib ko'rsatishini bilamanku.
P.S. Yomon baho qo'ysam o'z maoshimga o'ta salbiy ta'sir ko'rsatishini xech kimga aytmayman. 
Alamlar, meni qiynaydi alamlar...(Qo'shiqdan)

 Facebook friendlarim

Facebook frendlarim (do'stlarim)
So'rab qolishadi. Facebook do'stlaringiz orasida "Xalq artistlari", "Mashxurlar" kam, ko'pchiligi oddiy insonlar. O'ynab qo'yay, o'ynab qo'yay. "Oddiy inson" haqida avval yozgan maqolamni o'qib qo'ying. 
Keyin, haqiqatni aytsam, "Xalq artistlari", "Mashxurlar" xech qachon birovga layk bosishmaydi, o'zlariga bostirishadi. 
Ch...b qo'ydim deyishsa ham 1000 ta layk.
Menga esa yozganlarimga "Oddiy odamlar"ning layk bosishi muhimroq.
P.S. "Xalq feysbukchisi" bo'p ketsam-a!?

 

Muallif: Qishloqilik o'qituvchi taxallusdagi ...???

Profili: www.facebook.com/qishloqlik.oqituvchi

Chop etilgan Maqolalar sana 18 may, 2019

hayotiy hikoya , hikoya , "Qishloqilik o'qituvchi"n , o'qituvchi hayoti , qishloqilik o'qituvchi

Ko'p ko'rilgan maqolalar

20 ta eng oson soch turmaklari. Rasmlar asosida

Batafsil

9-sinflar uchun elektron darsliklar

Batafsil

2 kunda bola shamollashini tuzatib yuborish.

Batafsil

8-sinf uchun elektron darsliklar

Batafsil

7-sinflar uchun elektron darsliklar

Batafsil

Do'stlarga ulashing:

Kommentariya qoldirish