Kategoriya: Hikoyalar

Qo‘ng‘iroqdan so‘ng


Qo‘ng‘iroqdan so‘ng.

Men o‘g‘limni har kuni maktab hovlisida kutib turardim. Qo‘ng‘iroq chalingach, birozdan so‘ng u ichkaridan chiqib, nigohi bilan meni izlardi. Ko‘zi tushgach, maqtangannamo qadam tashlardi: demak, besh baho olgan! Salom-alikdan so‘ng "Xo‘sh" deb so‘rardim.
- To‘rtta besh, - javob berardi.
- Zo‘r-ku!
O‘g‘limning, hatto o‘nta a'lo baho olgan paytlari bo‘lardi. Tabiiyki, u ham, men ham quvonardik. Ammo bugun...
O‘g‘limning nigohi ma'yus edi. Menga ko‘zi tushgach, o‘pkasi to‘lib ketdi. Yomon baho olganini sezdim. U yaqinlashgan sayin, men bamaylixotir turardim. Keyin esa nima bo‘lganini so‘radim. Uch baho olibdi. O‘g‘lim koyishimni kutar, lablari titrardi.
- Shunga shunchami? - dedim men samimiy tarzda,- Xechqisi yo‘q, bo‘lib turadi.
O‘g‘lim yig‘lab yubordi:
- Meni kechiring, dada...
- Hammasi joyida. Yig‘lama, o‘g‘il bolaga yarashmaydi...
U bunday munosabatimni sira kutmagandi. Menga shu qadar minnatdor bo‘lib qaradiki, ko‘nglim allanechuk bo‘ldi. Ko‘z yoshlarimni zo‘rg‘a tiydim. Yo‘l bo‘yi o‘yladim:
"Bolajonim, men qandaydir raqamlar tufayli seni ranjitmayman. Aslo bunday qilmayman. Men uchun ma'yus ko‘zlaringdan ko‘ra quvnoq qiyofang ming marta a'lo!.."
Kechqurun o‘g‘lim bo‘ynimdan quchoqlab, shunday dedi:
- Siz dunyodagi eng yaxshi dadasiz!...

A Namozov.

Reklama
Reklama