Kategoriya: Hikoyalar

Tanqid haqida ibratli hikoya


Bir shogird uzoq fursat mashhur rassomning qo‘lida ta'lim olibdi va kasb mahoratini egallab olgach, ustozidan oq fotiha berishni so‘rabdi.

- Ijozat bersangiz, men ham mustaqil ish boshlasam, o‘rganganlarimni amalda tadbiq etsam…

Ustoz javob beribdi:

- Sen mening eng yaxshi shogirdimsan, juda ko‘p narsani o‘rganding. Ammo mustaqil ish boshlashingdan oldin so‘nggi maslahatim bor. Buning uchun borgin-da, eng yaxshi rasmingni chizib kel!

Shogird ustozining oldidan mamnun holda chiqib, bor mahorati bilan zo‘r rasm chizibdi. So‘ng uni ustozining oldiga olib kelibdi. Ustozi rasmni ko‘rib, shogirdiga topshiriq beribdi:

- Endi shu suratni shaharning eng gavjum joyiga olib borib ilib qo‘y va yoniga qizil qalam qo‘yib, shu satrlarni yoz: «Rasmga e'tirozi borlar qizil qalam bilan o‘sha e'tiroz o‘rniga belgi qo‘ysin!»

O‘z rasmining mukammalligiga shubha qilmagan shogird ustozining aytganini bajaribdi va ikki kundan so‘ng ko‘z yosh bilan qaytib kelibdi:

- Ustoz, mendan rassom chiqmaydi! Qarang, eng mukammal deb hisoblagan rasmim ham odamlarga yoqmabdi.

Ustoz qarasa rasmning hamma joyiga qizil bilan chizib tashlangan, qizil qalam tegmagan joyi yo‘q hisobi. Shunda shogirdini ovutish uchun ustoz yana bitta topshiriq beribdi.

- Endi qizil qalamlarni o‘chirib tashlagin-da, shu rasmni o‘sha gavjum joyga yana ilib qo‘y, ammo bu safar rasmning yonida qizil qalam emas, mo‘yqalam bilan ranglar idishini qoldir va shu satrlarni yoz: «Rasmga e'tirozi borlar mo‘yqalam bilan o‘sha e'tirozni tuzatib qo‘ysin!»

Shogird chiqib ketibdi. Bir kun, ikki kun, bir hafta, bir oy vaqt o‘tibdi. Ammo rasmga bironta odam o‘zgartirish kiritmabdi. Shogird buni tushuna olmay turganida ustozi unga so‘nggi maslahatini ilinibdi:

- Ko‘rdingmi! Odamlar shunaqa, tanqid qilish so‘ralsa hamma o‘zini shu kasb mutaxassisi hisoblaydi, ammo tuzatishga kelganda hammalari jim bo‘lishadi.

Unutma, biron narsani tanqid qilishdan avval o‘rniga nima bera olishing mumkinligini o‘yla. Yo‘qsa, tanqid qilma!

 

Internetdan olindi

Reklama
Reklama