Kategoriya: Hikoyalar

Tipratikan uchadimi?


Erim har kuni ishga ketish oldidan: "Onasi, tipratikan uchadimi?" -deydi. 

Men esa: "Ha, dadasi, albatta uchadi, lekin sal pastroq uchadi",- deyman. 

"Sutchi, uning rangi oqmi, qorami?" 

"Agar siz oq desangiz oq, qora desangiz qora",- deyman. 

Bu so‘zlar mening yaqin dugonamning iqrori. 

Avvallariga undan jahlim chiqardi: "Nima, o‘zingni mustaqil fikring yo‘qmi, eringga tipratikan ham uchadimi? Sutning rangi qora emas oq, deb ayta olmaysanmi?"- der edim. 

U esa: "Erim ham, men ham fitratan bilamiz: tipratikanning uchmasligini, sutning rangi oqligini, ammo bu mening itoatimning ramziy belgisi", - dedi u bir kuni. 

Ayollar o‘zi tabiatan shikoyatchi va noshukurroq bo‘ladi. Uch to‘rttamiz yig‘ilib qolsak buni isbotlashga hojat qolmaydi. Bir kuni bir dugonam eridan shikoyat qilib qoldi. Eshitganlarning ko‘pchiligi, ajrash shu eringdan, qo‘lingda gulday hunaring bor, bitta o‘zing ham eplay olasan ro‘zg‘orni,deyishdi. Ammo men ularning fikriga qo‘shila olmadim. Unga o‘z fikrimni aytib qo‘ya qoldim: Senga ajrash, deyayotganlarning hammasining eri bor, ular erlaridan ajrashib ko‘rmagan. Guyoki boshi yo‘q tanaga o‘xshab qolasan. Hunar er yoki ota bo‘lmaydi. Bilasanmi sen hozir manzilni yo‘qotib qo‘yding, o‘zi shikoyat qilishimiz kerak bo‘lgan manzil bor. Bir marta erimdan shikoyat qilib besh oy halovatimni,itoatimni yo‘qotib qo‘yganman, ishonaver. 

Men yaxshi eslayman bobom ko‘p noma'qulchiliklar qilar edi, ammo kechqurun uyga qaytganlarida buvim ularni yuvib tarab hech nima bo‘lmagandek yashab ketaverishardi, deydi voxaning bir chekkasidan kelgan dugonam. 

Nima uchun ayol ertalab vaqtli turib eri va bolalari uchun nonushta tayyorlaydi? Oila bo‘lgani uchun menimcha. Chet el seriallari va kinolarida tomosha qilamiz, xotin o‘zi uchun qahva tayyorlab ichadi er o‘zi uchun. 

Xotin bo‘lish osonmi? Bu juda qiyin. Bu o‘zini fido qilish degani. Shuning uchun ham yer sharining ayrim o‘lkalarida oila tushunchasi butkul yo‘qolib ketmoqda. 

Yevropada yashab yurgan o‘rtog‘im dabdurustdan qaytib keldi. Nega kelding, axir odamlar Yevropaga orzu qilib yeta olmayapti-ku,-dedim. U: “ Qizim 14, o‘g‘lim 13 yoshga to‘ldi. U yerda 15 yoshdan keyin bolalar ota-onasidan alohida yashaydi. Bolangni tergay olmaysan. Har haftada bir marta maktabida so‘rovnoma tarqatishadi. Ota-onanggiz sizning erkinligingizga daxl qilmayaptimi, agar shunday bo‘lsa bizga murojaat qiling, biz sizni himoya qilamiz, degan mazmunda. O‘sha yurtda bir ajnabiy tanishim sakkiz yilga ozodlikdan mahrum etildi, sababi o‘smir qizining istaklariga qarshi chiqqani uchun”- deb javob berdi. 

Bir dugonam Koreyada bittasi Turkiyada, bolalari uyda otasi bilan qolgan. Er uyda xonanishin,albatta. Ular ishlab pul topayotgandir, ammo puldan-da qimmatroq narsalarni yo‘qotayotganiga ishonchim komil. 

Yozuvchi Abdulla Qahhorning turmush o‘rtog‘i Kibriyo Qahhor o‘z xotiralarida shunday yozadi: Hech qachon ismimni aytib chaqirmaganlar. Birga bozorga tushar edik agar men odamlar gavjum joyda yo‘qolib qolsam, “Qanisiz? Qanisiz?” deb chaqirar edilar. 

Mana buni sharqona oila deb ataydilar. 

“Ayolning vatani uning eridir”, deyiladi ilohiy kitoblarimizda. Uning vatani bormi, demak masjidi ham bor. Oilasining eng to‘ri uning masjididir. 

Masjidim va vatanimdan ayrilmaslik uchun bemalol iqror bo‘la olaman: Tipratikan uchadi, sutning esa rangi qora.


Yaxshilik uchun yaqinlaringiz bilan baham ko‘ring!

Reklama
Reklama