Kategoriya: Hikoyalar
Umid yashashga yordam beradi
Ish qidirib yurgan yosh muallimaga shahar shifoxonasidagi kasal bolalar bilan shug‘ullanishni taklif qilishdi. Vazifasi tengdoshlaridan ortda qolib ketmasliklari uchun o‘zlashtirishlariga yordam berishdan iborat edi.
Ish boshlagan ilk kunida bir o‘qituvchi qo‘ng‘iroq qildi, shifoxonadagi o‘quvchisining ism-sharifi, kasalxona manzili va yotgan xonasini aytdi. Ona tilidan o‘tilishi kerak bo‘lgan mavzu “Ot va uning turlari” ekanini eslatdi.
Muallima aytilgan manzilni topib keldi, bemor “Yong‘indan kuygan bolalar bo‘limi”da bo‘lib, bu haqida ogohlantirishmagan edi. Xonaga kirishdan oldin muallimaga maxsus kiyim-bosh berishdi va bemorga, u yotgan karavotga ham yaqin kelmaslik, niqob bilan gaplashish zarurligini tayinlashdi. Hamma hozirliklar bitgach, muallima chuqur nafas olib xonaga kirdi. Bolakayning jarohati og‘ir, qattiq og‘riqdan qiynalardi. Yosh muallima noqulay vaziyatda qoldi, nima deyishini bilmas, biroq xonadan chiqib ham keta olmasdi. Nihoyat, o‘zini zo‘rg‘a tutib, tutila-tutila gap boshladi:
– Men darslaringni shu yerda o‘zlashtirishingga yordam berish uchun tayinlangan o‘qituvchiman. Bugun sen bilan ona tilidan “Ot va uning turlari” mavzuini boshlaymiz...
Ertasiga muallima yana keldi. Yo‘lakda uchragan hamshiraning: “Kechagi bolakayga nima qildingiz?” degan gapini eshitib, qotib qoldi. Hamshira jilmaydi:
– Kechirasiz, sizni qo‘rqitvordim-a? Bola o‘nglanib ketishidan xavotirlanayotgan edik. Lekin siz kelib-ketganingizdan keyin ko‘ngliga umid, tanasiga kuch kirdi. Muolajalarimiz foyda qilyapti. O‘zi ham yashashga intila boshladi...
Bolakay hamon muallima bilan ilk uchrashuvgacha jarohati jiddiyligini bilib, tuzalishdan umid uzganini, kasalxonadagi birinchi saboqdan keyin hamma narsa yaxshi tomonga o‘zgarganini sevinib eslaydi. O‘shanda dars tugab, o‘qituvchi chiqib ketganidan keyin kichkina bemorning ko‘zidan quvonch yoshlari oqar, miyasida esa bir fikr aylanardi:
“Demak, yashar ekanman. Axir, o‘ladigan bolaga sinfdoshlaridan orqada qolib ketmasin deb “Ot va uning turlari” mavzuini o‘rgatish uchun muallima jo‘natishmaydi-ku!..”
KO'P KO'RILGAN
9-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022
7-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022
5-sinf yangi elektron darsliklar
19 sen, 2022