Kategoriya: Hikoyalar

Zarurat


Inson och qolganda, oddiy qotgan nonning naqadar zarur, mazali ne'mat ekaniga uning me'dasi guvohlik beradi. Boshqacha aytganda, inson non ne'matining qadrini och qolgandagina to‘liq his qiladi.

Ma'naviy ne'matlar ham shunday. Zalolat botqog‘ining ayanchli holini his qilgan insongina, haqiqat yo‘lini ko‘rsatgan birgina hikmatning naqadar oliy ne'mat ekanini to‘liq idrok etadi.

Ilk diniy adabiyotlarni o‘qiy boshlaganimda, u haqiqatlarga ruhim shu qadar tashna ediki, bir hadisning o‘zi ichimda buyuk inqiloblar yasar edi.

Hozir bunday hikmatlarga shu qadar serobmizki, ularga bo‘lgan ehtiyojimizni haqqi bilan his eta olmayotgandekmiz.

Doimo to‘kin dasturxonni ko‘ravergan insonda, bu ne'matlarga nisbatan ishtahasi pasayib boradi.

Faqir odam, dasturxonga o‘z me'dasining extyoji uchun o‘tiradi. Har narsasi muxayyo bo‘lgan bir boy esa, qo‘lidagi bu ne'matlar bilan o‘zini to‘ydirishdan ko‘ra ko‘proq boshqalarga bu ne'matlarni ko‘z-ko‘z qilish uchun dasturxon yozgisi keladi. Hatto, o‘zi uchun ravo ko‘rmagan tansiq taomlarni odamlarga tortiq qilishga xohish paydo bo‘ladi.

Asli, yashashi uchun zarur bo‘lgan, me'dasining extiyoji uchun berilgan bu ne'matlar, go‘yo o‘zining asl g‘oyasini yo‘qotgandek. Qadri tushgandek.

«Diniy ta'lim olish erkinligi yo‘q» deb bong urilayotgan hozirgi davrimizda, shu qadar hikmatlar, adabiyotlar serobki, o‘qib ulgurolmaysiz. Ularning ichida shundaylari borki, har qanday odam bittaginasi o‘qib, hazm qilib, hayotiga tatbiq qilsa, ikki dunyosining obodi uchun kifoya qiladi. Biz esa, bunday hikmatga duch kelsak, butun ruhimiz bilan uni o‘zlashtirishning o‘rniga, ko‘pincha uni boshqalarga «ilinadigan» bo‘lib qoldik. O‘z extiyojimizni nazarga olmaymiz. Boshqalarni to‘ydirmoqchi bo‘laveramiz. Boshqalarning extiyoji bizni ko‘proq tashvishlantiradi. Ularni isloh qilgimiz kelaveradi. O‘zimiz muxtoj bo‘lgan haqiqatlar bilan o‘zgalarga dasturxon yozib ehson qilish, biz uchun uni «iste'mol»idan shirinroq tuyulaveradi.

Avvallari to‘rt xil taom bilan sog‘lom hayot kechirgan insonlarning ba'zilari, hozir anvoi ne'matlarga g‘arq bo‘lganlari holda, jismlarida turli hastaliklar bilan yashaydilar.

Go‘zal yashash uchun shunchalik ko‘p narsa bilishimiz shartmi?

Ba'zi baxtli insonlar keldilarki, payg‘ambarimizdan (s.a.v.) bir necha kungina ta'lim oldilar va to qiyomatgacha hech kim yetolmaydigan ma'naviy darajalarga chiqdilar, najot topib ketdilar. (r.a.)

Umrini faqat ilm bilan o‘tkazganlardan ba'zilari aytadilar: «Qirq yillik ilm yo‘lida sa'y qilib, to‘rt narsa o‘rgandim...»

Ba'zan o‘ylab qolaman, butun kitoblar yonib ketsa-da, eng zarur haqiqatlarni o‘zida jamlagan bir necha kitoblargina qolsa... Ixtiloflar yo‘qolsa, hamma bir buloqdan suv ichsa, bir dasturxondan taom yesa... Baxtliroq yashagan bo‘larmidi?

 

Shoolim Shomansurov

Reklama
Reklama