Kategoriya: Diktantlar
5-sinflar uchun diktant
5-SINF UCHUN DIKTANT MATNI
Qadimiy shahar
Toshkent – juda qadimiy shahar. Bu shahardan savdo karvonlari o`tgan. Shaharliklar savdogarlarni muhtasham saroylarda kutib olishgan. O`zaro savdo-sotiq rivojlangan. Bora-bora shahar savdo markaziga aylangan. Shaharning shuhrati ortgan. Hozir Toshkent sanoati, iqtisodiyoti va madaniyati rivojlangan yirik va ko`rkam shaharlardan biridir. Poytaxtimiz ko`chalari yildan-yilga ko`rkamlashib bormoqda. Ayniqsa, hashamatli binolar, chiroyli favvoralar shaxrimizning husniga- husn qo`shmoqda. ( 55 ta co`z).
Yalpiz
Yalpiz nam yerlarda, ariq bo`ylarida, tog` etaklarida, adirlarda o`sadi. U ko`p yillik o`simlik hisoblanadi. Iyun – avgust oylarida ochiladigan gullari o`zida halqasimon to`p gulni tashkil etadi. Mevasi tuxumsimon silliq, yong`oqchalarga o`xshaydi. O`simlik gullashdan oldin yoki gullaganda yer ustki qismidan o`rib olinadi va soya yerda quritiladi. Yalpiz tarkibida efir moyi va boshqa bir nechta foydali moddalar uchraydi. (55 ta so`z ).
Xotira – muqaddas
Toshkentdagi Xotira maydonida Motamsaro ona haykali o`rnatilgan. Yodgorlik majmuasida xotira lavhalari bor. Ularga ikkinchi jahon urushida halok bo`lgan yurtdoshlarimizning nomlari yozilgan. Toshkentning Yunusobod tumanida Shahidlar xotirasi xiyoboni barpo etilgan. Xiyobonda muzey ham bor. Muzey avlodlarga qatag`on yillari qurboni bo`lgan ajdodlar haqida hikoya qiladi. Xotira farzandlarda insoniylik xislatlarini tarbiyalaydi. Ajdodlarni eslash, xotirlash biz uchun muqaddas burch. (55 ta so`z ).
Lug`at diktant
Olma, behi, anor, anjir, olcha, gilos, bodring, sabzi, lavlagi, piyoz, sarimsoqpiyoz, turp, sholg`om, qovoq, qalampir, karam. Kartoshka, uzum, shaftoli, qarili, qulpnay, limon, bodom, burch.
Tanlov
Bir qishloqda butun olamga dong`i ketgan donishmand yasharkan. Aka-uka uning yoniga kelib, shogirdlikka olishni so`rashibdi. Qariya faqat bir kishini olib qolishini aytibdi va o`spirinlarni sinamoqchi bo`libdi. Mo`ysafid aka-ukalarning har biriga bittadan topishiriq beribdi. Ular esa, o`z navbatida, o`z topshiriqlarini sidqidildan bajarishga kirishibdilar. (44 ta so`z).
Lug`at diktant
Yer, yeng, yelim, yog`, yog`och, yomon, daryo, yordam, tuyoq, tayoq, isyon, buyurtma, yurt, yuk, yulduz, yumshoq, sayohat, sayyoh, sarmoya, yashik, yaproq, yaktak, yaxmalak, yosh, yetim, yasha, buyuk, yuz, yaxna, yashil, yalla, yakun, Yaxyo, hadya, yolg`iz, yomg`ir, yelka, yodgor, yoz, yur, yaqin, yoqut, yopiq, yangi, yayra, yubor, yoqimli.
Oshpaz tabib
Bir kishi o`g`lining tabib bo`lishini orzu qilib, ilm olishi uchun bir olimga beribdi. Oradan bir yil o`tgach, xabar olgani borib qarasa, o`g`li o`choq boshida ovqat pishirib yurgan emish. Darsdan bo`sh paytda ustozining xizmatini qilayotgan bo`lsa kerak, deb indamay qaytibdi. Keyingi yil borsa, yana xuddi avvalgi holatni ko`ribdi. ( 47 ta so`z, “Tarbiya kitobi” dan).
O`zbekiston Milliy universiteti
Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti respublikamizdagi eng yirik bilim maskanlaridan biridir. Uning 16 fakultetida turli xil mutaxassislar tayyorlanadi. Bu universitetni bitirgan tilshunos, adabiyotshunos, tarixchi, tabiatshunos, o`lkashunos mutaxassislar maktab o`qituvchilari safiga qo`shilmoqdalar. Universitetda o`qigan iqtisodchi, huquqshunos, kimyogar va boshqa soha mutaxassislari xalq xo`jaligining turli tarmoqlarida xizmat qilmoqdalar. ( 47 ta so`z).
Oilamiz
Bizning oilamiz yetti kishidan iborat. Ularning hammasi turli kasb egalari. Otam- shifokor, u shahar shifoxonasida ishlaydi. Onam adabiyotshunos, u Milliy universitetda katta o`qituvchi bo`lib ishlaydi. Akam talaba, u Texnika universitetida o`qiydi. Nazira opam bog`chada tarbiyachi bo`lib ishlaydi. Opam bolalarga o`zbek va rus tillarini o`rgatadi. Bobom bog`bon, buvim tikuvchi bo`lgan. Men 6- sinfda o`qiyman. (53 ta so`z).
Lug`at diktant
Katta-kichik, uzun-qisqa, baland–past, yaxshi-yomon, oq-qora, achchiq-chuchuq, yosh-qari, chiroyli-xunuk, kecha-kunduz, oldi-berdi,
Rivoyat
Luqmoni Hakimdan so`radilar:
- Hazrat, bu davrda Sizchalik dono va bilimdon kishi yo`q. Shuncha bilimni kimdan o`rgandingiz? Luqmoni Hakim aytdi:
-Menga johil va nadon kishilar ilm o`rgatgan. Nodon va bilimsiz odamlar qanday yomon va noto`g`ri ish qilsalar, men aksini qildim, o`zimni yomonlikdan saqladim. (42 ta so`z).
Atirgul
Oqiljonning dadasi kuzda hovliga ikki tup atirgul olib kelib o`tqazgan edi. Kuni kecha hovlida o`ynab yurgan Oqiljon ikkala gul ko`chatni barg ochganini bittasi kichginagina g`uncha tukkanini ko`rib qoldi. Suyunib ketdi. Shundan keyin har kuni ertalab turib, yugurganicha gulning oldiga boradigan, g`uncha katta bo`layotganmikin deb qaraydigan bo`ldi. ( 46 ta so`z).
Qoplon
Quyosh ufqqa bosh qo`ydi. Tog`lar qip-qizil nur bilan qoplandi. Muallaq turgan parcha-parcha bulutlar cho`g`dek bo`lib ko`zni qamashtiradi. Kaftdek tekislik bag`rida ko`rinayotgan qo`ra tomon suruv yaqinlasha boshladi. Cho`pon suv ichib bo`lgan qo`ylarni qo`raga qamadi, eshigini mahkamladi, oyog`iga o`ralashgan iti Qoplonni erkaladi, muzdekkina suvga yuz-qo`lini yuvdi. Belbog`ini yechib, artindi. (50 ta so`z).
Har narsadan aziz
Olam gultoji hisoblanmish inson uchun tabiat bitmas-tuganmas ne’matlar ato etgan. Bug`doy-shu ne’matlarning bittasi, xolos. Oltinday sarg`ayib yetilgan, hududsiz maydonlarda mavjlanib yotgan bug`doyzorlar ming yillardan buyon odamzot rizqining manbai hisoblanib kelgan. Bug`doyning inson hayotidagi ahamiyati haqiqatan beqiyos. Hozirgina tegirmonda tortilgan undan yopilgan yangi nonning bo`yiyu ta’mini tasavvur etib ko`ring. ( 50 ta so`z).
Xalqimiz yo`li
O’zbekiston xalqi kelajakka ishonch bilan qaraydi. U eng avvalo o`z kuchlariga, o`zining boy tarixiy, iqtisodiy resurslariga ishonadi, sihat-salomatlik,baxt-saodat, boylik va madaniyatga o`z yo`li bilan keladi. Ulug` kelajak-oldinda. Va u bizning- O`zbekiston fuqarolarining baxt-saodati yo`lida olib borayotgan mushtarak ishimizga kuch-quvvat, g`ayrat baxsh etadi. ( 48 ta so`z, “O`quvchi ma’naviyatini shakllantirish” kitobidan).
5-9-sinf o`quvchilari uchun Davlat ta’lim standartlarida diktant yozishlari uchun quyidagicha talablar belgilangan:
-V-sinflar uchun 50-55 ta so`zli matn asosida diktant;
-VI-sinflar uchun 60-65 ta so`zli matn asosida diktant;
-VII-sinflar uchun 60-70 ta so`zli matn asosida diktant;
-VIII-sinlar uchun 70-80 ta so`zli matn asosida diktant;
IX-sinflar uchun 80-90 ta so`zli matn asosida diktant yozishlari zaruriy qilib belgilab qo`yilgan.
Ushbu “Diktantlar to’plami” metodik qo’llanmani umumta’lim maktablarining ta’lim boshqa tillarda olib boriladigan o`zbek tili fani o’qituvchilariga mo`ljallangan bo`lib, ular o`z ish faoliyatida o’quvchilardan diktant ishi olish uchun metodik yordam sifatida tavsiya qilishni lozim topdik.
Qoraqalpog`iston Respublikasi xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti
KO'P KO'RILGAN
9-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022
5-sinf yangi elektron darsliklar
19 sen, 2022
7-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022