Kategoriya: Hikoyalar

Dunyoning ikkinchi yarmi


Dastuxondagi atalani ko‘rgan Nozimning rang-ro‘yi o‘zgardi.
— Yanami? Men atala yemayman!
— Bolajonim, — yalinchoq ohangda so‘zladi ona, — onang o‘lsin, bolam. Bundan ortig‘iga hozir kuchim yetmaydi.
— Doim bitta gapni qaytaraverasiz! Oyi, ayting qachon qurbimiz yetadi o‘zi?
— Bir kun biz ham boyib qolarmiz.
— Qachon? Tuyaning dumi yerga tekkandami?
— Shaytonga hay ber, bolam! Kel, yaxshisi, ovqat yeymiz.
— Men atala yemayman!
— Xo‘p, nima qil deysan, bolam? Farroshning oyligi bilan ro‘zg‘or tebratish oson emas. Otang tirik bo‘lganda, balki, yaxshiroq yasharmidik?
— Topib olgan gapingiz shu! Baridan to‘yib ketdim!
Ona orqasiga o‘girilib, yig‘lay boshladi. Bola achchiq bilan o‘rnidan turdi va tashqariga otildi. U ko‘chada uzoq sang‘idi va sirk oldidagi o‘rindiqqa cho‘kdi. Uning kayfiyati yo‘q edi. Go‘yo yelkasida og‘ir yuk borday bukchayib borayotgandi.
— Poyabzalingiz yirtilgan ekan, tikib beraymi? — so‘radi birov.
Shundagina Nozim o‘rindiq qarshisida o‘tirgan etikdo‘z bolani ko‘rdi.
— Pulim yo‘q! — dedi u dag‘al ohangda.
— Pulini topganda berarsiz, baribir, qiladigan ishim yo‘q, — dedi bolakay.
Nozim etikdo‘zning taklifiga ko‘ndi va eski poyabzalni unga tutqazdi.
— Dunyoning tashvishi bo‘yningizga tushganga o‘xshaydi? Nega buncha g‘amginsiz?
Nozim birinchi marta uning kambag‘alligidan kulmaydigan va uni kamsitmaydigan do‘st topganidan suyundi. U dardlarini aytib, ko‘ngil chigilini yozdi.
— Men ham siz kabi yetimman, — dedi etikdo‘z bola uning gaplarini eshitib. — Na onam bor, na otam. Bu shafqatsiz dunyoda singlimdan bo‘lak yaqinim yo‘q. Ertalab maktabga boraman. Darsdan so‘ng bu yerga kelaman. Topganim ro‘zg‘orga uchma-uch bo‘ladi. Lekin shunisiga ham shukr!
Nozim etikdo‘z bolaning gaplarini eshitib, o‘z holidan noliganiga uyaldi.
— Mana, poyabzalingiz, yangiday bo‘ldi. Endi men boray, singlim ko‘zlari to‘rt bo‘lib kutib o‘tirgandir? Bo‘tqa pishirishim kerak. U hali kichkina, ovqat qilishni bilmaydi…
Etikdo‘zning ortidan qarab qolgan Nozim yig‘lab yubordi. Bola oqsoq edi…

Reklama
Reklama