Kategoriya: Hikoyalar
Oltinga teng o‘n nasihat
Amr ibn Xujr bir kuni Avf ibn Muhlamning qizi Ummu Iyosni xotinlikka so‘rab keldi. Otasi Amrga: «Mayli, senga qizimni beraman. Faqat shartim shuki, bolalariga o‘zim ism quyaman, qizlarini ham o‘zim uzataman (ya'ni ularga kuyovni o‘zim tanlayman)», dedi. Amr ibn Xujr: «Bolalarimizga o‘zimizning, otalarimizning, amaki va ammalarimizning ismlarini quyamiz. Qizlarimizni esa tenglariga beramiz. Qizingizga Kindadagi uyni mahr qilib beraman, kerakli barcha shart-sharoitlarni muhayyo qilaman», dedi. Qizning otasi rozi bo‘lib, qizini unga nikohlab berdi. Nikoh o‘qilgach, onasi qiz bilan xoli qolib, unga shunday nasihat qildi: «Qizim! Sen tug‘ilib-o‘sgan uyingdan o‘zing tanimaydigan bir kishining uyiga ketyapsan. Notanish odam bilan yaqin bo‘lyapsan. Sen unga cho‘ridek bo‘lgin, u senga quldek bo‘ladi. Men senga aytadigan o‘n nasihatni eslab qolib, ularni doimo yodingda tutgin:
Birinchi va ikkinchisi: eringga hurmatda bo‘lgin, topganiga qanoat qilgin, unga doim qulok solib, itoatda bo‘lgin.
Uchinchi va to‘rtinchisi: uning ko‘zi tushadigan, burni hidlaydigan joylarga e'tiborli bo‘lgin. Eringning ko‘zi hech qachon xunuk narsaga tushmasin, sendan doimo xushbuy hid kelib tursin.
Beshinchi va oltinchisi: eringning uxlaydigan va ovqatlanadigan vaqtini yaxshilab bilib olgin, chunki qorni och odamning jahli tez bo‘ladi, uyqusizlik esa g‘azabni qo‘zg‘aydi.
Yettinchi va sakkizinchisi: eringning mol-mulkini muhofaza qilgin, bola-chaqasiga e'tiborli bo‘lgin. Molning muhofazasi tejamkorlik bilan, bola-chaqaga e'tibor ularni yaxshi parvarish qilish bilan bo‘ladi.
To‘qqizinchi va o‘ninchisi: hech qachon eringning buyrug‘iga osiylik qilma, eringning sirlarini fosh qilma.
Eringga osiylik qilsang, g‘azabini keltirasan. Sirini fosh qilsang, keyin makridan qutula olmaysan.
Yana shuni bilginki, ering xafa bo‘lgan paytda xursand bo‘lishdan, u xursand bo‘lgan paytda xafa bo‘lishdan juda ehtiyot bo‘lgin», dedi.
KO'P KO'RILGAN
9-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022
7-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022
5-sinf yangi elektron darsliklar
19 sen, 2022