Kategoriya: Hikoyalar
Erkakning kelajagi
Erkakning kelajagi
Tishi og‘rib Akbarjon kechasi bilan dori qidirdi. Bir joyda anchadan beri yotgan onasi boshi ustida paypaslanib, chiroq yoqmay dori quti titayotgan o‘g‘lining ship-shipidan uyg‘ondi.
-Tinchlikmi, uxlamayapsanmi?!
-Tishim...
-Oshxonadan qalampirmunchoq topib chaynab bos!
O‘g‘li shipillab, oshxona tomonga o‘tib ketdi.
Bir joyda yotgan ona halak bo‘ldi "Erkak kishi bir narsani topolarmidi, kelini Malohat turib topib bersa bo‘lardi...
Dori topolmadimi, Akbarjon kiyinib, kechasida aptekaga chiqib ketdi.
" Izillab aptekaga borguncha, eh... "
Ertalab azonda o‘g‘li yana bozorga ishiga chiqib ketdi. Saodat hola qorni surnay chalib to‘lg‘onib ancha yotdi. " Qars" etib eshik ochilib, nabirasi ko‘rindi. Qo‘lida non bo‘lagi.
-Azamatchik, noningdan ozgina ber, qornim ochib ketdi.
-Oshshonada boy...
-Oshxonaga man borolmayman, bor oyingni uyg‘ot!
-Uyadila...
-Urmiydi, buvim aytyaptilar, choy tayyorlarkansiz degin...
-Eeee uyalladaaa...
Soat o‘n bo‘ldi.
Eshik yana bir "qars" etdi. Shippakni shippillagani, kelinini sochi pahmayib, hojatga o‘tgani ko‘rindi. U yoqdan chiqishini Saodat hola ancha kutdi.
-Ehh Akbarjona o‘zing tayyorlab ketsang bo‘lardii...
To‘g‘risi o‘ziniyam hojati qiynab yubordi.
Malohat "oqqush ko‘lda suzgandek" suzilib yurib kelguncha, holaning bo‘lari bo‘ldi.
-Malohatoy choping...
Kelinining parvoyi falak.
Vanihoyat bir tomoniga uxlayverib, yostiqning naqshi urib qolgan kelini qaynasini hojatini bitirdi.
-Kechasi Akbarjonni tishi og‘rimay qo‘ydimi?!
-Hmmm tishlari og‘riganini bilganim yo‘q, ketiptilaru, tuzalgan bo‘sa kereydaa..
Saodat holaning ensalari qotib ketdi-yu bildirmadi.
Tushdan keyin o‘g‘li bozordan qaytdi.
-Tishing tuzukmi?!
-Haa dori ichdim...
-Bir doxtirga ko‘rsatsang bo‘lardi.
-Haaa xudo hohlasa...Ishlar yurib ketsin, dastmoyam kamayib ketdi, o‘rtog‘im Nusratillodan uch ming qarz so‘ramoqchiman, bitta aylantirvolib, qaytarib beraman, deyapman... Nima diysiz oyi?!
-Qarzdan ehtiyot bo‘l diyman, bolam... Xotiningga ko‘p aytdim, namoz o‘qing, eringizning ishlariga kushoyish so‘rang deb, Alloh bersa qarzga kuning qolmasdi, tayammum qilib so‘rayapman, imkonim boricha...
Akbarjon indamay yerga qarab, sukut saqladi.
Ertasi kuni kasal ko‘rgani Saodat holaning ovsini Tuhfa otin kelinlari bilan mehmonga kelishdi.
Yotgan joyida bo‘yin cho‘zib, Saodat hola kelinini ho‘b chaqirdi, "Hay qo‘yavering, dam olishayotgandir" deb tagdor gap boshladi azaliy raqobatchi ovsin "holing shu ekan-ku" deganday ohangda...
-Yo‘q, hozirgina shu yerda edilar, bolalarni uxlatyaptilar shekilli- Saodat hola mustar bo‘ldi.
Zum o‘tmay nabirasi Azamat uydan qochib chiqdi:
-Uyyaptila, ayam mani uyyaptila- dedi hovliqib...
-Ke o‘zimga, ranging oqarib ketganini qara, o‘zing ham sho‘xlik qilgandirsan-da, bekordan uradilarmi ayang...
Shang‘illab Malohat hovliga chiqdi:
-Azamat qara, qo‘limga tushsang...
-Malohatoyy hov Malohatooy qarab yuboring...
"Kimsan, nimasan" demay kelini yana uyiga kirib ketdi.
-Eshitmadi... Endi qizlarim sizlar ham o‘zimizni qizlarsiz, shundoq Malohatxonni chaqirib chiqasizlarmi?!-iltijoli termuldi, ovsini bo‘lmishning yonida o‘tirgan mehmon kelinlarga qarab...
-Voy o‘lmasam... Turinlar o‘zlaring darrov opamni oldiga sochiq yozinglar, issiqqina manti opkelganmiz, sovumasdan yeb oling, opaaa...
Saodat hola shu kuni kelinidan ochiqchasiga hafa bo‘ldi. Birovlar oldida yer qilgani uchun.
"Mayli, qo‘y" deb Akbarjonga indamadi.Bechoragina tirikchilik ko‘yida joni xalak yuribdi usiz ham...
Yozni o‘rtalarida Akbarjon do‘stidan qarz olib biznesiga qo‘shdi. Biroz savdosi yurishib, rangi ro‘yi ochilib ham qoldi. Malohat ham bozor-o‘charga serqatnov bo‘lib qoldi. Kelgunicha, Saodat hola zahrini qanday saqlashni bilmay o‘tiradi. "Bir soatda kelar" deydi, ikki soatga o‘tib ketadi, to ko‘cha eshigi ochilguncha holaning bo‘lari bo‘ladi.
-Muncha hayalladiz?!
-Bozordan to‘g‘ri chevarnikiga o‘tib keldim..
-Akbarjonga aytib qo‘yganmidiz?!
Malohat o‘zini eshitmaganga soladi.
Kuz ohiriga borib Akbarjonning peshonasi ko‘p tirisha boshladi, hisob kitob daftarini ochib olib, o‘ylangani-o‘ylangan... Saodat hola buni ko‘rib eziladi. So‘ray desa, ikkilanadi.
Ohiri bo‘lmadi, ikki chakkasi kundan-kunga yopishib borayotgan o‘g‘liga iltijoli boqdi:
-O‘g‘lim nimadan tashvishdasan?!
-Hichch. O‘zim shunday...
Besh-olti qistovdan so‘ng sal uchini chiqardi:
-O‘rtog‘imdan olgan pulimni o‘tgan oy hisoblaganimda ham o‘rni bor edi, hozir kirib ketib qolibdi...
Saodat hola mum tishladi. Aytolmadi, kelinining har bozor o‘zini yakka qoldirib, tilla bozoriga chopishlarini-yu, uch oyda to‘qqizta ko‘ylak tiktirganini, "akam olib keldi" deb haspo‘shlab divan-kreslo-yu, allambalo matohlarni shu paytgacha ninadek narsa ravo ko‘rmagan akasi orqali sotib olganlarini...
Faqat mahzun ovozda bir so‘zni ayta oldi holos:
-O‘g‘lim kelajagingdan ozgina havotirim bor, Allohga tavakkul topshirib ketaman-da sani...
Akbar bu so‘zlarning ma'nosini yo tushundi yo vaqtlar kelib albatta tushunib olar balki...
Muallif: Ummu Zaynab Ummu
KO'P KO'RILGAN
9-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022
3-sinf yangi elektron darsliklar
17 sen, 2022
4-sinf yangi elektron darsliklar
19 sen, 2022