Kategoriya: Hikoyalar
Qaynonadan minnatdor kelinning xasrati
QAYNONADAN MINNATDOR KELINNING HASRATI..
(shunday qaynona kelinlar xam bor)
Assalomu alaykum, oyijon!
O‘n yildan beri Sizga «oyijon» deb murojaat qilaman. Bir paytlar bu so‘zda mening Sizga bo‘lgan asl munosabatim aks etmasdi. Yanayam ochiqroq aytadigan bo‘lsam, Sizni o‘z onamdek ko‘rmasdim.
O‘g‘lingiz bilan sevishib turmush qurganmiz, hamma qaynonadan omading chopdi, aqlli ayol, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, bundaylarni oilasi tinch bo‘ladi derdi. Ammo ilk kunlarda Sizdan juda qo‘rqardim. Erimning ko‘ngli menda, endi qaynonamni yuragiga yo‘l topishim kerak derdim. Shuning uchun aytganlarizni so‘zsiz bajarishga, hatto aytmasingizdanoq qilishga intilardim. Hamma kelinlar ertalab soat 6 da tursa, men 5 bo‘lmasdan ko‘cha supurgani chopardim. Faqat o‘zimizning emas, qo‘shnilarni ham eshigini supurardim. Qaynonam meni deb ko‘chadan maqtov eshitib kelsin, derdim. Ammo ilk tanbehni ana shu qo‘shnilar sabab eshitganman Sizdan.
— O‘zingizcha qo‘shnilarga yaxshi ko‘rinaman, deb urinmang. Suv sepayotganizda qo‘shnini darvozasiga sachratibsiz, shuni mahalla ayollari orasida gapirib yuribdi. Mendan bemaslahat ish qilmang!
Shuni yuragimga qattiq olib, ko‘z yosh qilib o‘g‘lingizni dilini xira qilganimni eslasam, uyalib ketaman hozir. Ammo o‘shanda yosh edim, ota-onamdan faqat shirin so‘z eshitib katta bo‘lgan erkatoy…
Birinchi qattiq janjalimiz esa beshik to‘yi munosabati bilan chiqdi.
— Oyingiz ortiqcha mayda-chuyda qilib o‘tirmay, bitta plazma televizor olib kelaqolsin.
Ammo men buni oyimga aytolmasdim. Chunki qarindoshlarimiz chaqaloqqa kerakli narsalarni sovg‘a qilib uyga tashlab ketishgan, onam ularni karnay-surnay bilan olib kelishga tayyorgarlik ko‘rayotgandi. Shularni Sizga aytgandim, yana mendan bemaslahat ish qilibsiz, deb urishdingiz. Men qizalog‘imni olib uyga ketdim. Ochig‘i, ketmasam ham bo‘lardi, lekin endi erim men bilan farzandini deydi, bizdan voz kechmaydi degan ishonch bor edi-da ichimda. Ammo bunday bo‘lmadi… Bir oydan keyin oyim kelinlik uyimga olib kelib tashlab ketdi. Shundan keyin arazlab ketmaydigan bo‘ldim.
Aslini olganda, ko‘p narsani Sizdan o‘rganganman. Qaynotamga bo‘lgan munosabatiz ibratli edi. Adajonni jahllari chiqqanda Siz hech qachon bir og‘iz so‘z demasdingiz. Shuningdek, ularga biror marta bepardoz ko‘ringanizni eslolmayman. Bir gal qaynotamning yuraklari xuruj qilib qoldi. Tez yordam chaqirdik. Hamma u kishining atrofida parvona, siz esa ko‘zgu oldida yuzingizga upa surayotgandingiz: «Yana «skoriypomosh»dagilar bu ayol buncha o‘ziga qaramay yurarkan, erining yuragi bekorga kasal emas ekan-da» deyishmasin», degandiz o‘shanda.
Munosabatlarimizda burilish nuqtasi men og‘ir betob bo‘lib qolganimda ro‘y berdi. Shifokorlar bachadon saratoni tashxisini qo‘yishdi. Tez orada bachadonimni olib tashlashdi, uzoq muddat nur va kimyo muolajalari oldim. Shunday kunlarda qizimni oq yuvib-tarab o‘zingiz qaradingiz. Hatto o‘g‘lingiz dorilarimga pul topa olmay akalarimga aytmoqchi bo‘lganida bilaguzugingizni sotib yuborganingizni, «Nabiram yetim bo‘lib qolsa, shu bilaguzuklar ko‘zimga balodek ko‘rinadi» deganizni eshitib, rosa yig‘ladim. Xudoga shukrki, dard chekindi va men oilam bag‘riga eson-omon qaytdim.
Meni tashvishga solayotgan narsa oilamni saqlab qolish edi. Endi farzand ko‘ra olmasdim. Erim bitta qiz bilan o‘tib ketadimi, o‘g‘il qayg‘usi bosmaydimi deb o‘ylardim. Bir kun Sizga rejamni aytdim:
— Oyijon, farzandingiz o‘g‘il ko‘rishi kerak. Mayli, boshqa ayolga uylana qolsin. Men Sizning yoningizda xizmatizni qilib yuraveraman. Qizim ota mehridan bebahra qolmasa bo‘ldi…
— Bu nima deganiz? Ayol kishi ham shunaqa tez taslim bo‘ladimi? Siz kundosh nimaligini bilasizmi? Menga ham, o‘g‘limga ham bunaqa qurbonlikning keragi yo‘q. O‘g‘lim siz bilan yashaydi va nabiramni birga katta qilasizlar.
Jahl bilan, qat'iy ohangda aytayotgan bo‘lsangiz-da, men hayotimda eshitgan eng yoqimli so‘zlar edi bu.
Mana, oradan shuncha yillar o‘tdi. Erim bilan tinch-totuv yashayapmiz. Siz hamon baland poshnali tuflida, pardoz-andozli bo‘lib, hammaning havasini keltirib yuribsiz. Hech kim Sizni yoshi yetmishga yaqinlashib qolgan demaydi. Sizga havas qilaman, Sizni yaxshi ko‘raman, Oyijon (endi bu so‘zni juda samimiy aytayapman).
Minnatdor kelin....!
KO'P KO'RILGAN
9-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022
7-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022
5-sinf yangi elektron darsliklar
19 sen, 2022