Kategoriya: Ish rejalar
1-sinf o'qish fanidan dts talablari
1-SINF O’QISH FANIDAN DTS TALABLARI
UQTIRISH XATI
Umumiy o‘rta ta’limning boshlang‘ich sinflarda o‘qish fani o‘quvchilarni ongli, to‘g‘ri va ifodali o‘qishga o‘rgatish bilan birga ularda kitobxonlik va nutq madaniyatini hamda mustaqil fikrlash qobiliyati shakllantiradi. O‘quvchilarni har tomonlama rivojlantirishga xizmat qiladi.
Boshlang‘ich sinflarida o‘qish fanini o‘qitishning asosiy maqsadi:
milliy hamda jahon adabiyotining nodir namunalarini o‘qitish orqali o‘quvchilarning ma’naviy-axloqiy dunyosi, adabiy-estetik didini shakllantirish hamda ularda mustaqil fikrlash, obrazli tafakkurga oid bilim, ko‘nikma, malakalarni hosil qilish va rivojlantirish;
o‘quvchilarni badiiy adabiyotga qiziqtirish, asarlarni o‘rgatish jarayonida olam va inson tabiati, milliy hamda umuminsoniy qadriyatlar, shuningdek, kitobxonlik madaniyatini shakllantirish orqali o‘quvchilarning ma’naviyatini, dunyoqarashini kengaytirib, mustahkamlab borishdan iborat.
O‘qish (1-4-sinf) fanini o‘qitishning asosiy vazifasi:
o‘quvchilarning og‘zaki nutqi adabiy til me’yorlari asosida shakllanishi va rivojlanishini ta’minlash, nutqiy kompetensiyani o‘stirish;
yozma nutqda yuksak savodxonlik, adabiy til me’yorlariga rioya etish, uslubiy rang-baranglikdan foydalana olish ko‘nikma va malakalarini rivojlantirish hamda dastlab tanish, keyin notanish matn ifodali o‘qitilib, o‘quvchidagi ko‘nikma, malaka aniqlanadi. Shuningdek, miqdoriy ko‘rsatkich – o‘qish tezligi, ongli va ravon o‘qish, bir daqiqada nechta so‘z o‘qiy olishi ham belgilanadi.
Bolaning matn mazmunini to‘liq o‘qib olishi, qayta hikoyalashi, shuningdek, o‘zgalar nutqini eshitib, tushunib olishi maqsad qilinadi.
Mazkur dasturdan o‘rin olgan vatan mavzusidagi asarlar o‘quvchilarni mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy hayoti va xalqimizning bunyodkorlik yo‘lidagi olib borayotgan ishlari bilan tanishtirishga yordam beradi.
1-sinfning o‘quv yili oxirida bolalar Vatan va uning tabiati, insoniy qadriyatlari haqida kichik-kichik asarlarni o‘qiydilar.
2-sinfda shakl va mazmun jihatdan uncha murakkab bo‘lmagan Vatan, ona tabiat, istiqlol, kishilarning hayoti va mehnati, axloqiy munosabatlar haqidagi asarlar bilan tanishadilar.
3- va 4-sinflar o‘qish dasturida mavzular ko‘lami ancha kengayadi.
Bu sinflarda o‘qish darslarining kattagina qismi asarni o‘qish va matn ustida ishlashga qaratiladi.
Darsda o‘quvchilarning faolligini oshiradigan, tasavvurlarini boyitadigan usullardan foydalanish, asarlarni janr mazmunidan kelib chiqib, rollarga bo‘lib o‘qish, qahramonlar nomidan qayta hikoya qilish, qahramonning taqdiri haqidagi hikoyani davom ettirish, qiziqarlimavzularda og‘zaki hikoya tuzdirish kabi ijobiy topshiriqlardan foydalanish kabi ishlar amalga oshiriladi.
Sinfdan tashqari o‘qisho‘qish darslari bilan bog‘lab olib boriladi. Sinfdan tashqari o‘qish mazmuniga ko‘ra ta’limning har bir bosqichida ikki asosiy bo‘limga ajratiladi:
Birinchi bosqichda o‘qish doirasi, ya’ni o‘qitiladigan kitoblar va ularni qaysi tartibda o‘qish bilan tanishtirish yuzasidan o‘quvchilarga ko‘rsatma beriladi.
Ikkinchi bosqichda shu o‘quv materiallar asosida bilim, ko‘nikma va malakalar shakllantiriladi.O‘quvchilar kitob va ularning mualliflari haqidagi bilimlarni bevosita amaliy faoliyatlari, ya’ni kitob ustida ishlash jarayonida egallaydilar. O‘quvchilar o‘qituvchi rahbarligi ostida avval mavzuga oid bir necha kitob bilan tanishsa, keyinroq bolalar yozuvchilarning asarlari bilan tanishadilar, so‘ngra bolalarning qiziqishlariga mos, ruhiyatlariga yaqin har xil mualliflarning bir mavzuga doir kitoblarini mustaqil tanlab olishga o‘tadilar.
O‘quvchilar milliy va jahon adabiyotlarini o‘qib, tahlil qilish asosida ezgulik va yovuzlik, yaxshilik va yomonlik, go‘zallik va xunuklik haqidagi xilma-xil talqinlarga duch kelishadi. Ularga ongli munosabat bildirish hamda o‘zlaridagi axloqiy-ma’naviy fazilatlarning shakllanishi va rivojlanishiga zamin yaratadi. Mutolaa o‘quvchilarning og‘zaki hamda yozma nutqlari rivojlanadi. Bolaning matn mazmunini to‘liq uqib olishi qayta hikoyalashi, shuningdek, o‘zgalar nutqini eshitib, tushunib olishi malakalari hosil qilinadi.
1-4-sinflarda “Konstitutsiya alifbosi”, “Dinlar tarixidan umumiy tushunchalar”, “Iqtisod va soliq alifbosi”, “Salomatlik darslari”, “Tejamkorlik saboqlari” kabi fanlarning sodda elementlari o‘qish fani mazmuniga, ya’ni mavzular kesimida singdirib o‘qitilishi ko‘zda tutilgan. Shuning uchun amaliy-tajriba va sinov mashqlarida kundalik faoliyatda shaxsiy, oilaviy va iqtisodiy vaziyatlarga, jumladan, tejamkorlikka, mehnatni yengillashtirish va samaradorligini oshirishga, savdo-sotiq bilan bog‘liq hamda sodda algoritmlarni kundalik vaziyatlarda qo‘llay olishga bog‘liq bo‘lgan masalalar yechilishi lozim. Dasturda fanni chuqurlashtirilib o‘qitiladigan 2-3-4-sinflar (A1+) uchun mavzularga ajratilgan soatlar va kompetensiya elementlari alohida ko‘rsatilgan.
- Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida tayanch va fanga oid adabiy-nutqiy va badiiy asarlarni tahlil qilish kompetensiyalarning shakllantirilishi ham belgilab berilgan. O‘zbekiston Respublikasida ta’limning uzluksizligi, uzviyligi, o‘quvchi shaxsi va qiziqishlari ustuvorligidan kelib chiqib, ularning yosh xususiyatlariga mos ravishda o‘qish fanidan quyidagi tayanch kompetensiyalar shakllantiriladi
- O‘quvchilarda shakllantiriladigan tayanch kompetensiya elementlari:
Axborot bilan ishlash kompetensiyasi:
A1mavjud axborot manbalaridan eshittirishlarni tinglab tushunib va gapirib bera olish;
o‘z yoshiga mos kitoblarni, gazeta va jurnallarni tanlay olish va kutubxonadan foydalana olish;
kundalik faoliyatda uchraydigan hujjatlar (oddiy tabriknomalarni yoza olish) bilan ishlay olish.
A1+axborot manbalardan (turli badiiy adabiyotlardan) oqilona foydalana olish va ulardan xulosa chiqarish.
O‘zini o‘zi rivojlantirish kompetensiyasi:
A1o‘quv fanlarini o‘rganish va bir-biridan farqlay olish;
o‘z xatosini tushunib, tuzatishga harakat qilish;
turli janrdagi (ertak, masal, hikoya va she’rga doir) kitoblarni muntazam o‘qib-o‘rganib borish va bilimini oshirish;
yaxshilik va yomonlikni bir-biridan farqlay olish va yaxshi fazilatlarni o‘zida aks ettirish.
A1+o‘zini nazorat qilish;
og‘zaki va yozma matnlar mazmuniga to‘g‘ri baho berish.
Ijtimoiy faol fuqarolik kompetensiyasi:
A1davlat ramzlarini bilish;
o‘zining o‘quvchilik burchi va vazifalarini bilishi va unga rioya qilish;
o‘zidan kattalarga, o‘rtoqlari va o‘zidan kichiklarga yordam berish.
A1+sinfda va oilada o‘z o‘rniga ega bo‘lish.
Milliy va umummadaniy kompetensiyasi:
A1orasta kiyinish, yurish turishda kattalardan o‘rnak olish;
milliy bayramlarni bilish;
odob-axloq qoidalariga rioya qilish.
A1+o‘z uyi, maktabi, turar mahallasini qadrlash.
Matematik savodxonlik, fan va texnika yangiliklaridan xabardor bo‘lish hamda foydalanish kompentensiyasi:
A1maktabga kelib ketadigan vaqtni bilish;
tejamkorlikka rioya qilish;
kundalik rejalarini tuza olish.
A1+ehtiyoji uchun kerak bo‘ladigan narsalardan (o‘quv qurollari, kiyim-kechagi va h.k.) tejab foydalanish.
Shuningdek, me’yoriy hujjatlarni yuritishda tayanch va fanga oid kompetensiyalar quyidagicha yozilishi tavsiya qilinadi.
TK - tayanch kompetensiyalar
TK1 - kommunikativ kompetensiya
TK2 - axborotlar bilan ishlash kompetensiyasi
TK3 – o‘zini-o‘zi rivojlantirish kompetensiyasi
TK4 - ijtimoiy faol fuqarolik kompetensiyasi
TK5 - milliy va umummadaniy kompetensiya
TK6 - matematik savodxonlik, fan va texnika yangiliklaridan xabardor bo‘lish hamda foydalanish kompetensiyasi
FK - fanga oid kompetensiyalar
FK1 - adabiy-nutqiy kompetensiya
FK2 - badiiy asarni tahlil qilish kompetensiyasi
SINFDAN TASHQARI O‘QISH
(haftada bir marta oxirgi o‘qish darsining 20 daqiqasi ajratiladi)
Sinfdan tashqari o‘qish uchun 8-16 betli kichik hajmdagi asarlardan tuzilgan bolalarbop kitoblar tanlanadi. Sinfdan tashqari o‘qish darsida 1-1,5 betli asardan foydalaniladi. Ular bilan o‘quvchilar o‘qituvchining o‘qib berishi orqali tanishtiriladi. Sinfdan tashqari o‘qish dasturining asosiy vazifasi o‘qish malakalarini takomillashtirish, bilimlarini boyitish, kitob bilan mustaqil ishlashga o‘rgatishdir. Kitob muqovasi tituli, betlarini farqlay olish, asar muallifi, nomlarini, rassomlarni tanib, bilib olish. Rasm asosida asarlarning nima haqida ekanini, mazmunini aniqlashga erishish.
O‘quvchilarning o‘qigan kitoblari ro‘yxatini yozib borishga o‘rgatish. O‘quvchilarga muayyan mavzularda tavsiya etilgan asarlar ichidan kitob tanlash va o‘qish ko‘nikmalarini shakllantirish, o‘qigan asari mazmunini qisqacha so‘zlab berishga o‘rgatish.
Bolaning kitobxonlik ko‘nikmalarini shakllantirish, maktab kutubxonasi bilan tanishtirish, o‘qituvchi tomonidan vatan va uning tabiati, insoniy qadriyatlar haqidagi kichik hajmdagi 8-16 betli asarlar tanlab olinadi va o‘qituvchi tomonidan o‘qib beriladi. Elektron ta’lim resurslaridan ham foydalaniladi. Shuningdek, o‘quvchilar bilan kitob muqovasi, asar muallifi, asar qahramonlari haqida suhbat o‘tkaziladi.
To'liq faylni mana bu yerdan Yuklab oling
Rasmdagi kabi holatda yuklab olasiz:
KO'P KO'RILGAN
3-sinf yangi elektron darsliklar
17 sen, 2022
7-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022
9-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022