Sizni o'ylantirib qo'yadigan mitti hikoyalar to'plami
Mitti hikoyachi
-Meni ham ijodkor deb aytish mumkinmi, do'stim?!
-Ha! Sen mittigina zanjabil o'tiga o'xshaysan. Qachondir tabib yoniga bedavo bemor kelganida u buyuk chinorni emas, sening qatra tomchingni izlab qoladi. O'shanda sen labbay deb javob berasan! Bilaks, sen mavjud bo'lmasang, dardmanga qayta o'sha chinor soyasida sayr etmoq baxti nasib etmasdi!
Bemor doktorga o‘z dardini to‘kibdi:
— Doktorbey, tobim yo‘q. Hayotdan zavq ololmayapman. Iztiroblarimni unutolmay qiynalyapman. Ishtaham yo‘q. Tomog‘imdan qil o‘tmaydi. Ko‘z oldimdan och-yalang‘och insonlar ketmaydigan bo‘ldi. Tonggacha uxlolmay ular bilan birga sovqotib chiqaman. Jinoyat haqidagi xabarlarni o‘qiganda o‘sha jinoyatda mening ham aybim yo‘qmikan, deb o‘yga tolaman. Qotil tutgan pichoqning sopi qo‘limni kuydurayotgandek bo‘laveradi. Otilgan har bir o‘q mening qalbimga sanchilgandek azoblanaman. Jamiyatdagi barcha ayb, jinoyat va gunohlarni ortmoqlab ketayotgandek his qilaman. Kulishni tamoman unutib yubordim. Doktorbey, menga yordam bermasangiz holim xarob — deya shikoyat qilibdi.
Doktor bemorni tekshirgandan so‘ng, yelkasiga qo‘lini qo‘yib deraza oldiga olib boribdi. Pardani tortib barmog‘i bilan ko‘cha betidagi afishani ko‘rsatibdi. Unda sirk masxarabozining rasmi bor ekan. Doktor o‘sha masxarabozga ishora qilib:
— Azizim, — debdi. — Anavi masxarabozni ko‘ryapsizmi? Har kuni oqshomda ajoyib tomoshalar ko‘rsatmoqda. Sizga tavsiyam, o‘sha tomoshaga boring, barcha iztiroblaringizni unutasiz, maza qilib kulib dam olasiz. Dilingiz yayraydi. Kasallikdan ham asar qolmaydi.
Bemor boshini egibdi va chuqur bir uh tortgandan keyin debdi:
— Doktorbey, o‘sha masxaraboz, menman!
Aziz Nesin
-Ufff, bugun nimagadir savdo yaxshi bo'lmadi, - dedi xafa ohangda dorixonachi qiz.
Zafar Ro'zmamatov
Bugun, 91 yoshli buvam (harbiy doktor, bir qancha ko‘krak nishonlari sohibi va omadi chopgan tadbirkor) shifoxonada yotganida undan hayoti davomida erishgan eng katta yutug‘i nima ekanligini so‘radim. U buvimga qarab, uning qo‘lidan ushlab dedi: “U bilan birgalikda qariganim”.
----
Bir sionistik askar yahudiy bolakaydan sóradi:
- Sizlar nega òliklaringizni kòmasizlar? Bizlar òliklarni yoqamiz-ku.
Bolakay òylab turib javob berdi:
- Xazinalar kómiladi, axlatlar yoqiladi.
Detektiv asarlari bilan dunyoga mashhur Artur Konan Doyl bir kuni yirik bankirlarga telegramma jo‘natadi. Yozuvchining hazil xabarnomasi qisqagina edi: “Hammasi ayon bo‘lib qoldi. Tezda yashirining”.
Ertasi kuni xabar jo‘natilgan 12 nafar bankirning barchasi Londondan juftakni rostlaydi…
Orif Tolib tarjimasi.
---
Yashil chiroq
Havo nam. Yomg‘ir osmondan erinibgina tomchilar, atrofdagi shovqin-suron go‘yo shafqatsiz bir haqiqatni odamlarga so‘zlamoqchi misoli ko‘klarga o‘rlaydi. Bekatda sokin o‘yga cho‘milib o‘tirgan qizning ko‘zi nogahon yo‘lning narigi chetidagi svetaforning yashil chiroqlari yonishini kutib, guldasta tutib, o‘ziga tikilib turgan yigitga tushdi. Savolchan nigohlar bir-biriga qattiq urildi, yuraklar entikdi, qo‘llar bexos havoga ko‘tarilib, qalbni tarjimalab berdi:
- "Men tomonga kel, guldastangni tuhfala, nigohlaringga javob topib beraman, -deya qichqirdi qiz xayolan.
Yo‘l tirband edi.
Havo bulut edi.
...Yigit yigirma yildan so‘ng uning yoniga kelib guldasta tuhfa qildi.
Bobur Nusratov
---
Bugun otamning bu dunyoni tark etganiga 10 yil bo‘libdi. Men kichkina paytim uxlashimdan oldim u menga qisqagina bir qo‘shiqni kuylardi. 18 yoshimda otam saratonga chalinib, shifoxonada yotganida uni ko‘rgani borganimda shu qo‘shiqni aytib berardim. Shundan buyon bu qo‘shiqni umuman eshitganim yo‘q. Ammo bugun qallig‘im o‘sha menga qadrli qo‘shiqni xirgoyi qilib qoldi. Aytishicha, bolaligida onasi unga bu qisqa qo‘shiqni aytgan ekan.
jahon adabiyoti
---
SINGIL VA RAFIQA
— Kim bo‘pti o‘zi u singlimga qo‘l ko‘taradigan?! Hali ko‘rsatib qo‘yaman, — jahl otiga mingan aka singlisining ko‘karib ketgan qovoqlariga qarab battar tutaqdi. So‘ng shart o‘rnidan turdi.
— Qo‘ying... — yig‘lashda davom etardi singil,
— Erimning o‘zi jahli tez... — hozir undan zorlanib turgan ayol erining tarafini oldi, — halizamon kechirim so‘rab keladi.
— Qilg‘iliqni qib qo‘yib, kechirimini pishirib yesin! Men singlimni xo‘rlatib qo‘ymayman.
Basharasiga bir musht tushirib, so‘ng uzr so‘raganim bo‘lsin!
— Unday qilmang, — singil mo‘ltirab kelinoyisiga qaradi.
— Dadasi... — tilga kirdi ayoli ham, — oilada bo‘lib turadi...
— Sen aralashma!
— Axir... — ayol yerga boqqancha ohista so‘zladi,
— mening akalarim to‘polon qilgani yo‘q-ku...
Erkak beixtiyor ayolining yonog‘iga qaradi. Haliyam qizarib turgandek tuyildi. O‘tgan hafta mastligida «buncha ko‘p ichdingiz?» deb zorlangan ayolini qattiqroq turtib yuborganini esladi.
Ko‘zini yashirish uchun derazadan tashqariga boqdi. Kelinoyisining shamasini tushungan singil ham asta tugunini ko‘tardi-da, uyalgancha xonadan sirg‘alib chiqib ketdi.
Nodirabegim Ibrohimova
---
Buyurtmachi va usta
- Menga bitta eshik yasab bering, - dedi buyurtmachi duradgor ustaga. – Chiroyli bo‘lishi shartmas, ammo mustahkam bo‘lsin. Mayli, unga qaragan odamlar ikkinchi bor qarashmasin. Asosiysi, hech kim ocholmasin.
- Xo‘p, uni qaerga o‘rnatmoqchisiz? Uygami yoki hovliga?
- Qalbimga, - javob berdi buyurtmachi.
Asliddin
---
Bugun qizimni turmushga uzatdim. 10 yilcha oldin men 14 yoshli yigitchani olov ichida yonayotgan mashinadan qutqarib oldim. Vrachlar uni endi hech qachon yura olmaydi deyishdi. Qizim men bilan birga uni bir necha bor ko‘rishga bordi. So‘ngra u yerga yolg‘iz borishda davom etdi. Bugun esa men o‘sha yigitning ikkala oyog‘ida mustahkam turib, qizimning qo‘liga uzuk taqayotganini ko‘rib turibman
Manzura Abdullaeva
---
Bir korxonada ishlaydigan ikki oshna ish vaqtini tugatdi.
- Yur, yo'lak chetida biroz o'tiramiz.
- Nima qilasan?
- Ishdan qaytayotgan qizlarni tomosha qilamiz.
- Qo'ysangchi, yur undan ko'ra pivo ichamiz.
- Pivoni keyin ichamiz.
Ikkinchisi qizlarga qarashga uncha hushi yo'qligi uchun arang ko'ndirdi...
-Anavini qara, sochi uzun ekan.
- ...
- Bunisini qomatini qara.
- ...
- Erkakmisan, hayot go'zalligidan bahra olsangchi!
- ... Hov anavi qizil ko'ylakligi zo'rakan.
- Yur ketdik, pivo ichganimiz yaxshi ekan!
- Nima bo'ldi?
- U meni singlim, ahmoq!
- ...
Rasul Djuraev
Bugun u, o'z tabiri bilan aytganda "ko'rimsiz" xotini bilan ajrashdi. Masrur er g'oz yurish qilib sud zalidan chiqar, yo'lakda esa kelishgan bir erkak gul ko'tarib turar edi.
YANGI LIBOS
Ko'chadagi chinor ostida atrofni kuzatib o'tirgan Farida qo'shnisining ishdan qaytayotgani, u tomonga kelayotganini ko'rib o'rnidan turdi. "Baxti kulgan ayol-da!"-o'zicha o'yladi. Zarnigor kecha turmush o'rtog'i olib bergan kiyimni ko'z-ko'z qilib, sekin kelmoqda. Shu payt onasini derazadan ko'rgan 3 ta o'g'li baravariga yugurishdi. Kenjasi qo'llarini yuqoriga cho'zdi: -Onajon, onajon, meni ko'taring!
Sunday bir ajoyib manzarani qo'pol tovush buzdi: "Qoch, kiyimim yangi!" Shunda bir chekkada turgan Farida odam eshitar darajada shivirladi: "Bitta kiyim boladan Aziz bo'lsa..."
Ha, buni faqat befarzand Farida tushunardi.
Nuriyaxonim
Birovning haqqi
-Shu narsalarimni sotmoqchiydim,-iymanibgina qo‘lida to‘rt oylik chamasi chaqalog‘ini ko‘tarib olgan juvon ishlatilgan narsalar olib sotuvchi ayolga iltijoli boqdi.
-Bolamga chaqaloqlar bo‘tqasi bilan taglik olmoqchiydim, iltimos ola qoling,-yalindi ayol.
-Hammasiga 30 ming beraman.
-A? Axir yap-yangi ko‘ylaklar-ku, opa! Bir marta kiyilgan xolos.
-Ana kiyilgan ekan-ku! Beshta ko‘ylakka 30 ming. Bo‘lmasa boshqaga ko‘rsating.
Juvon atrofdagilardan uyalib ketdi.
-Mayli, olaqoling,-dedi yig‘lagudek bo‘lib.
Sotuvchi ayol kuymalana-kuymalana hamma yerni qarab chiqdi. So‘ng juvonga gap qotdi:
- Qizim, pulim tugab qopti, shu atrofda tursangiz kechga tashlab o‘tsam bo‘ladimi? Albatta, beraman. Birovning haqqi kerak emas menga.
Juvon nima deyishini bilmay qoldi. Tavakkal mayli dedi. Uyat va nomusdan yig‘lab yubormaslik uchun labini tishlab, bolasini qattiq quchoqlagancha yo‘lakka qarab yurdi.
Oradan bir oy o‘tib avtobusda ikki ayolning suhbati qulog‘iga chalindi.
-Hammasi yonib kul bo‘libdi. Hech narsa qolmabdi. Endi unday uyni qurguncha ona sutim og‘zimga kelar.
Juvonga ovoz tanish tuyuldi. Yalt etib orqaga qaradi. Nigohlar to‘qnashdi. Sotuvchi ayol shoshgancha sumkasini kovladi.
-Jon singlim rozi bo‘ling, -dedi yig‘lab.
-Qo‘yavering, men roziman. Yangi uyingizga ishlatarsiz,-dedi juvon va keyingi bekatda tushib yoshli ko‘zlarini artib oldi.
Saida Ibodinova
---
«PORANI YO‘Q QILAMIZ!»
-Pora olish qachon yo‘q bo‘larkin-a, odam ezilib ketdi...
-Iloji bor!
-Yo‘g‘e, ishonish qiyin!
-Umuman yer yuzidan yo‘q qilib tashlaymiz... Qancha berasiz!?..
Raxmat BOBOJON
KO'P KO'RILGAN
3-sinf yangi elektron darsliklar
17 sen, 2022
7-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022
9-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022