Kategoriya: Maqolalar

Finlandiya ta'lim tizimi haqida eng qiziqarli faktlar


 

1. TA'LIM - BEPUL.

O‘quvchilar tushlik, ekskursiyalar, o‘quv qurollari bilan ham bepul ta'minlanadilar. Maktabga 2 kilometrdan ortiq masofadan qatnovchi o‘quvchilar uchun bepul avtobus ajratiladi. Barcha harajatlar davlat byudjeti hisobidan qoplanadi.

2. Har bir o‘quvchiga INDIVIDUAL YoNDAShUV.

O‘quvchilarga topshiriqlar o‘zlashtirish darajasiga qarab beriladi. Bir sinfdagi o‘quvchilar dars paytida qiyinchilik darajasi turli xil boshqa-boshqa topshiriqlarni bajarishlari mumkin. Jismoniy va aqliy qobiliyati har xil bo‘lgan bolalar birga ta'lim olishadi. Agar bola o‘zlashtirishga qiynalsa, o‘qituvchi u bilan alohida shug‘ullanadi.

3. BAHOLAR FAQAT O‘QUVChINING O‘ZIGA KO‘RSATILADI.

Baholash tizimi 10 ballik. Lekin 3-sinfgacha o‘quvchilar baholanmaydilar. 3-sinfdan keyin o‘quvchilar 10 ballik tizimda baholanadilar. Past baho uchun tanbeh berilmaydi. Baho - faqat motivasiya vositasi sifatida qaraladi.

4. MAKTAB FORMASI YO‘Q.

Maktabga o‘quvchilar o‘zlariga qulay bo‘lgan har qanday kiyimda kelishlari mumkin. Maxsus talablar qo‘yilmagan. Odatda fin maktablarida o‘quvchilar sinf xonasiga hatto poyabzalsiz ham kiraveradilar.

5. PARTADA O‘TIRISh MAJBURIYATI YO‘Q.

Dars paytida o‘quvchilar ixtiyoriy ravishda - partaga, divanga, gilamga yoki polga joylashishlari mumkin. Iliq havoda darslar tabiat qo‘ynida tashkil qilinadi.

6. UY VAZIFALARI KAM.

Fin o‘qituvchilari bolalar maktabdan tashqari vaqtda dam olishlari va vaqtlarini ota-onalari bilan o‘tkazishlari kerak, deb hisoblashadi. Uy vazifalari juda kam vaqtga mo‘ljallanadi. Masalan, tarix darsida buvisi bilan 50-yillar hayoti haqida suhbatlashib, uni bugungi davr bilan solishtirish vazifasi berilishi mumkin.

7. HECH QANDAY IMTIHONLAR YO‘Q.

Fin o‘qituvchilarining fikricha, o‘quvchilarni yo hayotga, yo imtihonga tayyorlash lozim. Ular birinchisini tanlashadi. Shu sababli Finlandiya maktablarida imtihonlar yo‘q. O‘qituvchi o‘z xohishiga ko‘ra nazorat ishlari o‘tkazishi mumkin. Lekin o‘quvchilar 16 yoshda - o‘rta maktabni tamomlash oldidan standartlashtirilgan test topshirishadi.

8. BIR QANChA MAKTABLARDA FANLAR O‘QITILMAYDI.

Finlandiya ta'lim tizimining yangi yo‘nalishlaridan biri - mohiyatni o‘rganish (phenomenon based learning). Fanlar alohida o‘qitilmasdan, ma'lum mavzu tanlanib, o‘sha mavzu turli fan yoki soha nuqatayi nazaridan o‘rganib chiqiladi.

9. ENG UZOQ TANAFFUSLAR.

Har bir 45 daqiqalik mashg‘ulotdan so‘ng 15 daqiqa tanaffus beriladi.

10. O‘QITUVCHILIK - ENG NUFUZLI KASB.

O‘qituvchilarning o‘rtacha oylik maoshi - 3500 €. Hech qanday qat'iy o‘qitish dasturi yo‘q, qanday uslubda va qanday darslik asosida o‘qitishni o‘qituvchining o‘zi hal qiladi.
________

Bundan tashqari, maktab oshxonasidagi "shvedkiy stol", kutubxonadagi mutolaaga o‘rgatilgan kuchuklar, o‘quvchilar uchun maktabda uyushtiriladigan maxsus kechalar va kechadan so‘ng bolalar o‘qituvchilari bilan maktabda tunab qolishlari, maktablarning "statusi" mutlaqo bir xil ekanligi xususida batafsil yozmadik.

Xo‘sh, fin tajribasi sizga ma'qulmi?

Do‘stlaringizga ham ulashing

 

Reklama
Reklama