Kategoriya: Diktantlar
6-sinflar uchun diktant
Obod o`lka
Bizning Vatanimiz — O`zbekiston Respublikasi. Vatanimiz tinch va farovon o`lka. Diyorimizda juda ko`p millatlar ahil va inoq yashaydilar. Respublikamizda shahar va qishloqlar juda ko`p. O`zbekistonning poytaxti Toshkent shahridir. Mustaqillikdan so`ng Toshkent yanada go`zal va obod shaharga aylandi. Barcha shahar va qishloqlarimizda bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Juda ko`p yangi turar-joy binolari, litsey va kollejlar qurilmoqda. Keng ko`chalar, ko`priklar, sport majmualari barpo etilmoqda. Vatanimiz yanada obod bo`lmoqda.
(65 ta so`z)
Bilim — xazina
Bizning oilamizda turli kasb egalari bor. Dadam quruvchilik sohasida ishlaydilar. Onam esa zardo`zlik bilan shug`ullanadilar. Katta akam duradgorlik kasbini tanlagan. Opam o`qituvchilik kasbiga o`qiyaptilar. Meni esa tarjimonlik sohasi qiziqtiradi. Bobom bizga hamisha: «Sizlarning yoshlik davringiz juda ham baxtli zamonga to`g`ri keldi. Bilim va hunar — chinakam xazina. Qaysi kasbda bo`lsangiz ham o`z kasbingizning ustasi bo`ling. Shunda hech qachon kam bo`lmaysiz, bolalarim», — deb uqtiradilar.
(62 ta so`z).
Mehnatning tagi rohat
Mehnat inson hayotini bezaydi. Uni elga tanitadi. Obro`-e`tiborini oshiradi. Mehnat qilgan odamning vaqti bekor ketmaydi. Maqsadiga erishadi. Bitirgan ishi bilan quvonadi. O`quvchi uchun asosiy mehnat o`qishdir. O`qish uchun sabr-toqat, iroda kerak. Mehnatga yoshlikdan o`rganish kerak. Darslarni diqqat bilan tinglash, uy vazifalarini vaqtida bajarish ham mehnat hisoblanadi. Diqqat bilan qilingan ishning oqibati yaxshi bo`ladi. Shuning uchun, qunt bilan ishlashga odatlaning.
(61ta so`z).
Madaniyat haqida
Madaniyat- inson qiyofasi. U yurib- turishi, o`zini tutishi, muomalasi, o`zgalarga nisbatan munosabati orqali nechog`li madaniyatga ega yohud ega emasligini namoyon etadi. Madaniyatli kishi tarbiya ko`rgan, odob ko`chasidan o`tib, axloq yo`liga kirgan, intizom mevasidan yeb, tartib qasri orqali chin insoniylik saltanatiga kirgan shaxsdir. Madaniyatli kishi odob-axloq qoidalariga hamisha rioya etib, jamiyatda peshqadam va tashabbuskor insondir.
(55 ta so`z, “Nursafardiyya- tafakkur tarbiyasi” kitobidan).
Saxiylik haqida
Saxiylik ko`ngil duri, caxovatning sururidir. Saxiylik saltanatida o`zligini topgan insonning yuzida nur, qalbida g`urur bo`ladi. Insonparvarlikni qadrlagan shaxs iymon yo`lidagi komil insondir. U insonlarga hamisha saxiylik qiladi. Saxiylik ko`ngildan chiqarib o`zgalarga ham moddiy,ham ma’naviy ko`mak berishlikdir. Ozga qanoat, hamisha ko`zi to`qlik, minnat qilmaslik- saxiy kishi saxovat qilib, uni unutish, maqtanmaslik. Saxiylikning savobi ulug`dir.
(53 ta so`z, “Nursafardiyya- tafakkur tarbiyasi” kitobidan).
Fazilat
Fazilat ko`ngil go`zalligidir. Uning asosini odob, axloq, tarbiya, intizom tashkil etadi. Ushbu qoidalar ko`ngilga jo etilsa, go`zal fazilatlar tug`iladi. Kishi faqat yaxshilik haqida o`ylaydi.. Mehr-oqibat, adolat va haqiqatga intiladi. Fazilatga ega bo`lmoq usuli: oqibatli bo`lmoq, odobni yuksaltirish, axloqni o`zlashtirish, tarbiya ko`rganlik, intizomga rioya etmoqlikdir. Go`zal fazilatlar- qalb ko`zgusi. Qalbingizni go`zallashtiring. Alloh yordam bersin.
(54 ta so`z, “Nursafardiyya- tafakkur tarbiyasi” kitobidan).
Adolat haqida
Adolatning asli haqiqatparvarlikdir. Zero, haqiqat istovchilar adolat uchun kurashadilar. Adolatning dushmani nohaqlik, tuhmat, g`arazgo`ylik, hasad va jaholatdir. Adolatli kishining qalbi pok, iymoni but bo`ladi. Adolatli bo`lmoq odatlari: iymonli bo`lmoq, mard va jasurlik, jaholatga qarshi mardona kurash, haqiqatparvarlik va oila, mahalla, yurt, vatan sha’nini himoya qilmoqlikdir.
(60 ta so`z, “Nursafardiyya- tafakkur tarbiyasi” kitobidan).
Lug`at diktant
Shohruh, hol, holva, hayajon, hakim,Habiba, muhtoj, haqiqat, ahvol, hayot, harbiy, Hirot, hovli, hurmat, handalak, alohida, fahm, suhbat, hikoya, mahbuba, Hamid, Marhamat, Haydar, Hikmat, mehr, Qahramon, dehqon, mehnat, husayn, Muhammad, lahza, havo, Behzod, hur, hunar, Vahob, Hanifa, hujra, jihoz, shahar, bahor, gavhar, hayqiriq, halol, halqa, imtihon, hashar, hovuz, hordiq, haykal, hosil, hukumat, guruh, alohida, Olloh, hikmat. ( 56 ta so`z, “O`zbek tilining imlo lug`ati” kitobidan).
Kamalakda nechta rang bor?
Yomg`irdan so`ng osmonda kamalak ko`rinadi, lekin unda nechta rang borligini hamma aniq bilmaydi. Kamalakda yetti rang bor. Ular qizil, sariq, yashil, pushti, binafsha, och zangori, nim pushti. Kamalak juda chiroyli manzara hosil qiladi. Kamalak osmonda uzoq vaqt saqlanmay, tezda ko`zdan g`oyib bo`ladi. Bolalar, kamalakni kuzating.Kayfiyatingiz chog` bo`ladi. Kamalakni rasmda ifodalang. Unga mos rang tanlang. (55 ta so`z).
Ko`klam
Tog` etaklarida ko`m-ko`k maysalar uzra nafis gullar, turli hushbo`y giyohlarning hidlari anqiydi. Daraxtlar siyrak, onda-sonda pakana daraxtlar uchrab qoladi. Otlar balandlik, tepalikka intilib, oyoqlarini g`urur bilan chiroyli tashlaydi, boshlarini ko`rkam tutadi. Shu sayrdan, tabiatning go`zalligidan baxra olgan bu aqlli jonivorlarning tiniq ko`zlarida hushnudlik ifodasini ko`raman. Naqadar go`zal jonivor bular. Sevaman, ko`ngildan, chindan sevaman otlarni!
(Oybek , 55 ta so`z).
Istiqlol
Vatan, istiqlol, ma`naviyat... Bu so`zlar inson ongidagi eng buyuk tushunchalarni ifodalovchi so`zlardir. Agar insonda shu so`zlarning birontasi yo`q bo`lsa, hayotining qayeridir kemtik bo`lib turaveradi. O`zbekning mungli ko`zlariga shodlik, qadoq qo`llariga qut-baraka, bezovta qalbiga orom, osmoniga tinchlik ulashgan shu so`zlar, eng avvalo, Istiqlol emasmi?! Istiqlol tufayli uning egik boshi baland ko`tarildi, mag`rur ovozi olam uzra jaranglay boshladi.(57 ta so`z ).
Lug`at diktant
Shox, xabar, xush, xudo, Xolmurod, Xoljon, baxt, Baxtiyor, taxminan, Xitoy, Xonqa, xon, xona, Xusayn, xushbo`y, xo`ja, Xo`jand, Xiva, xushmanzara, xato, xizmat, xat, arxitektura, to`xta, xil, xodim, xalq, paxta, xayriyat, rux, ruxsat, xislat, zaxira, xotira, xushmuomala, xulosa, xasta, xamir, daraxt, ixtiro, xizmat, xayr, tarix, taxta, Xakimbek, xolis, xato, xafa, xullas, Xorazm, xilxona, xursand, xo`jalik, xaridor. (54 ta so`z “O`zbek tilining imlo lug`ati” kitobidan).
Xalqimiz timsoliga aylangan shoir
Alisher Navoiy o`zbek xalqining ulug` shoiri va mutafakkiri bo`lib, u o`zbek adabiyotini, ayni zamonda, jahon adabiyotini ajoyib durdonalar, o`lmas badiiy obrazlar bilan boyitdi. Shoir o`z ijodiy faoliyati bilan XV asr o`zbek adabiyotini mislsiz taraqqiyot cho`qqilariga ko`tarib, uyg`onish davri deb atalayotgan bu davr madaniy va adabiy hayotida burilish yasadi. Zo`r mahorat bilan insonparvarlik, xalqparvarlik g`oyalarini ilgari surib, xalqimizning nomini jahonga yoydi.
(60 ta so`z).
Bog`i Boburiy
Falakning gardishi bilan mirzo Bobur Hindiston degan yurtga borib, u yerning sultoni bo`libdi. Hindiston bog`-rog`i, ko`p meva- chevaga boy yurt ekan. Boburshoh mendan yodgor qolsin deb, Hindistonning ko`rkam joyiga bir bog` barpo ettiribdi. Dunyodagi bu eng katta bog’ga turli yurtlardan nihollar, gullar olib kelib ko’kartiribdi. Xalq dunyoga dong`i ketgan bu bog`ga “Bog`i Boburiy” deb nom qo’yibdi. (56 ta so`z).
Non hurmati
Mirzo Ulug’bek mulozimlari bilan ketayotganida yo`l yoqasida yotgan bir burda nonni ko`rib qolibdi va darrov otdan tushib, uni qo`yniga solibdi. Mulozimlaridan biri:
-Sultonim nega bizga buyurmay, o`zingiz otdan tushdingiz? – deb so`raganida, shunday javob beribdi:
-Nonni birinchi bo’lib men ko`rdim. Shunday ekan, uni yerdan olishni boshqa birovga buyirish mening nonga nisbatan hurmatsizligim bo`lar edi. Nonning ulug`ligi oldida mening podsholigim nima bo`libdi? (60 ta so`z).
Suv–ob-hayot
Suv–hayot manbayi. Inson uchun eng aziz tabiiy ne’mat. Obi hayotdan oqilona foydalanish lozim. Suvni musaffo saqlash kerak. Shunda inson salomatligi ham yaxshi bo`ladi. Suvni isrof qilmaslik har bir insonning burchi. Atrofimiz go`zalligi, noz-ne’matlarning serob bo`lishi ham suvga bog`liq. Keyingi paytlarda suvga e’tibor susaydi. Ariqlardan toza suv oqmay qo`ydi. Chunki ariqlarga iflos narsalarni tashlaydilar. Bu ish esa katta gunoh. (59 ta so`z).
Shahrimiz chiroyi
Toshkentni “Sharq darvozasi” deb bejiz atamaydilar, chunki Markaziy Osiyoga kelgan chet ellik mehmonlar ilk bor shu shaharda kutib olinadi. Istiqlol yillari Toshkentning chiroyiga chiroy qo`shildi, bu qadimiy shahar yashardi, go`zallashdi. Shahardagi avtomobil yo`llari ta’mirlandi, keng shohko`chalar ochildi, ulkan ko`priklar, sport majmualari, qator ma’muriy va turarjoy binolari qurildi, bog`-rog`lar, ko`m-ko`k xiyobonlar, gulzorlar barpo etildi.
( 55 ta so`z).
Baxtli odam
Bir donishmanddan so`radilar:
-Qanday alomatlar odamning baxtli ekanidan dalolat beradi? Donishmand aytdi:
-Halol mehnat, saxiylik, g`ayrat, ochiq yuzlilik va shirin so`zlilik baxtli odam alomatlaridir.
Yana undan so`radilar:
-Chakki yo`lda yurgan tarbiyasiz farzand nimaga o`xshaydi? Donishmand aytdi:-Bunday farzand ortiqcha o`sgan barmoqqa o`xshaydi. Uni kesib tashlamoqchi bo`lsang, og`riydi, o`z joyida qoldirsang, bedavo bo`lib turaveradi. ( 53 ta so`z, “Donishmandlar odob-axloq to`g`risida” kitobidan).
5-9-sinf o`quvchilari uchun Davlat ta’lim standartlarida diktant yozishlari uchun quyidagicha talablar belgilangan:
-V-sinflar uchun 50-55 ta so`zli matn asosida diktant;
-VI-sinflar uchun 60-65 ta so`zli matn asosida diktant;
-VII-sinflar uchun 60-70 ta so`zli matn asosida diktant;
-VIII-sinlar uchun 70-80 ta so`zli matn asosida diktant;
IX-sinflar uchun 80-90 ta so`zli matn asosida diktant yozishlari zaruriy qilib belgilab qo`yilgan.
Ushbu “Diktantlar to’plami” metodik qo’llanmani umumta’lim maktablarining ta’lim boshqa tillarda olib boriladigan o`zbek tili fani o’qituvchilariga mo`ljallangan bo`lib, ular o`z ish faoliyatida o’quvchilardan diktant ishi olish uchun metodik yordam sifatida tavsiya qilishni lozim topdik.
Qoraqalpog`iston Respublikasi xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti
KO'P KO'RILGAN
3-sinf yangi elektron darsliklar
17 sen, 2022
7-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022
9-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022