Kategoriya: Diktantlar

7-sinflar uchun diktant


7-SINF UCHUN DIKTANT MATNI

                                                                           

Beminnat do‘st

                   

E’tibor berganmisiz-yo‘qmi, bilmadim-ku, sizning sadoqatda tengsiz do`stingiz bor. Qachon xohlasangiz siz bilan hamsuhbat bo`ladi. Shod paytingizda quvonchingizga quvonch qo`shadi. G`amgin pallada dardingizni oladi. Bilmaganingizni o`rgatadi. Adashsangiz, to`g`ri yo`l ko`rsatadi. Yaqin kishilaringiz burilib ketganida ham u sizni tark etmaydi. Xizmati uchun hech nima tama qilmaydi. Yillab unutib, tashlab qo`ysangiz indamaydi. Hatto uloqtirib yuborsangiz ham arazlamaydi. Tag`in chorlasangiz, yetib kelib, xizmatingizni qilaveradi...

                   

...Bu do`stning nomi ― kitob! (65 ta so`z , O`tkir Hoshimov).


Ona yer

                   

Tabiatning ajoyib sovg`asi Ona yerimizdir. Yer barcha boyliklarning onasi hisoblanadi.

                   

Nima uchun Ona-Yer deymiz?

                   

Shuning uchunki, dunyoga keliboq uning havovsi bilan nafas olamiz. Birinchi qadamni uning bag`rida qo`yamiz. U sizni kiyintiradi, ardoqlaydi. Ona qo`ynida qanday yayrab-yashnasangiz, zaminda ham o`shanday o`sib, voyaga yetasiz. Onangiz sut, otangiz tuz bersa, Ona Yer non beradi, obihayot beradi... Shuning uchun yerni eng aziz inson - Ona nomi bilan bog`lab aytiladi. (65 so`z).

                   

Vatan

                   

“Vatan” so`zini toq aytmanglar hech qachon. “Bizning Vatanimiz” ham deya ko`rmanglar. “Mening Vatanim” deb aytinglar. Aytayotganda har bir tovush yuragingizdan uzilib tushsin!

                   

Vatan―bu sizga ota-bobolaringizdan yodgor qolgan yer.
Vatan―bu sizning ota-bobolaringizning aynan o`zi.
Chunki ular ming, million yillar quvonch-tashvishlari bilan shu yerga qo`shilib ketganlar...
Demak, siz, aziz bolajonlar,”Bu V atan meniki”, deb ishonib yashashlaringiz lozim. Ishonch sizlarga kuch beradi. Ana shu kuch sizlarni mustaqil qiladi. (66 ta so`z, Qutlibeka Rahimboyeva ).

                                   

                                                       

Kitob

                   

Kitob – inson ma’naviy dunyosining boyishi, fikrlash doirasining kengayishiga katta yordam beradi. Shuning uchun kitobni doimo do`st tutish kerak. Undan ko`p narsalarni o`rganishga harakat qilish lozim. Ko`p kitob o‘qigan bola ko`p narsalarni o`rganadi. V ataniga xizmat qilishga, yaxshi insonlar qatoridan o‘rin olishga harakat qiladi. Kutubxona ham bilim manbai hisoblanadi. Kutubxonaga tez-tez boradigan bola, albatta, ko`p narsalarni biladi. Chunki, kitoblar insonning ilmli, bilimli bo`lishiga yordam beradi. (64 ta so`z).

                   

Ehtiyotkorlik haqida

                   

Ehtiyotkorlik o`zlikni himoya etmoq deganidir. Kundalik hayotda inson turli hodisalarga ro`para keladi. Ularning domiga tushib qolmaslik uchun ehtiyotkorlik zarurdir. Chunonchi, yomon odatlarni o`rganmaslik, axloqi buzuq kishilardan yiroq yurish, sog`likka zarar keltiradigan taom yoki spirtli ichimliklarni iste’mol qilmaslik, chekmaslik, tilni tiyish, kattalar maslahatiga quloq tutish, yaxshi odamlar suhbatidan bahra olish, yaxshi- yomonning farqiga borish, ilm o`rganish, sport bilan shug`ullanish ehtiyotkorlik manbaidir. O`zlikni anglab, ehtiyotkor bo`ling. (64 ta so`z, “Nursafardiyya- tafakkur tarbiyasi” kitobidan).


Ko`pkari

                   

Ko`pkari uloq- o`zbek, qozoq, qirg`iz, turkman, tojik xalqlarining barchasi uchun birday qadrdon. Ko`pkari – bu chavandozlar bahsi. Ota- bobolarimiz go`daklikdan bolalik fasliga kirgan farzandlarining qo`lini halollash, bo`y yetgan qizlarini uzatish, er yetgan o`g`illarini uylantirish to`ylarida xalqqa osh berib, so`nggida ko`pkari bahsi tomoshalarini ko`rsatishgan Ko`pkari chopish- bu chavandozlik ot ustida ommaviy musobaqa shartlarini bajarish, g`olib chiqish uchun olib boradigan kurashi, janggidir. Ko`pkarining boshqa nomi uloq ham deyiladi.

                   

( 65 ta so`z, M. Sattor “O`zbek udumlari” kitobidan).


Kurash

                   

Kurash- qadimiy va erkin kurash turlariga bo`linadi. Bu odatning tarixi xalqimiz tarixi qadar uzundir. Kurash bizning xalqimiz paydo bo`lib, taraqqiyot yo`liga kirganidan buyon tarkib topib, rivojlanib, takomillashib bordi. Milliy kurashni biz hozirgi kunda sport turi sifatida qayd etamiz. Aslida esa bu odat xalq hayotining juda muhim tarmog`i bo`lib, uning taqdiri- a`molini belgilagan. Qadim davrlarda nafaqat erkaklar, turkiy xalqlar tarixida xotin- qizlar ham kurash tushishgan.


                   

( 64 ta so`z, M. Sattor “O`zbek udumlari” kitobidan).

                   

Hashar

                   

Hashar- Sharq xalqlari orasida keng tarqalgan udumlarimizdan biri bo`lib, qadimdan o`zbek xalqi hayotida muhim o`rin tutib kelgan. Hashar bu ko`pchilikning bir maqsadda birgalashib harakat qilishidir. Qadim zamonlarda ota-bobolar qishloqlarda, yozloqlarda xo`jalik ishlarini ko`p hollarda hashar yo`li bilan bitirib olishgan. Hasharning o`ziga xos bosh xususiyati shundan iboratki, u beminnat, bepul, beta’ma bajariladi. Hashar ishi ko`pchilik tomonidan tekin ado qilinadi.

                   

( 63 ta so`z, M. Sattor “O`zbek udumlari” kitobidan)

                   

Dasturxon

                   

Inson paydo bo`lib, taom iste’mol qila boshlabdiki, dasturxon bor. Dasturxon aziz, muqaddas, ruzq-ro`z manbai va ramzi sifatida ko`zga surtilgan. Dasturxon odobi, taom emak qoida- qonunlari ham xalqimizda azaldan mavjud. Uyingizda bo`lsin, mehmonda bo`lsin, kuniga uch-to`rt bor dasturxon yoziladi. Unga non-choy, qand-qurs, ho`l va quruq meva qo`yiladi. Dasturxon- taomi bilan ulug`. Dasturxon ustiga odatda, birinchi non qo`yiladi. O`zbeklar tandir nonni ko`proq iste’mol qilishadi, u dasturxonga juft qo`yiladi.

                                                                                                                              

( 70 ta so`z, M. Sattor “O`zbek udumlari” Inson quvvatlari kitobidan)

                                                                           

Odamzod ibtidosidan bo`ladigan quvvatlar so`zlash quvvati, tanlash quvvati, xayol quvvati, sezish quvvatlaridir. Bulardan so`zlash quvvati shunday quvvatki uning yordamida inson bilim va hunar egallaydi, uning yordamida xulq-atvoridagi xunuk va go`zal harakatlarni ajrata biladi va bajarilishi zarur bo`lgan –bo`lmagan ishlarni ado etadi, shu bilan birga zararli yoki foydali narsani, lazzatli va achchiq narsalarni fahmlaydi. Natijada nafrat va muhabbat, do`stlik va dushmanlik, g`azab va rozilik kabi his–tuyg`uga oid holatlar paydo bo`ladi.

(69 ta so`z)
                   

Paronimlar

                   

Abzal- afzal, adib- adim, aql- adil, alo-a’lo, amr-amir, ariq- oriq, asl-asil, bayon- bayan, bal-ball, barmoq-bormoq, ganj-ganch, davo- da’vo, daha-daho, devon- divan, diplomat- diplomant, dub-dup, jodi- jodu, ilk-ilik, lahm-lahim, ora-oro, sada-sado, sayd-sayid, sirat- sur’at, surgin- surgun, tambur-tanbur, tana-ta’na, uzik-uzuk, ulish- ulush, xol- hol, sher-she’r, shox-shoh, shuba-shu’ba, yuvindi- yuvundi, yagana- yagona, qala- qa’la, qiymat- qimmat, qism- qisim, qolib-qolip, qura- qur’a, qurt-qurut. (“Paronim so`zlari lug`ati” kitobidan).

                   

So`z sehri

                                                                                                   

So`zlar hayoti murakkab, ularga sehr yashiringan. So`zlar ham o`z xalqi bilan birga umr kechiradi, xalq quvonsa, quvonadi, kuyunsa kuyunadi.

                       

Kishilar o`zgalarni o`ylab buloqlarning bekilgan ko`zlarini ochadilar, avlodlari uchun daraxtlar ekadilar. Bundan keyingi avlod buloq suvidan, daraxt mevalaridan bahramand bo`ladi.Ota-bobolarimiz qoldirgan so`zlar ana shu buloqlar va daraxtlardir.

                       

So`zlar biz uchun asrlar sadosi, uzoq o`tmish bilan hamnafaslik hissini uyg`otuvchi mangu chaqiriq, zamonlararo ko`prikdir.

                                                                                               

(63 ta so’z, B.To`ychiboyev).


Kasb

                   

Kasb inson uchun juda zarur faoliyat. Kim qanday kasb tanlasa, unga mehr qo`yishi kerak. O`z kasbini yaxshi bilgan kishining ishi unumli bo`ladi.Ota-ona kasbini egallash yanada yaxshi. Chunki siz ota- onangiz nimalar bilan shug`ullanishini yoshligingizdan ko`rib, o`rganib borasiz.Katta bo’lgach, shu kasbda ishlasangiz, sizning ustozingiz ota- onangiz bo`ladi.

                   

Har kasbning o`z mohiyati, qiziqarli tomonlari bor. Kasb-hunar inson umrini bezaydi, baxtli, saodatli qiladi. (64 ta so`z).

                   

Tuproq – Vatan

                                              

Tuproq-insonning tug`ilib o`sgan joyi, tuproq - Vatan. Tuproq necha yuz yillardan buyon ne-ne ulug` farzandlarni quchog`iga bosib kelayotgan ona zamin. Shuning uchun biz uni e`zozlab “ona tuproq” deymiz. U olis ajdodlarga onalik qilgan. Ota-bobolarimizning onasi bo`lgan. U bizning ham onamiz, kelajak avlodning ham onasi bo`lajak.

                   

Demak, hamma narsa ona tuproqni qadrlashdan boshlanadi. O`z tarixini ona yurtdan- ona tuproqdan qidirgan insongina haqiqiy inson bo`la oladi.

                   

(65 ta so`z, A.Nabiyev).

                   

Yozgi ta’til

                   

Yozgi ta’tilda men tejamkorlik haqida ko`p o`qidim. Masalan, kitob o`qiganda butun uyni yoritadigan katta qandildan ko`ra faqat o`qib o`tirgan joyni yoritadigan stol lampasidan foydalangan ma’qul ekan. Bu ham qulay, ham arzon. Chunki, 5 ta 60 vattlik lampochkadan iborat qandilga bitta 40 vattlik lampochkadan iborat stol lampasiga qaraganda 7, 5 barobar ko`p elektr quvvati ketar ekan. Stol lampasi o`qilayotgan kitobga yaqin joylashgani uchun ko`proq nur berar ekan. (65 ta so`z, “Tong yulduzi” gazetasidan).

                   

Mosh haqida

                   

Mosh asosan O`zbekiston pazandachiligiga xos, oqsilga boy (diametrik bir santimetrga yetmaydigan mayda) dukkakli ekinlar qatoriga kiradi. Shuning uchun ham moshdan tayyorlangan turli taomlar nihoyatda to`yimli bo`lib, o`zbek oilalari dasturxonidan katta o`rin olgan.

                   

Bu o`simlikdan tayyorlangan moshxo`rda, moshqovoq, moshugra kabi suyuq taomlar va moshkichri deb nomlanuvchi quyuq taom ko`p oilalarda sevib tanovul qilinadi. Ayniqsa, jazirama yoz kunlarida kunduzlari qatiq bilan tanovul qilingan sovutilgan moshxo`rda va moshugra kishiga huzur baxsh etadi. ( 69 ta so`z, “O`zbek milliy taomlari” kitobidan).

                   

Donolar bisotidan

                   

Agar sening so`zlagan nutqingdan foydali bir narsaning hidi kelib turmasa, bunday so`zni aytmaganing yaxshi.

                   

Begonalar orasida kishiga nasihat qila ko`rma, chunki, bunday nasihat ta’nadir. Agar bir kishi qing`irlikka odatlanib qolgan bo`lsa, uni to`g`ri yo`lga boshlay ko`rma, chunki egri daraxtni chopib tashlamaguncha to`g`ri bo`lmaydi. Kishilarning yaxshi va yomon xislatlarini ko`zdan kechirib yur, ularning foydali va zararli ishlarining natijalarini kuzatib bor, undan keyin o`z manfaatingni talab qil. (65 ta so`z, “Qobusnoma” dan).

               

Do`stlik haqida

                   

Do`stlik, o`rtoqlik, birodarlik fazilatlari asosan maktab davrida shakllanadi. Bolalar bir sinfda o`qish jarayonida birga o`qish va birga mehnat qilishga o`rganadilar. Darslarni o`zlashtirishga qiynaladigan bolalarga a’lochi do`stlari yaqindan ko`mak beradilar. Do`stining yutuqlaridan xursand bo`ladigan, kamchiligini tuzatishga ko`maklashadigan insonlargina chinakam do`st hisoblanadi. Do`st tutinish insonlar uchun eng yaxshi fazilatdir. Kimki kelajagi porloq va istiqbolli bo`lishni istasa, do`st va o`rtoqlar orttirishi, do`stlikni qadrlashi kerak. Do`stlikning qudrati hamma narsadan ustun. ( 66 ta so`z “Bolalar ensiklopediyasi”dan).

                   

Forobiy hikmatlari

                   

Inson yaxshi tarbiya ko`rmagan va turmushda tajriba orttirmagan bo`lsa, u ko`p narsalarni nazarga ilmaydi va ulardan jirkanadi.

                   

Har kimki ilm-hikmatni desa, uni yoshligidan boshlasin, sog`- salomatligi yaxshi bo`lsin, yaxshi axloq va odobli bo`lsin, so`zining uddasidan chiqsin, yomon ishlardan saqlansin, xiyonat, makr va xiyladan uzoq bo`lsin, diyonatli bo`lsin, barcha qonun-qoidalarni bilsin, bilimdon va notiq bo`lsin, ilmli va dono kishilarni hurmat qilsin, ilm va ahli ilmdan mol-dunyosini ayamasin, barcha real, moddiy narsalar to`g`risida bilimni egallasin.                 

Odamlarga nisbatan ularni birlashtiruvchi boshlang`ich asos insoniylikdir, shuning uchun ham, odamlar insoniyat turkumiga kirganliklari tufayli o`zaro tinchlikda yashamoqlari lozim.                                               

Baxtga erishish maqsadida o`zaro yordam bergan xalq- fazilatli xalqdir. Shu tartibda barcha xalqlar baxtga erishish uchun bir-birlariga yordam bersalar,butun yer yuzi fazilatli bo`ladi. ( “Fozil odamlar shahri” kitobidan).

                   

Aqlli odam

                   

Bir donishmanddan so`radilar:               

-Dunyoda inson uchun eng yaxshi narsa nima-yu, eng yomon narsa nima?                 

Donishmand javob berdi:                   

-Dunyoda inson uchun eng yaxshi narsa go`zal axloq, tarbiya, sa’y- g`ayrat bo`lib, shu go`zal xislatlar bilan nom chiqarishdir. O`limdan ham battar yomon narsa esa tarbiyasizlik va yalqovlik bilan shuhrat qozonishdir.        

Yana so`radilar:
-Eng aqlli odam kim?
-Ko`p narsani bilib, kam so`zlagan, o`z bilimiga mag`rur bo`lib, bilimdonlik qilmagan odam aqlli hisoblanadi. ( 70 ta so`z, “Donishmandlar odob-axloq to`g`risida” kitobidan).

                   

Iboralar

                   

Alamini olmoq, arpasini kim xom o`ribdi, baloga qolmoq, belni bog`lamoq, boshi ko`kka yetdi, burni ko`tarilgan, gapi bir joydan chiqdi, gah desa qo`liga qo`nadi, do`ppisini osmonga otmoq, yog` tushsa yalagudek, joni halqumiga keldi, ilonning yog`ini yalagan, kalavaning uchini topdi, kapalagi uchdi, ko`zi to`rt bo`ldi, ko`kka ko`tarmoq, lafzi halol, lom-mim demadi, mazasi qochdi, misi chiqdi, mum tishlab qoldi, oyog`ini qo`liga olib keldi, oralaridan qil o`tmaydi, og`zi qulog`iga yetdi, oq-qorani tanidi, terisiga sig`may ketdi, tili bir qarich, tilidan bol tomadi, tilining uchida, tirnoq ostidan kir qidirmoq, tishining kavagida saqlamoq, toqatlari toq bo`ldi, xo`rligi keldi, chehrasi ochildi, esi chiqib ketdi, yulduzni benarvon uradi, qo`y og`zidan cho`p olmagan, qo`l kaltalik qildi, hafsalasi pir bo`ldi.

                                   

    



5-9-sinf o`quvchilari uchun Davlat ta’lim standartlarida diktant yozishlari uchun quyidagicha talablar belgilangan:

                   

-V-sinflar uchun 50-55 ta so`zli matn asosida diktant;
-VI-sinflar uchun 60-65 ta so`zli matn asosida diktant;
-VII-sinflar uchun 60-70 ta so`zli matn asosida diktant;
-VIII-sinlar uchun 70-80 ta so`zli matn asosida diktant;
IX-sinflar uchun 80-90 ta so`zli matn asosida diktant yozishlari zaruriy qilib belgilab qo`yilgan.

                                      

Ushbu “Diktantlar to’plami” metodik qo’llanmani umumta’lim maktablarining ta’lim boshqa tillarda olib boriladigan o`zbek tili fani o’qituvchilariga mo`ljallangan bo`lib, ular o`z ish faoliyatida o’quvchilardan diktant ishi olish uchun metodik yordam sifatida tavsiya qilishni lozim topdik.                                             

Qoraqalpog`iston Respublikasi xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti

Reklama
Reklama