Kategoriya: Diktantlar
8-sinflar uchun diktant
Bahor keldi
Nihoyat... Qishning zax kunjaklarini, rutubatli kunlarini ortga surib bahor keldi. Olamning bahori, yurtning bahori, millatning bahori, qalbning bahori va yana... Ayolning bahori. Dunyo bir entikdi, ko`ksini to`ldirib nafas oldi. Fevralning boshlaridanoq oppoq qor isidan bahorni tuygan bodom gullari chamandek gullab yubordi.
Inson nega mudom bahorga intizor? Ahli olam nega uni ota- onasini, yorini, farzandini, do`stini kutayotgandek kutadi. Nega bir nafas samoda charx urayotgan qoraqosh qaldirg`ochlarga, bo`tana suvlarga aylangisi, kurtaklar kabi bo`rtgisi keladi. ( 72 ta so`z, “Sharq yulduzi” jurnalidan).
Navro`z
Navro`z Sharq xalqlari orasida bir necha ming yillardan buyon yashab kelmoqda. Uzoq qishdan so`ng ko`kda quyoshning yuz ko`rsatishishi, qirda maysa-giyohlarning nish urib chiqishi xalqimiz uchun haqiqiy shodiyonaga aylangan. Nega deganda, o`tgan yilgi yig`ilgan g`alla ham, oziq-ovqatlar ham sob bo`lay degan, ilikuzdi paytlarda yana Ona tabiatning o`zi mehr-muruvvat ko`rsatib, yorug` kunlardan darak bergan. Shu kunlargacha eson-omon yetib kelishgan qariyalarning ham tomirlarida qaytadan g`ayrat jo`sh urgan.
Nav- yangi, ro`z-kun; ya’ni yangi kun deb atalishi ham bejiz emas.
( 80 ta so`z, M. Sattor “O`zbek udumlari” kitobidan).
Qo`noq
Qo`noq so`zi turkiy xalqlarda mehmon ma`nosini berib, qo`noq tushush- mehmon qabul qilish odatiga rioya qilinadi. Qo`noq odati turli viloyatlarda ‘qo`noq”, “qo`nuq”, “qo`shxona” tarzida ham aytilib kelinadi.
Bu udum ko`proq to`y va mehmondorchilik odatlari bilan hamkorlikda, birgalikda o`tkaziladi. Odatda shahar- qishloqlarda to`y bo`lganda, uzoq-yaqindan mehmonlar keladi. Ular ko`pchilik bo`lganligi tufayli “to`y ko`pchilik bilan” aqidasiga riyoya qilgan xalqimiz barcha tashrif buyurgan kishilarni kutib-kuzatishadi. Bu o`rinda qishloqlarda to`y egasidan tashqari yana o`nlab xonadonlar mehmonlarga quchoq ochadi.
( 75 ta so`z, M. Sattor “O`zbek udumlari” kitobidan).
Navro`z
Mustaqil O`zbekistonimizda xalqning qadimiy qadriyatlari tiklanganligi tufayli Navro`z bayrami keng nishonlana boshladi. Bu bayram mehr-muruvvat, do`stlik, totuvlik bayrami bo`lganligi sababli u baynalmilal bayrami hamdir. Navro`zni respublikamizda yashovchi barcha xalqlar nishonlaydi. Navro`z umumxalq bayrami bo`lganligi uchun hamma ko`ch va maydonlarni tozalab, daraxtlarni oqlab, shirin taomlar pishirib, unga tayyorgarlik ko`radi. Bu bayram mehr-muruvvat bayrami bo`lganligi uchun qariyalar, etib-esarlar va bemorlardan xabar olinadi, ularga sovg`alar beriladi. Navro`zda sho`x-shodon qo`shiq yangraydi, o`yin-kulgi va xursandchilik hukm suradi.
(77 ta so`z, “Ma’rifat” gazetasidan).
Oqilona maslahat
Evropalik bir odam uyi yonida chiroyli maysazor barpo qilibdi. U yerdagi maysalar qishin-yozin yam-yashil bo`lib turar ekan. Bir yili bahor kelishi bilan maysazordan qoqigullar o`sib chiqib, o`tloq sap-sariq gullarga to`libdi. Bir necha kundan keyin esa maysazor oppoq momoqaymoqlarga burkanibdi. Bu o`zgarish maysazor egasiga yoqmabdi. U qoqigullarni yulib tashlabdi, lekin ular yana o`sib chiqaveribdi. Maysazor egasi ulardan qutilish uchun o`zi bilgan hamma usullarni qo`llab ko`ribdi, ammo foydasi bo`lmabdi.
Xatga: “Sizga qoqigullarni sevib qolishni maslahat beramiz”, deb yozilgan ekan.
(80 ta so`z, “Ma’rifat gulshani” gazetasidan).
Navro`z bayrami
Navro`z- xalqimizning katta bayrami. Bu bayram qadim- qadimdam beri nishonlanib kelinganidan, bolalik chog`larimizda bu bayramga katta tayyorgarlik ko`rardik. Hamma sandalni tark etib, hovli ichini tartibga solardi, tozalardi.
Bolalar ham yumushlarni bajarishda kattalarga yordam berardi. Kechqurunlari butun qishloq uzra xushbo`y ko`k somsa hidi taralardi.
Noz-ne]matlar tayyor bo`lgach, oila a’zolari dasturxon atrofiga yig`ilardi. Hech kim dasturxondan chetda qolmasligi kerak edi. Agar kimdir kelmasa, o`sha odam, irimga ko`ra, baxtsizlikka uchrashi mumkinligi tufayli, qayerda bo`lsa ham etib kelishi kerak edi. (77 ta so`z, Yo`ldosh Muqimovdan).
Hosil yig`im-terimida
Kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o`tgach, biz- bir guruh shaharlik talabalarni qishloqqa, dehqonlarga yordamga yuborishdi. Biz u yerlik dehqonlarga kuzgi hosilni yig`ishda yordam berdik. Biz asosan bodring va pomidor terdik. Bu sabzavotlar nozik bo`lgani uchun ularni mashinada terib bo`lmas ekan. Aqliy mehnatdan keyin bunday jismoniy ish bizga yoqib tushdi. Tonggi shabada, kuzgi oftobning mayin nurlari, tushki ovqat paytidagi hazil- mutoyibalar, tungi o`yin-kulgilar- bular hammasi ajoyib edi. Biz u yerda bir-birimiz bilan do`stlashib ham oldik. (74 ta so`z).
Ona mehri
Ona. Mehri quyoshlarga teng ona. O‘z shafqati, niri bilan bolaga qalb bergan, sevgi baxsh etgan―ona! Uning inoyat qilgan yuragi va muhabbati eng avval, onaning o‘ziga qaratilib, bola uni sevdi, ardoqladi.
Tunlari bedor: shirin uyqusini buzib, bolasiga halovat beradigan yoqimli allasi bilan ona farzandiga ruhiy lazzat bulog‘ini ochadi. Bola she’riyat va qo‘shiqqa umrbod maftun bo‘ladi. Bolasini ko‘zimning nuri, dilimning sururi, deydi. Uni yer-u ko‘kka ishonmay, ko‘proq uxlab qolsa, xavotirlanadi, qattiqroq yig‘lasa, vahimaga tushadi. ( 73 ta so`z).
Qorli tog`
Yakshanba kuni sinfimiz o`quvchilari bilan birgalikda Chimyon tog`iga bordik. Kun sovuq edi. Qalin qor yog`gan. Tog` cho`qqisini oppoq qor va bulutlar qoplagan. Tog` etagida bolalar va katta yoshdagi kishilar chana uchishardi. Ular biz bilan salomlashishdi. Yigit va qizlar tog` cho`qqisi tomon ketishdi. Jamshid, Sarvar va Ravshan tog` manzaralarining rasmini chizishdi. Javlon va Salim qorbobo yasashdi. Qizlar esa ularga yordamlashdi. Biz maza qilib dam oldik. Safarimiz so`ngida hamma bolalar estalik uchun suratga tushishdi. ( 72 ta so`z).
Abu Rayhon Beruniy
O`zining ensiklopedik bilimi va qoldirgan nihoyatda boy ilmiy merosi bilan afsonaga aylangan buyuk ajdodlarimizdan yana biri Abu Rayhon Beruniydir. U Xorazmning qadimgi poytaxti Kat shahrida tug`ilgan. Beruniy tomonidan yaratilgan asarlar astronomiya, matematika, geodeziya, geologiya, mineralogiya, geografiya, arifmetika, tibbiyot, farmokologiya, tarix, filologiya kabi nihoyatda turli-tuman fanlarga oiddir.
Beruniy hatto badiiy ijod bilan ham shug`illangan, she’rlar yozgan. U boshqa qit’alarda hayot borligini tekshirish bilan ham shug`ullangan bo`lib, uning bu sohadagi taxminlari ilmiy yutuqlaridan biri hisoblanadi. (74 ta so`z).
Kuzgi hosil
O`lkamizda hosil yig`ib olish kuzda emas, balki yo`z faslining oxirlaridan boshlanadi. Bobodehqonlarimiz paxta va bug`doy terimi uchun tinmay harakat qilishlari lozim. Qurigan boshoqlarni erta tongdan kun qiziguncha olib chiqishi kerak. Paxtakorlarimiz ham dalalardagi paxtalarni yog`ingarchilik boshlanmasdan avval yig`ib olish uchun bor mehnatlarini ayamaydilar. O`z oldilariga qo`ygan maqsadlarini bajarishlari kerak. Nafaqat bug`doy va paxta terimi, balki sholi, poliz ekinlari, bog`lardagi meva va sabzavot ekinlaridan ham mo`l hosil olinadi. Yog`ingarchilik boshlanmasdan avval barcha hosilni yig`ib olishlari kerak.
(75 ta so`z).
Ma’naviyatimiz- boyligimiz
Xalqning ma’naviy ruhini mustahkamlash va rivojlantirish- O`zbekistonda davlat va jamiyatning eng muhim vazifasidir. Ma’naviyat shunday qimmatbaho mevaki, u bizning qadimiy va navqiron xalqimiz qalbida butun Insoniyatning ulkan oilasida o`z mustaqilligini tushunib yetish va ozodlikni sevish tuyg`usi bilan birgalikda yetilgan. Ma’naviyat insonga ona suti, ota namunasi, ajdodlar o`giti bilan birga singadi. Ona tilining buyuk ahamiyati shundaki, u ma’naviyat belgisi sifatida kishilarni yaqin qilib, jipslashtiradi. Tabiatga yaqinlik, jonajon o`lkaning benihoya go`zalligidan bahramand bo`lish ma’naviyatga oziq beradi, kuchaytiradi. ( 75 ta so`z, “O`quvchi ma’naviyatini shakllantirish” kitobidan).
Ma’naviyat chashmasi
Ma’naviyat insonga havodek, suvdek zarur. Sahrodagi sayyoh har doim buloqdan chanqog`ini bosadi. Xuddi shuningdek, inson ham necha-necha azoblar va qiyinchiliklar bilan ma’naviyat chashmasini izlaydi. Yer, oila, ota-ona, bolalar, qarindosh-urug`lar, qo`ni-qo`shnilar, xalq, mustaqil davlatimizga sadoqat, insonlarga hurmat, ishonch, xotira, bijdon, erkinlik- ma’naviyatning ma’nosi ana shunday juda keng. Inson uni Inson darajasiga ko`taradigan asoslarning asosini o`z aqli bilan tom ma’noda qamray olmaydi. Inson o`zini xalqining bir zarrasi deb sezgandagina, u haqda o`ylab, mehnat qilib yashagandagina ma’naviyat bilan tutashadi. ( 80 ta so`z, “O`quvchi ma’naviyatini shakllantirish” kitobidan).
Vatan
Vatan- keng va ko`p miqyosli tushuncha. V atan octanadan boshlanadi. Vatan sen yashab kelayotgan, ulg`yayotgan uy, ota-onang, aka-uka, opa-singillaring, hovlidagi daraxtlar, har kuni non yopiladigan tandir. Vatan- katta-kichik to`yga keladigan, azada jamlanadigan, chollari guzarda gurunglashadigan, machitlaridan azon eshitiladigan qadrdon mahalla.
V atan- paxta rejasi sal ilgariroq bajarilsa, boshing osmonga yetadigan viloyat. Vatan- tuprog`idan oltin unuvchi, tog`larining boshi ko`kka yetgan, bog`-bo`stonga to`la O`zbekiston.
Vatan- biz yashab turgan kurrai zamin. Besh barmoq bir bo`lsa musht bo`ladi. Kim g`araz va adovat bilan tajovuz qilsa, ta’zirini berishadi. ( 80 ta so`z).
5-9-sinf o`quvchilari uchun Davlat ta’lim standartlarida diktant yozishlari uchun quyidagicha talablar belgilangan:
-V-sinflar uchun 50-55 ta so`zli matn asosida diktant;
-VI-sinflar uchun 60-65 ta so`zli matn asosida diktant;
-VII-sinflar uchun 60-70 ta so`zli matn asosida diktant;
-VIII-sinlar uchun 70-80 ta so`zli matn asosida diktant;
IX-sinflar uchun 80-90 ta so`zli matn asosida diktant yozishlari zaruriy qilib belgilab qo`yilgan.
Ushbu “Diktantlar to’plami” metodik qo’llanmani umumta’lim maktablarining ta’lim boshqa tillarda olib boriladigan o`zbek tili fani o’qituvchilariga mo`ljallangan bo`lib, ular o`z ish faoliyatida o’quvchilardan diktant ishi olish uchun metodik yordam sifatida tavsiya qilishni lozim topdik.
Qoraqalpog`iston Respublikasi xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti
KO'P KO'RILGAN
9-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022
3-sinf yangi elektron darsliklar
17 sen, 2022
4-sinf yangi elektron darsliklar
19 sen, 2022