Kategoriya: Diktantlar

9-sinflar uchun diktant


9-SINF UCHUN DIKTANT MATNI

                                                                           

Yangi hovli

                   

Oila-xonadon boshpana bilan tirik. Boshpanalik bo`lish esa hamma zamonlarda ham oson bo`lmagan. O`zbek xonadonlari azaldan serfarzand, katta ro`zg`or bo`lib kelishgan. Bo`y yetgan qizlar uzatilgan. Voyaga yetgan o`spirinlar uylantirilgan.

                   

O`g`il bolaning yo`li boshqa. O`g`il tug`ilishi oilaning baxti, shon- shavkati sanalgan. Zuryod davomchisi, vatan egasi, himoyachisi, oila qo`rg`onining darg`asi. O`g`il tug`ilishi bilan tadbirkor otalar, bobolarning maslahati bilan tomorqa hovliga 100-200 ta terak ekishgan. Bu teraklar to bola ulg`ayib uylanadigan bo`lguncha yangi imoratga xomashyo sifatida voyaga yetgan.

Yangi uyga ko`chib kirishda bir qator urf-odatlar, hatto irimlarga o`zbek xalqi hamon amal qilib keladi.

                   

( 90 ta so`z, M. Sattor “O`zbek udumlari” kitobidan). 


To`y

                   

Siz karnay-surnaylar ovozi, nog`oraning taqa-tumini uzoqdan eshitgan zahotingizdayoq to`y bo`layapti, deya yugurasiz. Ha, to`yning belgisi, xabarchisi-karnay-surnay, nog`oralar va Siz. To`y o`z nomi bilan- yaqin do`st-yor, qarindosh-urug` diydoriga, shirin taomlarga, yaxshi kuy va qo`shiqqa, kurashu ko`pkari tomoshasiga, bayram shodiyonalariga, kulgi va quvonchga to`yishdir.

                   

Bizning o`zbek xalqi O`rta Osiyo mintaqasidadi boshqa qardosh xalqlar singari juda qadim zamonlardan buyon to`y qilib, elga osh berib kelgan. To`ylar odatda, kichik bayramlardek o`tkazilgan. To`yning ham turlari ancha-muncha. Beshik to`yi, xatna- sunnat to`yi, nikoh to`yi, hovli to`yi, yosh sanalari bilan bog`liq to`ylar va hokazolar.

                   

( 94 ta so`z, M. Sattor “O`zbek udumlari” kitobidan). 


Yaxshi niyat

                   

Yaxshi niyat- yarim davlat, deydi xalqimiz. Tilak bildirish, yaxshi niyat, duoyu olqishlar- bu ham o`zbek xalqining eng qadimiy udumlaridan biridir. Inson hayotining barcha fasllarida, turli yoshlarda, turli munosabatlar bilan, turmushning barcha chorrahalarida bir- biriga tilak bildiradi, yaxshi niyat qiladi.

                   

Bola tug`ilganda farzand, zuryod muborak bo`lsin qilinib, umriyu rizqi, ota-onasi, boboyu buvisi bilan bergan bo`lsin, deyiladi. Bu ixcham tilakning mazmunida katta hikmat bor. Bolaki tug`ilibdimi, avvalo uning umri uzun bo`lsin, rizqi nasibasi mo`l bo`lsin, ota-onasi tarbiya berib, oq yuvib, oq tarab, uzoqqa mo`ljallangan tilaklar birgina shu ibora hikmatda o`z jamuljamini topgan.


                   

( 92 ta so`z, M. Sattor “O`zbek udumlari” kitobidan). 


Farzand haqida

                   

Farzand- avlod davomchisi. Ota-onaning farzandga tarbiyasi uning mehrida namoyon bo`ladi. Tarbiyali farzand oila sha’ni, jamiyat obpo`si, vatan himoyachisidir. Ota-ona farzandiga nima bersa, farzand ham shuni qaytaradi. Tarbiya ko`rgan farzand o`z hayotidan mamnun holda ota- onasiga mehr ko`rgazadi. Tarbiyasiz farzand ota-ona dardi,jamiyat zararkunandasi, vatanda vatansiz kimsadir.

                   

Har bir farzandning burchi: ota-onaga mehribonlik, sodiqlik, oqibatlilik, doimo ularning xizmatlarida bo`lish, nasihatlariga amal qilib, hurmatlarini joyiga qo`yish, vatan oldida mardlik, matonat, qahramonlik, xalqiga hurmat, himoyasiga hamisha shay va sadoqat ila xizmat qilishdir. Iymonli farzand saodatli yo`lda sobitqadamdir.

                   

(88 ta so`z, “Nursafardiyya- tafakkur tarbiyasi” kitobidan). 


Do`st tanlash haqida

                   

Do`st- ko`ngil malhami. Chin do`st boshga kulfat tushganda hamisha hoziru nazir. Do’st tanlashda kishi, avvalambor, o`zi tarbiya topgan bo`lib, tanlanadigan do`stga munosib bo`lmog`i lozim. Mabodo xulqingiz yomon bo’lsayu, yaxshi odamga havas qilib,u bilan do`st tutinmoqchi bo`lsangiz, tabiiyki, tanlaganingiz sizni rad etadi. Birinchi do`stlikni o`zingizdan boshlang. Ya’ni o`zingiz o`zingizga do`stsiz. Avvalo, aqlni charxlab, ruhiyatni poklang, odob-axloq qoidalariga, intizomga rioya eting. So`ngra sizning do`st tanlash vaqtingiz keladi. Siz tanlaydigan do`stni o`z xulqingizdan kelib chiqqan holda saralaysiz. Ya’ni do`stingizning ruhiyati pok bo`lib, u ham odob-axloq qoidalariga, intizomga rioya etuvchi bo`lishi kerak.

                   

(91 so`z, “Nursafardiyya- tafakkur tarbiyasi” kitobidan). 


Obod yurt istiqboli

                   

Xalqimizda “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona”, degan maqol bor. Shuning o`zidan ham ota-bobolarimiz farzandlarning jisman va ma’nan sog`lom bo`lishiga qanchalik e`tibor berganini bilsa bo`ladi. Xadisi shariflarda insonlarning yaxshilari go`zal xulqli va chiroyli muomalali kishilar ekani ta’kidlanadi. Bir o`rinda: “Hech bir ota-ona o`z farzandiga go`zal odobdan ko`ra yaxshi narsa qoldirmaydi”, deyiladi ( Imom Termiziy). Farzand tarbiyasi yaxshi yo`lga qo`yilgan yurt ravnaq topadi. Bugun mamlakatimizda yoshlarning ilm olib, hunar o`rganishi uchun yaratilayotgan sharoitlar ham kelajagimizga qo`yilgan munosib qadamdir. Chunki ertangi kunimiz bilimli, salohiyatli farzandlarimizga bog`liq. ( 85 ta so`z, “Hidoyat” jurnalidan).

                                      

Ikki dangasa

                   

Bobom bir ertak aytib berdilar:

                   

-Kunlardan bir kuni Hindistonning eng dangasa kishisini topmoqchi bo`lishibdi. Qidirib-qidirib ikki dangasani zo`rg`a topishibdi. Keyin ulardan qaysi biri ko`proq dangasaligini aniqlamoqchi bo`lishibdi. Ikkalasini bir kulbaga tezgina qamab, ustidan o`t qo`yib yuborishibdi. So`ng ulardan qaysi biri birinchi yugurib chiqar ekan, deb kutib turishibdi. Kulbaga o`t ketib, darhol hammayoq yona boshlaganda bir dangasa ikkinchisiga:

                   

- Ko`zimga quyosh nuri qayerdan tushayapti? Kirganimizda uy ichi qorong`i edi, shekilli,-debdi.

                   

-Shungayam o`zimni urintirib ko`zimni ochib o`tiramanmi? Quyosh nuri qayerdan tushgani baribir emasmi?-deb erinib ikkinchisi.

                   

Dangasalikning oxiri voy, deb shuni aytisharkan. (91 ta so`z).

                   

Qovun sayli

                   

O`zbekistonda kuzda, qovun pishgan paytda qovun sayli o`tkaziladi. Bu tadbir qovun ekkan mirishkor dehqonlar tomonidan tashkil etiladi. Sayilni tashkil etayotgan dehqonnikiga keladigan yor-u do`stlar hosil yig`ish va xazanak qilish uchun hasharga taklif etiladi. Sayilga taklif etilganlar uchun mezbon sho`rva va osh tayyorlaydi. Sayilda ishtirok etayotganlar o`rtasida hosil yig`ish paytida “shirinkoma” (ba’zi joylarda “shirinaki”) o`yini tashkil etiladi. Bunda hamma bittadan qovun yoki tarvuz tanlab, kimniki shirin chiqishi bo`yicha musobaqa o`ynashadi. Musobaqada g`olib chiqqan kishi taqdirlanadi, yutqizgan esa boshqalar buyurgan xizmatni bajarishi kerak bo`ladi. (82 ta so`z).

                   

Aysberg

                   

“Aysberg” so`zi o`zbek tilida “Muz tog`i” degan ma’nosini anglatadi. Haqiqatan ham, aysberglar surilib kelib dengizga qulab tushgan muz tog`laridir. Muzlikning boshi ma’lum vaqtgacha dengiz ustida osilib turadi. Uni suv qalqishlari, dengiz oqimlari va shamollar o`yaveradi. Nihoyat, u bo`linib, shaloplab suvga qulaydi. Aysberg chayqalib, ulkan massasining katta qismini suv ostiga yashirgan holda shamol va oqim kuchiga bo`ysunib, uzoq safarga yo`l oladi. Yo`lda asta- sekin eriydi va shu tufayli u ba’zan to`ntariladi. Uzunligi bir- ikki kilometr, kengligi yarim kilometrli mayda va uzunligi bir necha o`n kilometr, balandligi esa yuz metrdan oshadigan aysberglardir. ( 90 ta so`z, “U kim, bu nima” bolalar ensiklopediyasidan).

                   

Buyuk ipak yo`li

                   

Buyuk ipak yo`li qadim zamonlardayoq Osiyo qit’asini ko`ndalangiga kesib o`tib, ulkan Sharqni G`arb mamlakatlari bilan bog`lagan. Natijada qit’alararo bu karvon yo`li bo`ylab yashagan xalqlarning o`zaro muloqot va tijoratlari kengayib, iqtisodiy va madaniy hayoti yuksaladi. Bu savdo yo`li uzra yangi-yangi sharahlar paydo bo`ldi, shaharlarda esa hunarmandchilik unib-o`sdi. Ilk o`rta asrlarda xalqaro savdo-sotiqni olib boruvchi va uni boshqaruvchi savdogarlar ahli shuhrat topdi.

                   

Afsuski, qadimda turli mamlakatlarni bog`lagan ko`hna savdo yo`lida bino qilingan imorat va inshootlarning ko`pi asrlar davomida vayron bo`lib, bizgacha ulardan yassi tepalar shaklidagi arxeologik yodgorliklargina yetib kelgan. ( 90 ta so`z).   

                                                

Muallim siymosi

                   

Muallim- ustoz siymosini ko`z oldimizda yorqin jonlantiruvchi faqat maqollargina bo`lib qolmay, minglab she’rlar, qo`shiqlar, dostonlaru hikoya va romanlar ham ularning fidoyiligini, olijanob mehnatini madh etadi. Aslida bular ham kamlik qiladi. Negaki, boshqa hamma kasblar biron-bir narsani yaratadi, sayqal beradi, bir holatdan ikkinchi holatga o`tkazib, go`zallik kashf etadi, xullas, turmushimiz uchun yaroqli narsani muhayyo qiladi. Muallimning vazifasi boshqacharoq: u inson yaratadi! Muallim dunyoni o`z aqli, mehnati bilan harakatga keltiruvchi insonni tarbiyalab, voyaga yetkazadi. Yana shuni ham ochiq aytaylik: o`qituvchining ishi eng toza, eng savobli ish hisoblanadi. ( 86 ta so`z).

                   

Ona qirg`ovul

                   

Sirdaryo qirg`oqlaridagi kengliklarda qirg`ovul ko`p. Faqat qirg`ovul emas, yovvoyi o`rdaklar, loyhuraklar, turnalar, to`rg`aylar va turli- tuman boshqa qushlar ham ko`p uchraydi. Ular bu yerda yashaydilar, bola qo`yadilar, dalalar ustidan qanot qoqib uchadilar. Bahorda Nilu muborakdan uchgan qaldirg`ochlar, kuzda shimoldan kelayotgan g`ozu turnalar ham bizning Sirdaryomiz bo`yida qo`nib, hordiq chiqarib yana uzoq uchadilar.

                   

Saraton quyoshi yerlarni yondirgudek bo`lib qizdirardi. Qoraqumda havo shunday isib ketardiki, hatto nafas olish ham qiyinlashardi. Bunday paytlarda faqat odam emas, jonivorlar, parrandalar ham o`zlarini soyaga olib, halloslab, kechki salqin tushishini kutib yotardilar. ( 85 ta so`z).

                   
                   

Salomatlikni asrash

                   

Odam bolasining eng zo`r boyligi o`zining tani- jonining salomat bo`lmog`idir. Odam bolasi ushbu zo`r boylikning qadrini ko`p vaqt bilmay o`tkazadir. Tani salomat bo`lmagan odam butun dunyoga hokim bo`lsa-da , ko`ziga ko`rinmas, ozgina ham rohat ko`rmas. Eng ko`p kasalliklar nimadan kelib chiqishi ma’lumdir. Shularni bilib, o`zini ehtiyot qiluvchilar ko`p vaqt salomat kun o`tkazadilar. Shuning uchun kasalliklarga sabab bo`la turgan narsalardan saqlanmoq lozim.

                   

Tan qizigan holda sovuq suv ichish, terlagan holda sovuq havoga chiqish, ko`mir isi bor yerda o`tirish yog`li narsalar va go`shtni ko`p yeyish , zararli ichimliklarni iste’mol qilish kasallik keltiruvchi omillar ekanligi ma’lum. ( 91 ta so`z, Rizouddin ibn Faxruddin).

                                   

    


5-9-sinf o`quvchilari uchun Davlat ta’lim standartlarida diktant yozishlari uchun quyidagicha talablar belgilangan:

                   

-V-sinflar uchun 50-55 ta so`zli matn asosida diktant;
-VI-sinflar uchun 60-65 ta so`zli matn asosida diktant;
-VII-sinflar uchun 60-70 ta so`zli matn asosida diktant;
-VIII-sinlar uchun 70-80 ta so`zli matn asosida diktant;
IX-sinflar uchun 80-90 ta so`zli matn asosida diktant yozishlari zaruriy qilib belgilab qo`yilgan.

                                      

Ushbu “Diktantlar to’plami” metodik qo’llanmani umumta’lim maktablarining ta’lim boshqa tillarda olib boriladigan o`zbek tili fani o’qituvchilariga mo`ljallangan bo`lib, ular o`z ish faoliyatida o’quvchilardan diktant ishi olish uchun metodik yordam sifatida tavsiya qilishni lozim topdik.                                             

Qoraqalpog`iston Respublikasi xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti

Reklama
Reklama