Kategoriya: Hikoyalar

Bolakayning sabog'i


Bir chol o‘g‘linikiga ko‘chib keldi. O‘g‘li uylangan, to‘rt yashar farzandi ham bor edi. 

Cholning yoshi bir joyga borib qolgan, qo‘llari qaltirar, ko‘zlari xira ko‘rar, oyoqlarini zo‘rg‘a sudrab yurardi. 

Oila dasturxon atrofiga to‘plangan paytlari qariyaning ahvoli yanada yomonlashardi. Qoshig‘idan to‘kilgan ovqatlar polgacha tushar, piyolasidagi shirchoy dasturxonni dog‘larga to‘ldirib borardi. Buni ko‘rib xunobi oshgan o‘g‘il va kelin o‘zaro maslahatlashishdi: 

– Nimadir qilmasak bo‘lmaydi, – dedi o‘g‘il. 

– Chapillatib ovqat yeyishi, sut to‘kishi, ovqatlarni har tomonga sochib yuborishi jonimga tegdi. 

Er-xotin xona burchagiga bitta kichik xontaxta qo‘yishga qaror qildi. 

Qariya shu yerda bir o‘zi ovqatlana boshladi. Ikki marta kosa sindirganidan keyin, tunuka tarelkada ovqat suzib beradigan bo‘lishdi. 


Bir kuni bexosdan o‘g‘ilning ko‘zi otasiga tushib qoldi: bechora qariyaning ko‘zlarida milt-milt yosh aylanar, xontaxtaning chetiga tikilganicha tishsiz milklarida ovqatni u yoqdan bu yoqqa olib o‘tirardi. O‘g‘ilning yuragida kimdir bosh ko‘tarib, mana shu majolsiz chol sening otang-ku, uni bir chetga surib qo‘ygani uyalmaysanmi, deganday bo‘ldi. Biroq u bu hayqiriqqa e'tibor bermadi. Faqat cholni kamroq tergaydigan bo‘ldi. 


To‘rt yoshli nevara yon-atrofida bo‘layotgan voqealarni jimgina kuzatardi. 


Bir kuni ishdan qaytgan ota bolasi o‘yinchoqlarini yoyib olib o‘ynayotganini ko‘rdi. U bolg‘achasi bilan yog‘och kosachasini urar, kosacha zarb ta'sirida u yoq-bu yoqqa yumalab ketardi. 


– Nima qilyapsan, o‘g‘lim? – deb so‘radi ota mehr bilan. 

– Ayam bilan sizga tarelka yasayapman. 

Katta bo‘lsam, sizlarga ovqat solib beraman, – dedi bolakay g‘urur bilan. 

So‘ng bir jilmayib qo‘ydi-da, yana o‘z ishiga kirishdi. 


Uning gaplari ota-onasini qattiq hayajonga tushirdi, ikkovlari ham mum tishlagan, nima deyishni bilishmasdi. Ularning ko‘zlaridan qaynoq-qaynoq yoshlar tomdi. Garchi biror og‘iz so‘z aytishmagan bo‘lsa-da, nima qilish kerakligini yaxshi anglab turishardi. 


Kechki ovqat payti o‘g‘il qariya otasining qo‘lidan ushlab, dasturxon boshiga olib keldi. Yaxshi so‘zlar aytib, ko‘nglini oldi, uxlash payti o‘ringa ham o‘zi yetaklab borib yotqizib qo‘ydi. 


Endi qariyaning qo‘lidan qoshiq tushib ketsa yoki sut choyi to‘kilsa, o‘g‘il ham, kelin ham asabiylashmasdi. Kelin tushib ketgan qoshiqni yangisiga alishtirib berar, o‘g‘il esa ko‘pincha otasini o‘zi ovqatlantirib qo‘yardi..!

Reklama
Reklama