Kategoriya: Maqolalar
Domullocha. Hikoya
- O‘zi senlar o‘qituvchi nomiga noloyiqsanlar ! Ichlaring “irib-chirib” qorayib ketgan ! O‘g‘limga xasad qilyapsan ! Xasad qilganing uchun xam uni ishga kirishiga yordam bermayapsan ! –yozsam qog‘oz erib ketadigan bu gaplarini so‘kinishlar bilan bezab aytadigan qo‘shnim meni o‘zini birinchi raqamli dushmani deb e'lon qildi. Bunga sabab esa maktabni 9 sinfini zo‘rg‘a tugatib, bir amallab kollej diplomini to‘g‘irlatib olgan va cho‘ponlik qilib yurgan o‘g‘li 10-15 ta qo‘yini sotib qo‘shni Respublikaga borib “Fizika” fani bo‘yicha o‘qituvchilikka “kirib” kelgani bo‘ldi. Qo‘shni respublikaning universitetlariga kontragini to‘lasang bo‘ldi ekan. “Sirtqi o‘qimoqda” degan bir parcha qog‘oz berib yuborishadi. Qarabsizki topshirgan yo‘nalishi bo‘yicha 10 kun xam o‘qimagan talaba bir parcha qog‘oz bilan maktab eshigini taqillatadi. “Xa nega kelding ?” deb so‘rasang “Ishga kiraman ! Mana sirtqi o‘qiyapman ! Ma'lumotim oliy ! ” deb turaverishadi. “ Dars berish uchun avval bir-ikki yil o‘qish kerak! ” deb aytsangiz, otasidan bugungidek bir dunyo so‘kish eshitib, ko‘rolmaslikka ayblanasiz.
Onam menga “ O‘g‘lim, bir devor qo‘shnimiz, qo‘shni bilan yaxshi-yomon bo‘lib qolmaylik. Qo‘lingdan kelsa ozroq yordam qil.” – deb aytgan gaplariga yo‘q deya olmay, qo‘shnimning uyiga o‘tib kechirim so‘radimda :
- Ishga kirishiga yordam qilolmayman, uzr ! Ammo ishga kirsa dars o‘tishiga yordam beraman, - dedim. Shu gapimdan keyin qo‘shnimning chexrasi ozroq “yorishdi”. Shaharga raqobat kuchli bo‘lishi mumkin, ammo biz yashaydigan qishloq joylarga kadr yetishmovchiligi, buning ustiga ayrimlarni porani juda-juda sevishligi sababli, qo‘shnimning o‘g‘li maktabga ishga joylashdi. Ishga kirgan kundan boshlab menga bergan va'damni eslatar ekan “ Tushunmagan joyimga telegramingizga savol yozaman javob berasizda ! ” dedi zardali ohangda !
1- kun. Dars o‘tayotgan vaqtim telegramga sms keldi. Ochib qarasam qo‘shnining o‘g‘li yangi “Domullocha” dan savol :
- Fizika degani nima degani ?
Mendan javob :
- Tabiat xaqidagi umumiy fan !
“Domullocha” dan savol :
- Tabiat nima? – uning shu savolidan keyin bilim darajasini tushunib yetdim va unga ilmiy til bilan tushuntirish foydasizligini bilib, o‘zi tushunadigan “qo‘y” tilida tushuntirishga xarakat qildim. Axir sobiq cho‘pon qo‘ylarni tilini yaxshi biladida.
Mendan javob :
- Tabiat bu – qo‘y boqib yurgan dalang !
7- kun.
“Domullocha” dan savol :
- Nyuton degani bor ekan, shuni birinchi qonuni qanday ?
Mendan javob :
- O‘zingdan misol qil. Masalan xozir sen xech narsani bilmaysan. Kallang “0” ! Agar teparoqdan kimdir "attestasiya” baxonasida kelib seni “itarib” ketmasa, sen o‘zingni tinch yoki to‘g‘ri chiziqli xarakatingni davom ettirasan !
11-kun.
“Domullocha” dan savol :
- Elektr kabellarida qisqa tutashuv nima sababdan kelib chiqadi ?
Mendan javob :
- Biz kiyim kiyib yuramizku, o‘shanday elektr kabellarini xam kiyimi bo‘ladi. Elektr kabellarini tokka ulasang, bittasi “manfiy” ya'ni ayol, ikkinchisi “musbat” ya'ni erkak bo‘lib qoladi. Endi tasavvur qil erkak va ayol kishi kiyimsiz yursa nima bo‘ladi ? Ana shu narsa qisqa tutashuv deyiladi ! Shuning uchun kabellarni “yalang‘och” xolatda bir-biriga yaqinlashtirib bo‘lmaydi !
5-oy.
“Domullocha” dan savol :
- “Predoxranitel'” nima vazifani bajaradi ?
Mendan javob :
- Tasavvur qil sen xokimsan ! Senga shunchalik ko‘p ish yuklatilyapdiki, bu ketishda uzoqqa borishga ko‘zing yetmayapdi. Shunday vaqtda sening joningga o‘rinbosaring ya'ni “Predoxranitel'” ing yordamga keladi. U o‘ziga xamma yuklamani olib, sen tomonga faqat foydali narsalarni o‘tkazadi. Agar “yuqori kuchlanishlar” kelib qolsa xam faqat “Predoxranitel'” ni “paqillatib” ketishadi.
Bir yil shu tartibda unga “shpargalka” vazifasini o‘tab berdim. Bir yildan keyin meni aytgan qoidalarimni ancha o‘zlashtirib olgan shekilli nazar-pisand qilmay, to‘rt-besh bolani yig‘ib “Fizika” dan repititorlik qila boshladi. Tuman markazida tashkillashtirilgan fan olimpiadasiga uning o‘quvchilari bilan birga borishga to‘g‘ri kelib qoldi. Olimpiadaga “Qisqa tutashuv xaqida gapirib bering” degan savol tushdi. “Domullocha” :
- Qarab turing ! Xozir mani o‘quvchim “yorib” tashlaydi , - deb tirjayib o‘tirardi. Shu payt o‘quvchi savolga javob bera boshladi :
- Qisqa tutashuv bu - Biz kiyim kiyib yuramizku shu kiyimimizni agar yechib tashlasak.....
Sharmandali vaziyat yuzaga kelishini sezgan xolda asta zaldan chiqib ketdim. Men unga nima deb tushuntirgan bo‘lsam xech narsani o‘zgartirmay bolalarga xam xuddi shunday gapirib bergandi.
Abdulla Omon
KO'P KO'RILGAN
9-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022
5-sinf yangi elektron darsliklar
19 sen, 2022
7-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022