Kategoriya: Hikoyalar

Dunyoda onaning o'gayi bo'lmas ekan


Dunyoda onaning o'gayi bo'lmas ekan. Opalarning ham…

— Men bugun turmushga chiqish arafasidaman. Onam olamdan o'tganida men atigi yetti yoshda edim. Esimni tanigan bo'lsam-da, onamni rosa izlardim, sog'inardim. Shundanmi, endi ona mehriga zor bo'laman, hamma yetim qolgan bolalar singari o'gay ona qo'lida o'samanmi, deb o'ylagandim. Ammo… 

To'g'ri, o'gay ona qo'lida o'sdim, biroq o'gay deganim menga o'gaylik qilmadi. «Zumrad va Qimmat» ertagi xayolingizga kelmasin, aslo… Men bu ertakni eshitganda ancha og'ir ruhiy iztiroblarni boshdan kechirganman. Qo'rquv va tahlika og'ushida kunlarni tunlarga ulaganman. Esimda, o'shanda o'gay onamning hovliga kirib kelish onlarini dahshat bilan kutganman. Darvoza ortida mashina ovozi tinib, eshikning qars-qurs ochilib-yopilishi qulog'imga chalinishi bilan yelday uchib, somonxonaga berkinganman, qo'rquvdan yaproqday titrab, eshik tirqishidan darvozaga ko'z tikkanman. Ana, hozir o'gay onam og'zidan o't purkab kirib keladi, deb o'ylaganman. Aslida, ko'nglimga o'gay ona qo'rquvini Farog'at xolam solgan. Xolam o'sha kunlarda kelishi kutilayotgan o'gay ona haqidagi gap-so'zlar bilan ongimni to'ldirardi. «Eshitdim! O'sha topgan megajini o'zi bilan bir idorada ishlarkan. Eri haydagan bir iflos ekan. Tag'in sendan kattaroq bir qiziyam bormish u yashamagurning! Endi biring Qimmat, biring Zumrad bo'lib yurasizlar! Yo'-o'q, sen yetimchaga kun bermaydi ular. Qizi dodingni beradi. Ana shuni aytadi-da, otasiz yetim — gul yetim, onasiz yetim — sho'r yetim deb! Sen manglayi qora, sho'r yetimsan!» derdi u tinimsiz. Men boshimga tushishi mumkin bo'lgan barcha azobu uqubatlardan titrab-qaqshab, pinhona yig'lab, zimdan aziyat chekardim. Keyin zora otam u ayolni uyga olib kelish fikridan voz kechsa, degan umidda uy yumushlarini qo'limdan kelgancha bekamu ko'st ado etishga tirishardim. Uydagi saranjom-sarishtalikni ko'rib, otam alqardi, erkalardi, ammo fikridan qaytmasdi. «Qo'rqma, qizim, u oddiy ayollardan emas, farishtaning naq o'zi! Xudo xohlasa, senga o'z onangday yaqin bo'lib ketadi!» Otamning gaplarini eshitib, xayolim farishtaga ketadi. Xolam esa o'choq boshidan turib, otamga baqirardi: 

— Farishta?! Voy, ordona qolsin, hali u kishim farishta bo'p qoptimi? Yo'q, siz ko'rsiz, yaxshi-yomonni bir-biridan ajratolmaysiz, farishta bilan jodugarning sira farqiga bormaysiz! Ha-a, ersiz ayollarning bo'lari shu, erga tegib olguncha bari o'zini farishtaday tutib, so'ng ko'rsatadi hunarini… Esiz, singilginam-a! 

Xolam shu gaplardan keyin bir yig'lab olardi. Otam esa jahlini bosib, indamay qo'ya qolardi. Xolam kundalik yumushga unnab, kechgacha tumshayib yuradi. Alamini tovuqlardan olib, ularni eldan burun katakka qamaydi. Tizzasiga suykalgan mushukni jerkiydi. Men undan qo'rqqanimdan og'iz ochmay o'tiraman. 

Otam o'gay onamni ertaga uyga olib kelishini aytdi. Men tuni bilan aloq-chaloq tushlar ko'rib chiqdim. Tongdan esa o'gay ona tashrifini kuta boshladim. Peshinga yaqin darvoza ochilib, qo'g'irchoq tutgan, mendan kattaroq bir qiz tortinibgina hovliga qadam qo'ydi. Uning izidan esa zamonaviy kiyingan xushro'y ayol paydo bo'ldi. Men bir necha kundan beri tahlika og'ushida kutayotgan o'gay onam o'sha ekanini darrov angladim. Otam meni chaqirdi. Men «mehmonlar»ga ko'rinishni xohlamay, imi-jimida xolamnikiga juftakni rostlab qolmoqchi bo'ldim. Biroq bu rejam amalga oshmadi — chiqib ketayotib, vaqt-bevaqt tansiq taomlar bilan bizni siylab turadigan, gohida og'ir kirlarimizni yuvishga qarashadigan qo'shni ayolga to'qnash keldim. U niyatimni fahmlab, shartta bilagimdan tutdi-da, izimga qaytardi va hovli to'ridagi o'gay onamga ro'baro' qildi. U: «Voy, mening bolajonim!» degancha samimiy jilmayib, meni bag'riga bosdi. 

O'shanda onamdan keyin chinakam mehr taftini his etdim. Ammo shunga qaramay, o'zimcha osonlikcha bo'y bergim kelmasdi, o'gay onamning qaynoq og'ushida go'yo qoqqan qoziqday qotib turaverdim. Menga bir chekkada xokisor jilmayib turgan opamning chehrasiga ko'zim tushgachgina, qo'rquvimdan asar ham qolmadi, so'ng beixtiyor ayolni mahkam quchdim. O'gay opam esa bag'ridagi qo'g'irchoqni menga uzatdi.


To'g'ridan-to'g'ri emas, xuddi bergan sovg'asi keskin tarzda rad etilishi mumkindek, andak hayiqib, cho'g'dek qizarib uzatdi. Men ham mehmonga nimadir sovg'a qilishni istadim. Shunda esimga o'zim yaxshi ko'radigan yumshoq ayiqcham tushdi. Otam uni tug'ilgan kunimda sovg'a qilgandi. Biroq ayiqchani joyidan topolmadim. Birdan xolamnikiga ketish uchun tayyorlab qo'yilgan tugunchamni esladim. Xolam «Mana uy, mana joy, agar biror gap bo'lsa, to'g'ri bag'rimga qayt, to'rtta bolam siqqan yerga sen ham sig'asan», degan gapiga amal qilgandim. Tugunchamni ochishi bilan kiyimlarim ustida turgan onamning surati pastga sirg'alib tushdi. Otamning qistovi bilan iymanibgina ostona hatlagan o'gay onam: «Onajoningmi bu?» deb so'radi. Men xavotir ichra bosh silkidim. «Suratni tugunga bekitish kerak emas, jon qizim, uni chiroyli qilib, devorga osib qo'yish kerak. Xo'sh, qaerga osamiz buni?» dedi va taklifni kutib o'tirmay, suratni uyning peshtoqiga ilib qo'ydi. Men bunday ehtiromni kutmagandim. U surat osiladigan joyga imo qildi-da, ildam borib o'rindiqni olib keldi. Birozdan keyin tugunchadan ayiqchamni olib, opamga sovg'a qildim. O'shandan buyon biz ahil-inoq yashadik. 

Bugun o'gay onam meni o'z jiyanlaridan biriga uzatyapti. Men mehr ko'rib ulg'ayganim, yaxshi oilaga kelin bo'layotganim uchun onam o'rniga kelgan onamdan minnatdorman. Onamni aslo o'gay deb atagani tilim bormaydi. Dunyoda onaning o'gayi bo'lmas ekan. Opalarning ham… O'tgan yili qo'shni viloyatga uzatilgan opamni ko'p sog'inaman. Bugun u ham yonimda! Shunday kunlarda ularning mehribonchiligidan odamlarni xabardor qilmasam bo'lmasdi. Siz ham yaxshilikka ishoning. Chunki ezgulikka ishonganlarni Xudo saodatga eltar ekan. Dunyodagi hamma yetim bolalarga mening onamday mehribon ona nasib etishini istayman!

Reklama
Reklama