Kategoriya: Hikoyalar
Eski uy
1.
− Ko‘pga kelgan to‘y, chidang, Shodmonqul, chidang, − nasihat qildi mulla Safar bobo. – Usta boboning kelini ham bandalik qilibdi. Ertaga chiqaramiz. Oy-kuni yaqin ekan bechoraning.
− Do‘ngsoydagi Shermat temirchining fotihali qizi o‘tib qolibdi, Xudoning amri ekan-da, nima qilamiz, Shodmonqul? − gapga aralashdi Islom bobo.
− Darg‘omning suvidan chiqqan emish, − dedi Eshonqul oqsoqol.
– Darg‘om boshga balo bo‘ldi. − Bu unchalik to‘g‘ri emas, − dedi Soli duxtur. – To‘g‘ri, Darg‘omning suvini ichmaslik kerak, ifloslanib ketdi. Ammo bu kasalni Afg‘onga borgan bolalar olib keldi. Shungacha bunaqa kasal yo‘q edi.
− O‘zi oti nima ekan shu kasalning? – so‘radi Xolmat bobo.
− Tepadan yashirishayapti, − dedi Soli duxtur. – Sariq kasal deb qayd qildirishayapti, ammo bu sariq emas, bu tif.
Ammo bizdan tif chiqdi, deyilsa, butun dunyoda vahima bo‘lib ketadi. Kasal bo‘lgan odam o‘layapti. Bu aniq tif, eskichasiga ichterlatma.
− O‘v, birodarlar, mening Shohistadan boshqa odamim yo‘q edi-da! – ko‘kragiga mushtladi Shodmonqul aka. – Endi kimim qoldi?
2.
***
O‘zi sigir sog‘ib, o‘zi kuvi pishdi, Shodmonqul aka.O‘zi xamir qorib, o‘zi non yopdi, Shodmonqul aka.O‘zi ovqat qilib, o‘zi idish-tovoq yuvdi, Shodmonqul aka.
Ammo qaytib, O‘rinboyni inson bolasiga turtkilatmadi.
O‘rinboyni shaharda o‘qitdi.
− Ichterlatmani davolaydigan duxtur bo‘lasan, − dedi O‘rinboyiga.
Duxtur bo‘ldi, O‘rinboyi.
3.
Ko‘nglini yordi, O‘rinboyi:
− Birga o‘qigan shaharlik qiz ko‘p yaxshi-da, ota.
− Unda uyimizni shaharlik kulmaydigan qilaylik, bolam, − dedi Shodmonqul ota.
– Bu uylar ko‘p eskirdi. Yangi bir uy qilaylik, sharoitlari shaharlik kelinni urintirmaydigan bo‘lsin.
Keyin kelinni olib kelsang, yarashadi, o‘g‘lim.
− Siz nima desangiz shu, ota.
Jalasoyning asl ustalari usta Marsel' boshchiligida ikki yil ishladi.
Bir uy bo‘ldi, shaharlik orzulaydigan.
Bir uy bo‘ldi, qishloqlik xayollaydigan.
Bir uy bo‘ldi, oshxonasi ichida, hammomi ichida, hojati ichida.
Bir uy bo‘ldi, er-xotinga alohida xonasi.
Bir uy bo‘ldi, tug‘ilmagan o‘g‘illarga alohida, qizlarga alohida xonasi.
Bir uy bo‘ldi, Shodmonqul otaning yotog‘i-yu, tahoratxonasi alohida.
4.
Ana shu uyga shahardan kelin keldi.
Bir kelin keldi, oydan-da go‘zal, kundan-da go‘zal.
Bir kelin keldi, ko‘rgan yana bir ko‘rsam, deydi.
Bir kelin keldi, Shodmonqul otaga qovoq ochmaydi.Bir kelin keldi, Shodmonqul otaning gapiga quloq osmaydi.
Bir kelin keldi, uyda Shodmonqul ota bormi, demaydi.
Bir kelin keldi, Shodmonqul ota borida ovqat yemaydi.
5.
Avval o‘g‘il ko‘rdi, O‘rinboy.
Keyin qiz ko‘rdi, O‘rinboy.
Qizni Shodmonqul otaning qo‘liga tutqizmaydi, Nozik kelin.
O‘g‘ilni Shodmonqul otaning bo‘lmasiga yo‘latmaydi, Nozik kelin.
Eriga qattiq-qattiq gapirganini eshitib qoldi, Shodmonqul ota.
− Otangiz biz bilan birga turmasin! – der edi, Nozik kelin.
− Bolalarning tarbiyasini buzmasin, – der edi, Nozik kelin.
− Kecha ko‘rmay qolibman, o‘g‘limizga ertak aytibdi, ertagini qarang, “Zumrad va Qimmat” emish. Meni yomon ko‘radi, otangiz. Meni Qimmat degan-da.
− Shu uyda yo otangiz tursin yo men turay, – der edi, Nozik kelin.
– Biz shaharga ketamiz.
6.
− Usta Marsel', sizga bir yumush chiqib qoldi, − dedi Shodmonqul ota.
− Shodmonqul ota, buyuring, siz uchun har ne yumush bo‘lsa, bajaraman, − bo‘ldi javobi usta Marselning.
− Shu, hovlining etagidagi eski uyni sal epaqaga keltirib, ichidagi bitta xonasini tahoratga mo‘ljallab, ta'mirlab bersangiz, degandim.
− Ana, aytganim bo‘ldimi, Shodmonqul ota? − dedi usta Marsel'.
– Siz esa, yangi uy bitganida uni buzib tashlamoqchi edingiz.
“Bir kuni kerak bo‘lib qoladi, buzmang”, degandim-a?
− Yaxshiyam sizning gapingiz bilan buzmagan ekanman. Juda tez kerak bo‘lib qoldi, usta Marsel', juda tez kerak bo‘lib qoldi.
− Xafa bo‘lmang, Shodmonqul ota, xafa bo‘lmang, kelin shahardan deganingizda bilganman, bu uy kerak bo‘lishini.
Usta Marsel' bolalari bilan kelib, eski uyni Shodmonqul ota aytganidek qilib berishdi.
7.
Shodmonqul ota bir bo‘g‘chani ko‘tarib, eski uyga ko‘chib o‘tdi.
− Unday qilmang, ota, − dedi O‘rinboy. – Meni sharmanda qilmang!
− Qayg‘urma, O‘rinboy, ish sen o‘ylagandek emas, − dedi Shodmonqul ota. – Yangi uyga ko‘chganimizdan beri enang tushimga kiradi. “Meni yolg‘izlatib qo‘ydingiz”, deydi. Enangning ruhi chirqillamasin, bolam. Shunga ko‘chdim.
− El nima deydi, ota?
− Elning gapiga parvo qilma, xotiningning gapiga quloq sol, bolam. Men eski uydayam yashayveraman, xotining ikki bolasi bilan ketib qolsa, ana shunda sharmanda bo‘lasan, bolam. Sening tinch yashashingni ko‘rishning o‘zi menga baxt, o‘g‘lim. Bor, xotiningdan baloga qolma, bolam!
Tamom.
Karimberdi Turamurod
KO'P KO'RILGAN
3-sinf yangi elektron darsliklar
17 sen, 2022
7-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022
9-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022