Kategoriya: Hikoyalar
Haqiqiy vafo
2010 yil 18 may kuni xizmat bilan bir xonadonga bordim. Marosim tugagach chamasi to‘qson yoshli bir onaxon menga:
– Qizim ko‘pni duosi ijobat deyishadi, menga duo olib bergin, – dedilar.
– Sizga nima deb duo qilaylik deb, – so‘radim.
Onaxon ko‘zlariga yosh olib:
– Cholim urushdan eson-omon kelsinlar, shuni so‘rab bergin, bolam, – dedilar.
– Qaysi urushni aytyapsiz, 1941 yildagi urushmi?
– Ha, xuddi o‘sha urushga ketganlar.
– Haliyam kutyapsizmi, axir 70 yildan oshdi, – desam, onaxon:
– Nega kutmay, birov o‘lganini ko‘rmagan bo‘lsa, qora xat kelmagan bo‘lsa, nikohim bor kutyapman, – dedilar.
Bu mo'tabar onaxonning to‘yi 1941 yil 30 iyun kuni bo‘lgan ekan. To‘yning ertasiga kuyov va uning besh nafar ukalarini urushga olib ketishgan. Yosh kelinchak qaynona va qaynotasining xizmatini qilib, halol mehnat bilan kun o‘tkazib kelgan. Besh yildan so‘ng erining ukalari urushdan qaytib kelishadi, lekin uning turmush o‘rtog‘idan darak yo‘q. Undan hech qanday xat-xabar kelmaydi. Umid bilan kutib yillar suvdek oqib o‘tib ketdi. Aka-ukalar uylandilar, farzandli bo‘ldilar. Ular o‘zaro kelishib, yillar davomida kelinlik xizmatini sidqidildan ado etgan yangalariga bittadan farzandlarini berishga qaror qildilar. Sabr-bardoshi tog‘dek ayol xizmatlariga yarasha mukofotini oldi. Uch qiz, ikki o‘g‘illik bo‘ldi. Bolalarni uch kunligidan katta qildi, mana vaqt-soat o‘tib ularning kenjasi ham ellikka kiribdi.
– Ha bolam duo olgan omondir, – deb davom ettirdilar onaxon.
– Ikki o‘g‘limga qanday qilib uy-joy qilaman derdim, buni qarangki ikki yonimdagi qo‘shnilarim, – onajon, biz ishdaligimizda bolalarimizni katta qilib berdingiz, yedirib-ichirib yaxshi tarbiyaladingiz. Biz ko‘nglimiz xotirjam ishlab yuraverdik. Ishlarimiz yurishib boshqa joydan uy-joy qilib ketyapmiz, bu hovli bizdan sizga hadya bo‘lsin, – deyishdi. Ko‘zimga yosh olib Alloh taologa shukrona aytdim. Mana hozir 15 ta nabiram, 30 ta evaram, 10 ta chevaram bor. Mendan baxtli ayol yo‘q. Onaxonning bu hikoyasini eshitib hayratda qoldim. Bu haqida kelinidan so‘radim.
Kelin: “Buvamiz vafot etganlar. Mustaqillik maydonidagi temir daftarda ismlari bor. Lekin bu xaqda buvijonimizga aytolmayapmiz, buni eshitib o‘lib qolsalarchi. Ovqat olib o‘tiradilar, eshikni qulflatmaydilar, kelib qolsa ocholmaydilar, deb. Ko‘cha eshikni o‘zlari yarim tunda qulflab kirib, namoz o‘qiydilar”, dedi. Bu onaxonning vafosiga, sabr-bardoshiga, matonatiga tog‘lar ham dosh berolmasa kerak
KO'P KO'RILGAN
3-sinf yangi elektron darsliklar
17 sen, 2022
7-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022
9-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022