Kategoriya: Hikoyalar

Hasad


Yangi kelinligimda oyijon rahmatli bilan ko‘p bora bozorga aylangani chiqardik.

Birinchi safar Dubay qator degan tomonlarda bir qizil rangli chiroyli ko‘ylakni ushlab uzoq turib qoldilar. Ko‘ylakni o‘zlariga ko‘ryaptilarmi desam,  rangi to‘q qizil! Hayron bo‘lib so‘radim. Ovsinimga ko‘rayotgan ekanlar. "Juda chiroyli ko‘ylak ekan olaylikmi, oyijon!" dedim.  Narhini so‘radik, toza mahsulot ekanligiga bahosi balandlik qildi.  Qo‘limizdagi pul shu ko‘ylakkagina yetardi. Kamina "olaylik keling" deb tursam, oyijon bosh chayqab, chit bozor tomonga qarab yurdilar. 

Chit bozoridagi arzon trikotaj ko‘ylakni ushlab turishlarini ko‘rib, hayron bo‘ldim. "Oyijon bu mato cho‘zilib ketadi, yuring haligi ko‘ylakni olamiz, sifatli yaxshi, ko‘rimli narsa edi!" dedim. 

Yuzimga sinchkov tikilib qoldilar.

Keyingi bozor ular men bilan emas, boshqa birov bilan chiqib ketdilar.

Undan keyingisida yana kamina bilan xuddi o‘shandagi kabi voqea takrorlandi.

Oradan ma'lum bir payt o‘tib, o‘shanda oyijon meni sinab ko‘rganliklarini aytdilar. 

"Bunda xasad yo‘q ekan, birovga tilasa eng yaxshisini tilar ekan!" dedilar hammaga eshittirib...

Na qobiliyatlarimdan,  na qo‘limdan ko‘p ish kelishidan,  na yaxshi bir oilaning bekasi ekanligimdan, na sabrimdan va na erishgan yutuqlarimdan bu so‘zdan quvonganimchalik quvonolmayman... 

Alloh taolo menga qalb kasalini bermadi! 

Har oqshom boshimni yostiqqa qo‘yganimda shu sababli hotirjam uyquga ketaman. 

Har tong boshimni yostiqdan ko‘targanimda o‘zim bilan o‘zimni ovvora qilib qo‘ygan Allohga hamd aytaman! 

Hasadgo‘ylikni bilmaganim uchun Alhamdulillah! 

Dunyodagi eng xunuk yuz - o‘zi dushman deb bilgan odamining biri-ikki bo‘lganini eshitib, labi oqarib,  yuzi qoramtir tusga kirgan yuzdir! 

Bir kun yuzimizdagi ajinlar ham bizni oqlab yoki qoralab guvohlikka o‘tadigan kun qadarimizda bor! 

Din g‘amida, el g‘amida oqargan soch bilan hasad, ig‘vo, ko‘rolmaslik dardida kumush tortgan sochlar ham guvohlikka o‘tadi ana o‘sha kunda!

Bu dunyoda sizni qaynonangiz,  qo‘shningiz,  dugonangiz yoki yetti yot sinab-sinashta etsa bu oddiy hol.  Ishonavering! 

Sizni ba'zi bir joylarda Alloh ham sinaydi,  dushmaningizga ham yaxshi narsani ilinavering!  U ham sizni yaratgan Zotning bandasi-da! 

Boshiga ish tushganda go‘shtini cho‘qish uchun birinchi bo‘lib uchib borgan quzg‘un-Siz bo‘lmang...

Ana o‘shanda Hazrati Inson maqomini topgan bo‘lasiz! 

Ummu Zaynab Ummu

Reklama
Reklama