Kategoriya: Hikoyalar
Hayot falsafasi
Bir odam yo‘lda ketarkan, dehqonga duch kelibdi va salom beribdi:
- Assalomu alaykum!
- Vaalaykum assalom! Yo‘l bo‘lsin, birodar?
- Sigirimga yem olmoqchiman, shu tarafda bir baqqol bor ekan, shuning do‘koniga ketyapman.
- Shunaqami... unday bo‘lsa, ehtiyot bo‘l, aldanib qolma!
- Meni hech kim alday olmaydi!
- Men aytdim-qo‘ydim-da...
U odam baqqolning do‘koniga yetib kelibdi. Salom-alikdan so‘ng, yemning narxini so‘rabdi. «Falon narx», - debdi baqqol.
- Yaxshi, menga o‘n kilo bersangiz.
Baqqol o‘tirgan joyidan qo‘zg‘almabdi. Qo‘li bilan do‘konning orqa tomoniga erinibgina ishora qilib:
-O‘sha yoqqa o‘tib, yemdan keragini olgin-da, menga pulini to‘lab ketaver. Yem to‘kib qo‘yilgan joyda tarozi ham bor, - debdi.
Xaridor ko‘rsatilgan tarafga o‘tib, xaltasini taroziga qo‘yib, yem sola boshlabdi, o‘n kilo bo‘lgandan keyin qarasa, atrofda hech kim yo‘q, baqqol o‘tirgan joydan bu taraf ko‘rinmaydi ham. Odam xaltasiga to‘rt-besh kilo ortiqcha yem solibdi va baqqolga o‘n kilo yem uchun pul to‘lab, uni aldabdi. Chiqib, o‘z yo‘liga ketibdi. Yo‘lda yana boyagi dehqonni uchratibdi.
- Yem oldingmi? – so‘rabdi dehqon.
- Ha oldim. Siz aldanib qolma, degandingiz. Baqqolingiz aldashni eplaydigan odam emas-ku, bir joyda mudrab o‘tiribdi. Qaytaga men uni bopladim, to‘rt-besh kilo ortiqcha yem oldim, sezgani ham yo‘q...
Dehqon bu odamning yuziga achinish bilan boqib, boshini sarak-sarak qilibdi:
-Men senga aytgandim-a, aldanib qolishdan ehtiyot bo‘l, degandim-a! Afsus...
Aslida sen aldanding! Arzimagan 4-5kilo yem uchun xayr-barakangni qo‘ldan boy berding, baqqolning gunohlarini o‘z yelkangga olib, do‘zaxni o‘zingga tayin qilib qo‘yding...
KO'P KO'RILGAN
9-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022
3-sinf yangi elektron darsliklar
17 sen, 2022
4-sinf yangi elektron darsliklar
19 sen, 2022