Hazilomuz hikoya


Qadim o‘tgan zamonda bir mamlakatning ajoyib shohi bo‘lgan ekan. Uning o‘zi yaxshi ekan-ku, lekin xalqini qiynab qo‘yadigan, odam yetti uxlab tushiga kirmaydigan antiqa farmonlar e'lon qilib qo‘yar ekan. Xullas kunlardan birida shoh farmon chiqaribdi, unga ko‘ra kim vafot esa, uning jasadi uyning eshigidan emas, derazadan chiqariladigan bo‘libdi. Uyning derazasi bo‘lsa-ku xo‘b-xo‘b, agar bo‘lmasa avval uydan deraza ochib, ana undan keyin jasadni chiqarishga to‘g‘ri kelib qolibdi. Qonunga amal qilmaganlar esa qattiq jazolanadigan bo‘libdi. Shohning bunday farmoni fuqaroni juda qiynab qo‘yibdi. Odamlarning shohga bo‘lgan nafratlari esa kundan-kunga oshib boraveribdi. Taqdir qazosi yetib shoh o‘lim to‘shagiga yotib qolibdi. Uzoq alahsirashdan keyin valiahdini chorlabdi. Unga o‘limi oldidan quyidagicha vasiyat qilibdi.

- O‘g‘lim, men uzoq vaqt xalqni o‘z farmonlarim bilan juda qiynadim. Shu bois ular mendan nafratlanib qoldi. Endi sen shunday qilginki, ular meni yaxshi ko‘rib qolishsin. Bu mening senga yagona va so‘nggi vasiyatim, - debdi va jon beribdi.

Shohni dafn qilishgach shahzoda taxtga o‘tiribdi. Xalq zulmkor shohdan xalos bo‘lishganidan bag‘oyat mamnun bo‘lishibdi. Otasini behad sevuvchi shahzodani esa g‘am bosibdi. Endi qanday qilib xalq otasini yaxshi ko‘rib qolishiga erishish mumkinligi haqida o‘yga tolibdi. Uzoq o‘ylabdi, o‘ylash bilan o‘tgan kunlar tunga, tunlar tongga ulanibdi. Oxiri saroydagi mirzasini chorlab yangi farmonini yozishni buyuribdi:

- Ertadan boshlab, barcha jasadlar faqatgina uyning mo‘risidan chiqarilsin! Farmon so‘zsiz ado etilsin, amal qilmaganlar qattiq jazolansin!

Reklama
Reklama