Kategoriya: Adabiyot

Hunar haqida maqollar


Xalqimiz hunarmandchilikka uzoq asrlardan buyon katta e'tibor qaratib kelgan. Hunarni ulug'lagan, hunarli kishiga chuqur hurmatda bo'lingan. Milliy hunarmandchiligimizga butun dunyo hayratda qolgan. Aqlli, fasohatli xalqimiz hunar borasida bir qancha yutuqlarga erishgan, qo'l mehnati bilan foydali va manfaatli ishlarni amalga oshirgan.



Aql ko'pga yetkazar,

Hunar — ko'kka.


Barakat — mag'izda,

Hunarli qo'l — og'izda.


Bir yigitga yetmish hunar oz.


Bir yigitga qirq hunar oz.


Bol tutgan barmog'ini yalar,

Hunari bor — ermagini.


Joni borning g'ami bor,

Kasbi-kori nomi bor.


Zehn qo'ysa, ong qo'nar,

Hunar ortsa, ish unar.


Yigit husni — hunar.


Kasb—kasb, tubi—nasib.


Kasbning yomoni yo'q.


Ota kasbi — davlat kasbi.


Ota hunari — bolaga meros.


Tekin boylik axtarguncha,

O'zingga bop hunar top.


Tikansiz gul bo'lmas,

Mashaqqatsiz — hunar.


Tikkan chevar emas,

Bichgan — chevar.


Usta,

ishni qilar puxta.


Usta ko'rmagan shogird

Har maqomga yo'ig'alar.


Ustadan shogird o'zar.


Ustani shogird sindirar,

Pistani — po'choq.


Chechanning — tili,

Chevarning — qo'li.


Chumchuq so'ysa ham, qassob so'ysin.


Shayxning hunari bo'lmasa, xonaqoh tang.


Shogird ustadan o'tmasa, ish yitar.


Shogirdiga tosh bergan tosh olar,

Bosh bergan bosh olar.


Shogirding oqil bo'lsa, boshingda toj,

Shogirding erka bo'lsa, boshga tayoq.


Shogirdning befarosati

Ustozni muttaham qilar.


Er yigit deb kim aytar,

Yovda yalov yiqmasa.


Chechanhgin kim maqtar,

Dovda uni chiqmasa.


Yuz tuman oltindan hunar yaxshi.


Yuz hunarni chala bilgandan

Bir hunarni to'la bil.


O'rganish — bir hunar,

O'rgatish — ikki hunar.


Qizning ko'rki — noz,

Yigitning ko'rki — hunar.


Qirsiz yer bo'lmas,

Hunarsiz — er.


Quyma aql bo'lmasa,

Turtma aql hech bo'lar.


Qunt bilan o'rgan hunar,

Hunardan rizqing unar.


Qo'yingni qassobga so'ydir,

O'likni murdasho'ga yuvdir.


Qo'yni qassob so'ysin,

Oshni oshpaz pishirsin.


Qo'li hunarsiz — non gadoyi.


Har ish o'z ustasidan qo'rqar.


Har ishning bir ustasi bor,

Har ustaning bir ustozi bor.


Har kasbning o'z gashti bor.


Har kimning ishi emas uloq ulamoq,

Madrasaga borib tuproq yalamoq.


Har kimning kasbi — o'ziga.


Har hunarning o'z siri bor,

Har ishning o'z yeri bor.


Hunar oshatar,

Mehnat yashnatar.


Hunar — bir, pardoz — qirq.


Hunar bo'lsa qo'lingda,

Non topilar yo'lingda.


Hunar — zar, hunarsiz — xar.


Hunar oshxo'rga osh berar,

Nonxo'rga — non.


Hunar — oqar buloq,

Ilm — yonar chiroq.


Hunar tagida hunar bor.


Hunar — tuganmas xazina.


Hunar to'yg'izar,

Ot mindirib, to'n kiygizar.


Hunar, hunardan unar.


Hunari borning oltin bilagi bor.


Hunari yo'q kishidan

Bigizi bor yamoqchi yaxshi.


Hunari yo'q kishining,

Mazasi yo'q ishining.


Hunari yo'q erkakdan ignasi bor xotin yaxshi.


Hunarli yigit — mevali daraxt.


Hunarli kishi och qolmas.


Hunarli moy oshar,

Hunarsiz loy oshar.


Hunarli er xor bo'lmas,

Do'st-dushmanga zor bo'lmas.


Hunarli o'lmas,

Hunarsiz kun ko'rmas.


Hunarlining hunari

Murodiga yetkazar.

Hunarsizning yurari

Qaro yerga yetkazar.


Hunarmandning noni — butun.


Hunarni o'rgan,

O'rganda, chiran.


Hunarni o'rganib qo'ysang,

Sendan osh-non tilamaydi.


Hunarsiz tezdan, hunarli xez yaxshi.


Hunarsizning qirqimi uzun,

Hunarlining — bichimi.


Reklama
Reklama