Kategoriya: Insholar
Insho. Cho'lponning Yorqinoy dramasi
CHO’LPONNING “YORQINOY” DRAMASI.
REJA:
Dramaning yozilish tarixi.
Dramada aks ettirilgan voqealar.
Asarning badiiy xususiyatlari.
BAYONI:
Cho’lponning dramaturgiya sohasidagi ilk asarlari 20-yillar arafasida maydonga kelgan bo’lsa-da, ular shuningdek, 1920-yilda yozilgan “Yorqinoy” dramasi ham kchik sahna asarlari edi. Shuning uchun ham Moskvadagi o’zbek drama studiyasida sahnalashtirish uchun mahalliy mavzudagi asarlarga ehtiyoj tug’ilganidan Cho’lpon mazkur pyesani qayta ishlab uni 1926-yilda kitob holida nashr etdi.
Pyesada Cho’lponning bag’ishlov so’zlari ilova etilgan: “Totli va boy tili bilan ertak aytib berib, shu asarning yozilishiga sabab bo’lgan KAMPIR ONAga hurmat bilan bag’ishlayman”.
Bu so’zlardan ma’lum bo’lishicha, “Yorqinoy” pyesasi zaminida Cho’lponning “kampir onasi”dan eshitgan xalq ertagi yotadi. Ayrim manbalrda esa “Yorqinoy” pyesasida Andijondagi Po’latxon qo’zg’oloni bilan bo’gliq voqealar aks ettirilgan, degan fikr ham mavjud. Bizningcha ham, Cho’lpon yoshligida “kampir onasi”dan Po’latxon qo’zg’oloni haqidagi ertaknamo voqeani eshitgan va mazkur asarni yaratishda shu ertak-voqeadan foydalangan bo’lishi mumkin.
O’lmas Botir ismli sarkardaning qarorgohida bog’bonlik qilgan Po’lat bilan uning Yorqinoy o’rtasida muhabbat shabadasi esa boshlaydi. Po’lat bu uyning oddiy xizmatkori, Yorqinoy esa xonzodalarga mos qayliq bo’lgani uchun bog’bon yigit o’z sevgisining baxtli natija bilan tugashi mumkinligiga ishonmay O’lmas Botir xonadonidan ketmoqchi bo’ladi. Shu payt Po’latni Yorqinoy bilan tanholikda uchratib qolgan Botir uni benomuslikda, ko’rnamaklikda ayblaydi. Yorqinoyni ham or-nomusni unutib, faqir bir xizmatkor bilan uchrashgani uchun o’ldirishga tayyor ekanligini aytadi. Yorqinoy esa haq yo’lida o’limga ham tayyor.
O’lmas Botir va unga o’xshash kimsalar uchun haq ikki xil bo’lgan: o’zlari uchun va o’zgalar uchun. O’zlari uchun mavjud bo’lgan haq uni o’zining yolg’iz qizini jazolashga imkon bermaydi, lekin o’zgalar uchun haq tushunchasi uni shu lahzaning o’zida Po’latni qatl etish uchun yo’l ochadi. Ana shunday e’tiqod bilan yashagan O’lmas Botirning halol inson emas, balki zolim va qonxo’r sarkarda ekanligi ma’lum bo’ladi. U bilan ilk bor to’qnashgan va yuzma-yuz olishishga majbur bo’lgan Po’lat o’zining va otasining kim ekanligini undan so’rab bilmoqchi, o’z ajdodlarining taqdiri to’g’risida xabar topmoqchi bo’ladi. Lekin kutilmaganda bu narsa O’lmas Botirning eng dahshatli siri ekanligi oshkor bo’lib qoladi.
Agar biz Cho’lpon ijodi va ijtimoy faoliyatining negiz-negiziga nazar tashlasak, uning uchun faqat bir sajdagoh bor ekanligini ko’ramiz. Bu xalqdir. Xalq qayerda bo’lsa, haq ham o’sha yerda bo’ladi. Shuning uchun ham Cho’lpon otasi orzu qilgan mudarrislik kasbini tanlamay, o’zini xalq baxt-saodati yo’lida mashaqqat va azoblar bilan to’la kurashga bag’ishlagan edi. Yorqinoyning ham “hunari go’rkovnikidan ham yomon” otasidan voz kechib, Po’lat sarkardasi bo’lgan xalq bag’riga otilishida Cho’lpon tushungan hayot ma’nosi yotadi.
Yorqinoy Po’latga ruhan yaqin bo’lgani, uni nafaqat or-nomusli, irodali yigit, balki haqiqat yo’lida kurashga tayyor bo’lgani uchun ham sevadi. Yorqinoy otasining qonli ishlaridan xabardor bo’lgach, undan voz kechib, Po’lat olib borgan kurashga qo’shiladiki, biz uning vujudida To’marisning qoni jo’sh urib turganiga ishonch hosil qilamiz.
Po’lat o’z do’stlari – qashshoq xalq vakillari bilan birga hamda yoshlikdan jangovarlik an’analari asosida tarbiya ko’rgan Yorqinoy yordamida xon qo’shinlarini yengib, saltanat tepasiga keladi. Ammo Yorqinoy uchun toju taxt emas, uni sevuvchi, unga butun hayotini bag’ishlovchi Po’lat kerak edi. U Po’latning saltanat ishlaridan ortgan daqiqalarinigina huzurida, yana horigan holda o’tkazayotganini ko’rib g’azablanadi, toju taxtdan ham nafratlanib ketadi. Shunda Po’lat Yorqinoyga bunday javob beradi: “Toju taxt… toju taxtning orqasida yurt bor, el bor, xalq bor… uni o’ylash kerak… uning g’amini yeyish kerak…”
Bu alangali so’zlar asarda tasvirlangan voqealardan kelib chiquvchi mantiqiy xulosadir. Ko’ramizki, Cho’lpon ushbu asarida xalq – qahramonlik dostonlari an’analaridan istifoda etgan holda zamonaviy muhim g’oya bilan sug’orilgan asarni yaratgan.
Tayanch iboralar:
Dramaturgiya, pyesa, sahnalashritirish, obraz, dialog, monolog, dramatik lavha, voqea, xalq qahramonlik dostonlari,toj-taxt,g’oya.
Savol va topshiriqlar:
“Yorqinoy”dramasining yaratilish tarixi haqida nimalarni bilasiz?
Po’lat va Yorqinoy obrazlarini tasvirlab bering.
Po’lat kim bo’lib ishlar edi?
U O’lmas Botirdan nega otasi haqida so’raydi?
Nega Po’lat Yorqinoyni sevgani holda mamlakatga rahbar bo’lgach undan uzoqlashgandek bo’ladi?
“Yorqinoy” pyesasi asosida kichik sahna asari tayyorlang.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
Cho’lpon “Yorqinoy” dramasi
KO'P KO'RILGAN
3-sinf yangi elektron darsliklar
17 sen, 2022
7-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022
9-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022