Kategoriya: Insholar

Insho. Oybekning Navoiy romani


OYBEKNING “NAVOIY” ROMANI.

Reja:

Asarning yozilish tarixi.

Romanning asosiy g’oyasi.

Asardagi tarixiy shaxslar.

Alisher Navoiy va Husayn Boyqaro o’rtasidagi munosabatlar.

Romanning badiiy xususiyatlari.


BAYONI:

Oybek Navoiy hayoti va ijodi bilan 30-yillar arafasida faol qiziqa boshladi. U shu yillarda Yazdiy, Koshifiy, Qazviniy, Muhammad Tolib, Abdurazzoq Samarqandiy, Vosifiy, Mirxond singari tarixchi olimlarning asarlarini qunt bilan o’rganishga kirishdi, lekin 20-yillar oxiri – 30-yillarda o’zbek adabiyotida avj olgan noto’g’ri qarashlar tufayli Oybekka ham qator ayblar qo’yildi.

Oybek, bir tomoni, o’ziga qo’yilgan aybdan xalos bo’lish uchun “Qutlug’ qon” romaniga oddiy kambag’al xalq vakilini bosh qahramon sifatida tanladi. Lekin romanda tasvir etilgan voqealar mantiqi shuni ko’rsatdiki, yo’lchilar tarixning burilish nuqtalarida xalq ommasiga rahbarlik ham qilaolmaydilar, ta’sir ham o’tkaza bilmaydilar. Qolaversa, 30-yillarda oddiy ishchilar va dehqonlar orasidan yetishib chiqqan davlat va mamlakat rahbarlari ham mustabit markaz oldida na el-yurt manfaatini, na o’zlarini himoya qilaolmaydilar. Shuning uchun Oybek xalqqa ham, adabiyotga ham Navoiy singari daholar kerak degan xulosaga keldi.

“Qutlug’ qon romani” hali chop etilmay turib Oybek 1940-yil 6-yanvarda “Navoiy” romani ustida ish boshlab yubordi va uni 1942-yilning qish oylarida tugatdi. Roman turli muhokamalardan o’tib, 1944-yilda nashr etildi.

O’zbek xalqi tarixida XIV-XV asrlar alohida o’rinni egallaydi. Amir Temurning tarix sahnasiga chiqishi bilan yangi va qudratli o’zbek davlatchiligiga asos soladi. Sharqning hozirga qadar iftixori bo’lib kelgan mahobatli inshootlar – me’moriy obidalar bino etildi. Adabiyot, san’at va fan keng taraqqiy etdi. Ana shu taraqqiyotning timsoli va natijasi sifatida Alisher Navoiyning buyuk asarlari yaratildi. Navoiy faqat buyuk shoir bo’libgina qolmay XV asrning ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy, ma’rifiy hayotiga ham katta ta’sir o’tkazdi.

Ayrim tarixchilarda agar Husayn Boyqaro bo’lmaganida Navoiy shoir sifatida bunday yuksaklikka erishmagan bo’lardi degan fikr bor. Ehtimol, bu fikrda haqiqat urug’lari yo’q emasdir. Ammo eng muhimi shundaki, agar Navoiy boo’lmaganida Husayn Boyqaro ham davlatni va avom (xalq)ni idora etishda bu darajada muvaffaqiyat qozonmagan Husayn Boyqaroning o’zi ham, xalq ham, davlat ham allaqachonlar ichki nizolar va urushlarning qurboni bo’lgani bo’lardi. Shu so’zlarning o’zidanoq roman markazida Navoiy va Husayn Boyqaro obrazlari turishi yaqqol ko’rinib turibdi. Shubhasiz, Oybekning asosiy maqsadi Navoiyning ulug’ inson, shoir va davlat arbobi sifatidagi obrazini yaratishdir. Oybekning talqinicha, Navoiy siymosining ana shu uchala qirrasini o’zaro birlashtirib turadigan “magnit maydoni” uning insonparvarligidir. Oybek Navoiyning insonparvar shoir va davlat arbobi sifatidagi obrazini yaratish uchun asarga tarixiy shaxslar obrazi bilan birga badiiy to’qima obrazlarni ham kiritgan. Bular, birnchi navbatda, Navoiyning shogirdi Sultonmurod, uning do’sti Arslonqul va uning sevgilisi Dildordir. Bular roman voqealaridan oddiy xalq vakillari sifatida ishtirok etib Navoiyning ulug’ inson, shoir va davlat arbobi sifatidagi obrazini ochishga ko’maklashadi. Husayn Boyqaro, Jomiy, Behzod, Nizomulmulk, Majididdin singari o’nlab qahramonlar esa Oybek asariga to’ppa-to’g’ri tarix sahifalaridan kirib kelgan. Oybek bu qahramonlar obrazini yaratishda tarix haqiqatiga suyangan.

Shoir va tarjimon A.Naumovning yozishicha, Oybek u bilan suhbatida “Navoiy” romanining yaratilish tarixi haiqda so’zlab, unga: “Yozishdan avval men qahramonlarimni aniq tayin ko’rganman, ular, mening xayolimda, bir paytlar tarix shudgoriga tashlangan urug’dan o’sib chiqqandek edilar”, - degan ekan.

Adibning bu fikri nafaqat tarixiy shaxslar, balki to’qima obrazlarga ham taalluqlidir.

O’sha suhbatdoshning yozishicha, Oybek unga yana bunday so’zlarni aytgan: “Mening stolim ustida o’rta asrlardagi Hirotning o’zim chizgan xaritasi yotardi. Men Hirotda uyqu og’ushiga ketib, Hirotda uyg’onar edim, faqat kechalarigina men yashayotgan Toshkent tushimga kirardi”.

Oybekning bu so’zlari uning roman yozishga jiddiy tayyorgarlik bilan kirishgani, asar konfliktini tashkil etuvchi kuchlar va bu kuchlarning vakili bo’lgan shaxslarni aniq-tayin tasavvur etganidan guvohlik beradi.

Roman XV asrdagi Movarounnahr hayotidan olingan. Bu hol adibning shu davrdagi tarixiy sharoitni, Navoiy va Husayn Boyqaro, Navoiy va Jomiy, Navoiy va xalq o’rtasidagi munosabatlarni badiiy mujassamlashtirishni taqozo qilgan, albatta. Oybek shu mavzularni badiiy yoritish jarayonida Navoiy obrazining eng muhim qirralarini ochishga intilgan.

“Inson barcha maxluqotlarning tojidir. U sharafli, sof, go’zal yashamog’i kerak” – Navoiyning shoir va davlat arbobi sifatida butun faoliyati shu narsani amalga oshirishga qaratilgan. Bu, Navoiy yashagan davr uchun, hatto undan keyingi davrlar uchun ham bir utopiya, xayoldir. Shu ma’noda Navoiy – xayolparast. Bunday oily g’oyalar, oily maqsadlar faqat xayolparastlarning ko’nglida, shuuridagina tug’iladi.

Husayn Boyqaro – Amir Temurning munosib avlodi. U qilich tutishni ham, mamlakatni idora qilishni ham, hatto g’azal yozishni ham yaxshi bilardi. Lekin u, romanda aytilganidek, “qilichdan ko’ra mayga, jang maydonlaridan ko’ra chaman bog’larda tuzilgan sho’x bazmlarga moyil”. Sharq podsholariga xos bo’lgan ana shu xislat bilan xalqning “sharafli, sof, go’zal” yashashi haqidagi Navoiyning orzu-istaklari o’rtasida tubsiz bir jarlik bor.

Navoiy Husayn Boyqaroni bolalik kezlaridan boshlab yaxshi bilgani uchun unga ishonadi; uni eng odil, aql-zakovatli, davlatpanoh va xalqparvar temuriy podsholardan biri, deb biladi. Yana shuni ham yaxshi biladiki, Husayn Boyqaroning atrofida uning zaif tomonlaridan o’z maqsadlari yo’lida foydalanadigan, uni chalg’itadigan , hatto o’zi bilan podsho o’rtasidagi iliq munosabatlarga soya taashlaydigan kimsalar oz emas. Afsuski, Sulton Hysayn podsho bo’lsa-da, Ollohning “xom sut ichgan” bandalaridan biri bo’lgani uchun ba’zan xushomadgo’ylar-u ig’vogarlarning zo’r mahorat bilan to’qigan to’ridan chiqa olmaydi. Xazinani to’ldirish muammosi unga xalq dard-u tashvishlaridan ko’ra muhimroq bo’lib tuyuladi.

Navoiy saroydagi xudbin va ig’vogar kimsalar tufayli Husayn Boyqaro bilan uning farzandlari o’rtasida chiqqan nizolarni, dastavval, xalq va davlat manfaatidan kelib chiqib bartaraf etgan. U ota bilan farzand o’rtasida sulh o’rnatish uchun Badiuzzamon huzuriga borganida, shahzoda o’g’lining xoinlarcha o’ldirilgani tufayli sulhga rozi bo’lmagan.

Oybek asarda ezgulik bilan yomonlik mavzusini turli taqdirlar va voqealar tasviri orqali yoritar ekan, yomonlik jazolanmay qolmaydi, degan qat’iy e’tiqodidan kelib chiqib, Majididdinning ham, Nizomullmulkning ham, To’g’onbekning ham sharmandali o’lim topganini bo’rttirib tasvirlaydi. To’g’ri, adib romandagi asosiy ijobiy qahramonlardan biri Arslonqulning ham vafotini chetlab o’tmagan. Ammo uning yurt mudofaasi paytidagi o’limi asl qahramonning, vatanparvarning o’limi bo’lsa, To’g’onbeklarning o’limi itlarning o’limi edi.

Oybek bu razil insonlar hayotining fojiali yakun topganini avlodlarga ibrat bo’lsin degan maqsadda: “Itga – it o’limi”, degan xalq hikmatining asossiz emasligini ko’rsatish uchun atayin tasvirlangan.

Navoiy temuriylar sulolasi hukmronlik qilgan tarixiy davrda yashab, ijod etdi. Temur va temuriylar tufayli laxtak-laxtak bo’lib yashayotgan turkiy qabilalar birlashib, qudratli va bepoyon o’zbek davlati vujudga keldi. Yuqorida aytib o’[tilganidek, xuddi shu davrda fan, adabiyot va san’at o’zining yuksak cho’qqisiga ko’tarildi. Me’morchilik va hunarmandchilik mislsiz darajada taraqqiy etdi. Ammo Amir Temur vafotidan keyin qudratli o’zbek davlati parchalanib, shahzodalar o’rtasidagi urush va nizolar avj oldi. Oybek o’zbek xalqi tarixining shu murakkab va faromush davrlarini ko’z oldiga keltirgan holda Navoiy tili bilan Badiuzzamonga bunday deydi: “Men aminmanki, siz jaholat tig’ini sindirmasangiz, birodarlaringiz nomussizlik botqog’iga kun sayin chuqurroq botaversalar, bu muborak yurtda hayot o’chog’i sovirilur”. Oybekning bu so’zlarni Navoiy tili bilan aytishdan yoki bu so’zlarni Navoiyga ayttirishdan maqsadi o’zbek yurtining XV asrdan boshlangan va asrlar mobaynida davom etgan o’zaro urushlar natijasida XIX asrning 60-yillariga kelib, Rossiya tomonidan osongina bosib olingani va mustamlakaga aylanganini aytishdir.

Xullas, Oybek romanda Navoiy siymosi va u yashagan tarixiy davrni tasvirlash orqali zamondoshlarini o’tmishdagi achchiq voqealardan saboq, xalq va vatan manfaati yo’lida yashab, ijod qilgan ulug’ siymolar va ularning ajoyib fazilatlaridan esa ibrat olishga chaqiradiki, xuddi shu narsada asarning ma’rifiy va tarbiyaviy ahamiyati yotadi.

Shunday qilib, romanda, bir tomondan, Navoiy – Boyqaro – Jomiy – Sultonmurod – Xalq, ikkinchi tomondan esa, Arslonqul – Dildor sujet chiziqlari tasvirlanadi. Adib bu har ikkala sujet chizig’ini shunday ustalik bilan birlashtirib yuborganki, kitobxon ularni yaxlit badiiy qatlam sifatida ijro etadi.

Xullas, Oybek ulug’ o’zbek shoiriga bag’ishlangan romanini shunday shohi ipaklar bilan tikkanki, bunda adibining tanlangan mavzu va qahramonga bo’lgan muhabbati yaqqol sezilib turadi.

“Biz o’z muhabbatimiz bilan narsalarga go’zallik bag’ishlaymiz”, degan edi mashhur fransuz yozuvchisi Anatol Frans.

Oybek ham Navoiyga nisbatan tuygan ulkan hurmati va muhabbati bilan buyuk shoir siymosiga va umuman, u haqdagi romanga ajib bir go’zallik bag’ishladi.

Reklama
Reklama