Kategoriya: Hikoyalar

Loqaydlikni yengishni bugundan boshlaylik


LOQAYDLIKNI YENGIB, DANGASALIKNI CHETGA SURISHGA BUGUNDAN KIRISHAYLIK!

Nega biz loqayd bo‘lib ketyabmiz? Qachon shu darajaga tushib qoldik? Bunga nimalar yoki kimlar sabab? Judayam ko‘p narsalarga bee'tibor bo‘lib boryapmiz.

Masalan, qo‘shnimizning bo‘yiga yetgan qizini oldiga begona yigitlar kelyabdi, indamaymiz.

Tanishimizning voyaga yetmagan o‘g‘li sigaret, nos chekyapti yana allambalo ishlar bilan band, biz esa jimmiz.

Katta ko‘chada ikki kishi janjallashib, mushtlashyabdi, ajratishni o‘rniga telefonda videoga olamiz yoki tirjaygancha tomosha qilamiz. Yaqin qarindoshimizdan xabar olmaganimizga oylar bo‘ldi. Katta ko‘chaga qaragan devorimiz oqlanmaganiga yillar bo‘ldi. Hashar haqida gapirmasayam bo‘ladi. Biror kishiga, hashar qilaylik (masalan qabristonni obod qilaylik) desangiz, "boshqa ishim yo‘qmi" yoki "oyligini olib turganlar ishlasin", degan javobni eshitasiz.

Katta Farg‘ona kanalini bizning ota-bobolarimiz kavlashgan. Bundan 80 yil oldin 160 000 kishi, qo‘lida ketmoni bilan chiqib, 350 km. uzunligidagi kanalni qazishgan. Texnika vositalari ham bo‘lgan, lekin tasavvur qiling, BIR YUZ OLTMISh MING kishi 45 kun davomida tinmay ishlashgan...ularga hech kim oylik to‘lamagan, tushlik tayyorlab bermagan, ularni boshqa ishlariyam ko‘p bo‘lgan.

Biz kanal qazish tugul mehmon kutish arafasi turgan shahrimiz ko‘chalarini aytarli bezata olganimiz yo‘q. Na ko‘chaga qaragan devorimizi oqlay deyapmiz, na eshigimizi tagini tozalaymiz va na gulzorimizga gul ekay deyapmiz...

Bir so‘z bilan aytganda atrofimizdagi ishlarga loqaydmiz, befarqmiz, tepsa tebranmas dangasamiz!

Loqaydlikni chetga surib, dangasalikni bugun yengmasak befarqlikdan qachon qutulamiz...

Muallif: Latif Xamedov

Reklama
Reklama