Kategoriya: Adabiyot

Mehmondo'stlik haqida o'zbek xalq maqollari


Kelish mehmondan, ketish mezbondan.


Kelmoq ixtiyor bilan,

Ketmoq ijozat bilan.


Mezbon borini qo'ysa,

Mehmon ozga sanamas.


Mehmon — aziz, mezbon — laziz.


Mehmon — atoyi xudo.


Mehmon izzatda,

Mezbon xizmatda.


Mehmon kelar eshikdan,

Rizqi kelar teshikdan.


Mehmon kelgan uy — barakali.


Mehmon kelgan uyning chirog'i ravshan.


Mehmon kelsa, pastga tush,

Palov bermoq ahdga tush.


Mehmon kelsa uchtakkina,

Uchib ketsa qushdakkina.


Mehmon kelsa, et pishar,

Et bo'lmasa, bet pishar.


Mehmon ko'rki — dasturxon.


Mehmon — otangdan ulug'.


Mehmon so'rab yemas.


Mehmonning ketishini so'rama,

Kelishini so'ra.


Mehmonning oldida mushugingni pisht dema.


Mehmonxonang tor bo'lsa ham,

Mehri-diling keng bo'lsin.


Oyda kelganga — oyoq,

Kunda kelganga — tayoq.


Ochiq yuz — oshdan shirin.


Osh — mehmon bilan aziz.


Supurilmagan uyga mehmon kelar.


Suhbat sevmagan tegirmon qurdirar,

Mehmon sevmagan bolasini urar.


Chaqirilmagan qo'noq —

Yo'nilmagan tayoq.


Shirin choying bo'lmasa,

Shirin tiling bo'lsin.


Shirin oshing bo'lmasin,

Shirin so'zing bo'lsin.


Yuzta siz-bizdan,

Bitta jiz-biz yaxshi.


O'zi kelgan mehmon — atoyi xudo,

Chaqirib kelgan mehmon — gadoyi xudo.


Qo'nguncha qo'noq uyalar,

Qo'ngandan keyin — uy egasi.


Qo'noqqa osh ber, otiga — yem.



Reklama
Reklama