Kategoriya: Maqolalar
«Mening eng yaxshi o‘qituvchim siz bo‘lasiz» ibratli hikoya
O‘quv yilining ilk kuni. Sinf rahbari xonaga kirib bolalar bilan salomlashdi. "Sizlarning hammangizni yaxshi ko‘raman, yana ko‘rishib turganimdan xursandman", dedi. Biroq orqa qatordagi partada o‘tirgan o‘zi umuman yoqtirmaydigan bolaga ko‘zi tushdi-yu, eski xotiralari qayta jonlandi. O‘qituvchi u bilan ham boshqalar kabi o‘tgan o‘quv yilining boshida tanishgandi. O'shandayoq bolaning boshqalarga qo‘shilmasligi, o‘ynab-kulmasligi, kir-chir kiyimlaridan noxush hid kelishini payqagandi. Vaqt o‘tgani sayin o‘qituvchi uni shu qadar yomon ko‘rib qoldiki, gohida yozuvlarini qip-qizilga bo‘yab, «bir» baho qo‘ygisi kelardi. Bir kuni maktab direktori sinf rahbariga o‘quvchilarning tarjimai hollarini bir-bir ko‘zdan kechirib, hujjatlarning kamchiliklarini to‘ldirishini buyurdi. O‘qituvchi yomon ko‘rgan o‘quvchisining hujjatlarini eng oxirida xohlamaygina qo‘liga oldi. Ishtiyoqsiz o‘qiy boshladi.
1-sinfdagi o‘qituvchi bunday yozgandi: "U doimo kulib turadigan ajoyib o‘quvchi. Uy vazifalarini tartibli bajaradi".
2-sinf o‘qituvchisi: «O‘rtoqlarining hurmatini qozongan iqtidorli o‘quvchi. Biroq uyida muammosi bor. Onasi og‘ir dardga yo‘liqqan», - degandi.
3-sinf o‘qituvchisi esa bunday belgilab qo‘ygandi: "Onasining o‘limi unga qattiq zarba bo‘ldi. Shunga qaramay, u o‘qishga bor kuchi bilan harakat qilyapti. Afsus, otasi u bilan qiziqayotgani yo‘q. Biror chora ko‘rilmasa, bu hol o‘qishiga ham salbiy ta'sir qilishi mumkin".
4-sinf o‘qituvchisining yozganlari: "Bola ma'suliyatsiz, o‘qishga qiziqmaydi. Do‘stlari ham yo‘q. Dars paytida uxlab qoladi". Yozuvlarni o‘qib bo‘lgach, o‘qituvchi o‘z hissiyotlaridan, aniqrog‘i o‘quvchiga nisbatan asossiz nafratidan uyalib ketdi.
Eng yaxshi o'qituvchi o‘qitishda davom etdi, yangi yil keldi. Barcha o‘quvchilari sinf rahbariga yaltiroq qog‘ozlarga chiroyli qilib o‘ralgan sovg‘alar olib kelishdi. Yoqtirmagan o‘quvchisining sovg‘asi qo‘pol karton qog‘ozga o‘ralgan edi. O‘qituvchi uni ochib, toshlari to‘qilgan bilaguzuk va ozginagina atiri bor shishacha chiqargandi, bolalar kulib yuborishdi. Biroq o‘qituvchi: "Qanday chiroyli bilaguzuk", deya kulgini to‘xtatdi. Atirdan sepdi. Shu kuni bola darsdan keyin hamma ketishini kutib turdi, kelib o‘qituvchisiga: "Sizdan onamning hidi kelayapti", dedi. Bolani kuzatib o‘qituvchi uzoq yig‘ladi.
Shu kundan boshlab o‘qituvchi faqat o‘z fanidan dars beribgina qolmay, bolalarga mehribonchilik, hamdardlikdan saboq bera boshladi. Sinf o‘quvchilari orasida o‘zaro yaqinlik, bir-biri uchun qayg‘urish ortib borayotganini his qildi. Eng quvonarlisi, o‘quv yili oxiriga kelib haligi bola sinfdagi yaxshi o‘qiydiganlar, faollar qatoriga qo‘shildi. "Barchangizni birdek yaxshi ko‘raman", deyishiga qaramay, o‘qituvchi endi uni ko‘proq yaxshi ko‘rar, ko‘proq qadrlardi.
Bir yildan keyin o‘quvchilari bilan xayrlashdi. Boshqa o‘quvchilarga dars bera boshladi. Shunda sinf eshigiga qistirib ketilgan maktubcha topib oldi. Xatda bola: "Mening eng yaxshi o‘qituvchim siz bo‘lasiz", deb yozgandi.
Oradan besh yil o‘tib, ikkinchi maktubni oldi. Bola kollejni tamomlaganini, reyting bo‘yicha sinfda uchinchi o‘rinni egallaganini aytib, "Hali ham eng yaxshi o‘qituvchimsiz", degan so‘zlarning tagiga chizib qo‘ygandi.
To‘rt yil keyin o‘quvchi universitetni yaxshi baholar 6ilan tugatayotganini; yana to‘rt yil o‘tib universitetni tugatgandan keyin yana bilimini oshirishga qaror qilganiyu xozir uning ism-familiyasi yonida "doktor" degan unvon borligini yozgan... xatlarni "eng yaxshi ko‘rgan o‘qituvchimga" deb boshlagandi.
Vaqt o‘taverdi. Bir kuni keksa o‘qituvchini sobiq o‘quvchi yo‘qlab keldi, uylanmoqchiligini aytdi. Otasi ham olamdan o‘tgan ekan. "To‘yda onam o‘rnida o‘tirolmaysizmi?" deb iltimos qildi. O‘qituvchi rozi bo‘ldi. O‘quvchisi sovg‘a qilgan o‘sha bilaguzukka toshlar qo‘ydirib, to‘yga taqib bordi. Bolaga onasini eslatgan atirdan sotib oldi. Ko‘rishishganda o‘quvchi o‘ziga qadrdon hidni sezdi.
- Menga ishonganingiz uchun, mehru muhabbatingiz uchun rahmat. Uquvchisining bu dil e'tirofidan o‘qituvchining ko‘zi yoshga to‘ldi:
- Bu fazilatlar menga sen tufayli nasib etdi. Aslida,seni uchratmagunimcha bolalarga qanday ta'lim berish kerakligini bilmagan ekanman... O‘qituvchi o‘z farzandidek bo‘lib qolgan kuyov yigit yonidagi suluv kelinchakka bilaguzukni taqib qo‘ydi.
KO'P KO'RILGAN
3-sinf yangi elektron darsliklar
17 sen, 2022
7-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022
9-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022