Kategoriya: Maqolalar

Odamdan yaxshilik qolur. Hayotiy voqea


..#Hayotiy_voqea...  


Ota onamdan 5 qiz yetim qoldik.

Kattamiz 15 yosh eng kichigimiz 2 yosh. Beshta qiz bir kunda ham otadan ham onadan ayrilib chirqillab, katta hovlida huvullab qoldik. Qarindoshlarimiz viloyatda yashashardi, poytaxtda o‘zimiz edik, katta opam 4 ta singilni bag‘rilariga bosib hech kimga bermay, yetimlar uchun beriladigan nafaqani avaylab ishlatib bizni katta qila boshladilar. 

Singillarningni yetimhonaga ber, katta qiberishadi deganlaram bo‘ldi, ikkita kichkina singillarimizni farzandlikka so‘raganlar ham bo‘ldi. Opam kunmadilar. "Ota onamdan yodgorlarim, ayrilmaymiz" deb biz uchun tikuvchilik qilib, asta sekin ro‘zg‘or tebrata boshladilar. Onaning mehriga zor bo‘lib yig‘lasak, opam ovutardilar, kechasi hammamizni bag‘rilariga bosib uxlatardilar.

Opam 17 ga kirganda sovchilar kela boshladi, opam uyga ham kirgizmasdilar. Erga tegmayman, singillarimni katta qilishim kerak, o‘qitishim kerak" deb javob berardilar. Bir kuni holam bilan bir yigit uyimizga mehmon bo‘lib kelishdi, ancha o‘tirib gaplashishdi opam bilan, opam rosa yig‘ladi. Biz xayronmiz. 

Ular ketgandan keyin opam holam sovchi bo‘lib kelganlarini aytdilar, yigit ham yetim bo‘lib, opamni daraklashgan ekan, holam ham u yigit yaxshiligini bilganlari uchun sovchi bulib kelishga rozi bo‘lgan ekanlar. Xullas, kichkina to‘y bo‘ldi. Pochcham biz bilan yashay boshladilar. 

Hovlimizga fayz kirdi, devorlar xonalar oqlandi, darvozalar bo‘yaldi, hovlimizga daraxtlar ekilib hammayok ortiqcha narsadan tozalandi. Pochchamdan avvaliga xadiksirardik, tortinardik. Lekin Allohim chevar ekan, otamiz o‘rniga ota bo‘lib keldi hayotimizga shu inson. 

Mehribonligi, ochiqko‘ngilligi bilan hammamizni mehrimizni qozondilar. Ishdan kelsalar 4 ta qiz duv etib yuguramiz, qo‘llarida biz uchun doim qurt, saqich, konfet bo‘ladi. Kichkina singlim 4 yosh, yig‘lasak ovutib, ko‘nglimizni ko‘tarib, xazillashib ko‘p kuldirar, tashvishimiz ham yetimligimiz xam esimizdan chiqib ketardi. Opam ishlamas, 6 jonni yeb ichishi shu 24 yoshli pochchamning bo‘ynida edi, lekin bir marta minnat qilganlarini, obergan narsalarini gapirganlarini eshitmaganman. 

Birin ketin opam farzandli bo‘ldilar, ikkita o‘g‘il jiyanlarim tug‘ildi. Lekin pochchamning mehri bizga bo‘linmadi, avvalgidek mehribon g‘amxo‘r edilar. Kiyim kechagimiz, kasal bo‘lsak dori darmonimiz, maktab xarajatlari hammasi shu Fozil pochchamizning buynilarida edi. Beshta yetimning ko‘ngliga qaradilar, opamni biror marta xafa qilmadilar, bizni o‘qitib, xunarli qilib, ota bo‘lib o‘zlari yaxshi joylarga uzattilar. 

To‘rtta qizni sepi va to‘yi birovlardan kam bo‘lmadi. Ota bo‘lib duo qilib, peshonamizdan o‘pib kuyov qo‘liga topshirdilar hammamizni. Qizlik uyimizga mehmon bo‘lib kelsak, o‘choqlarda osh qilib kutib olardilar, xovlimizda pishgan uzum, anjir, giloslarni shu qizlarni haqqi deb chelak chelak ilinib olib kelardilar. 

Biror marta bizni chertmadilar, ko‘ngilmizni og‘ritmadilar. Hozir hammamiz oilali, ishli, uy joylikmiz. O‘zimizdan tindik. Boshimizni silagan, yetimligimizni bildirmagan pochcham 63 yoshida, xoji ota maqomida dunyodan o‘tdilar. Beshta qiz dod solib yig‘ladik, duo qildik, haqlariga har kuni tilovatdamiz. 

O‘zlaridan keyin 4 farzand, 12 ta nevara, katta jannatdek hovli qoldi....  Hozir puli ko‘paysa maishat qilib, xotin ustiga xotin olib, o‘z farzandlariga zulm qilayotganlarni ko‘rsam, ko‘z oldimga mehribon pochcham keladilar. Beshta yetim qizni boshini silagan, o‘qitib, xunarli qilib uzatgan pochchamni eslayman. Shunaka insonlar ko‘paysin...🤲

#telegrammdan

Reklama
Reklama